Jahon | 10:08 / 14.05.2017
19906
4 daqiqa o‘qiladi

Pekinda «Bir makon, bir yo‘l» forumi ochildi

Foto: Sinxua

Xitoy poytaxti Pekin shahrida xalqaro hamkorlik bo‘yicha «Bir makon, bir yo‘l» strategiyasi doirasidagi oliy darajadagi forum ochildi.

Unda jami 29 davlat rahbarlari ishtirok etmoqda: Xitoy, O‘zbekiston, Argentina, Belarus, Chili, Chexiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Filippin, Rossiya, Shveytsariya, Turkiya, Vetnam prezidentlari, Kamboja, Efiopiya, Fiji, Yunoniston, Vengriya, Italiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston bosh vazirlari, Myanma davlat kotibi, shuningdek, Pokiston, Polsha, Serbiya, Ispaniya, Shri-Lanka bosh vazirlari.

Bundan tashqari, forumda AQSh, Janubiy Koreya, KXDR, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya vakillari, BMT bosh kotibi, Xalqaro valyuta fondi bosh direktori hamda Jahon banki prezidenti qatnashmoqda. Forumning jami ishtirokchilari va mehmonlari soni 130dan ortiq davlatdan kelgan 1,5 ming kishini tashkil qilmoqda.

Forumning birinchi kunida ochilish marosimidan tashqari yalpi yig‘ilish ham o‘tkaziladi va unda 6ta parallel mavzu muhokama qilinadi.

Ikkinchi kunda esa davlat rahbarlarining alohida uchrashuvlari o‘tkaziladi. Shuningdek, rahbarlarning birgalikda suratga tushish marosimi hamda ishchi tushlik o‘tkaziladi.

Forum yakunida XXR raisi Si Jingpin chiqish qiladi.

Forum konsepsiyasi ilk bor XXR raisi Si Jinping 2013 yilning kuzida Markaziy Osiyo davlatlari va Indoneziyaga tashrif buyurganda ochiqlangan edi. «Bir makon, bir yo‘l»ni barpo etish Xitoyning yangi hukumati oldiga qo‘yilgan muhim masalalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. O‘shanda XXR tashqi ishlar vaziri Vang Yi bu tashabbusni amalga oshirish 2015 yilda XXR tashqi siyosiy faoliyatining «fokusi»ga aylanishi aytib o‘tgan edi.

Xitoy tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbusning mohiyati — Xitoy ishtirokidagi mavjud mintaqaviy ikki tomonlama va ko‘ptomonlama mexanizmlar va o‘zaro ta'sir strukturalarini mustahkamlagan holda, xalqaro hamkorlik va taraqqiyotning yangi modelini izlab topish, shakllantirish va ilgari surishni nazarda tutadi. Qadimiy Ipak yo‘li ruhiyatini rivojlantirish va davom ettirish asnosida «Bir makon, bir yo‘l» mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, jalb etilgan davlatlarning iqtisodiy ravnaq topishini rag‘batlantirish, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi turli sohalardagi madaniy ayriboshlash va aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, tinchlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish yotadi.

Xitoyning rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, «Bir makon, bir yo‘l» rivojlanayotgan davlatlar, jumladan, yangi iqtisodiyotlar va rivojlangan davlatlardan iborat Yevroosiyo materigining katta qismini qamrab oladi. Megaloyiha hududida juda boy resurslar zaxiralari bor, bu yerda Yer kurrasining 63 foiz aholisi istiqomat qiladi, taxmin qilinayotgan iqtisodiy miqyos esa 21 trillion AQSh dollariga teng.

Mavzuga oid