O‘zbekiston | 18:20 / 15.05.2017
80224
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Pekinda davlat rahbarlari yig‘ilishida nimalarni gapirdi?

Foto: O‘zA

15 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Bir makon — bir yo‘l» xalqaro forumi doirasida o‘tkazilgan davra suhbati uchrashuvda nutq so‘zladi. Prezident o‘z nutqida «Bir makon — bir yo‘l» konsepsiyasini aniq dastur va loyihalar bilan to‘ldirish muhimligiga urg‘u qaratdi. Davlat rahbari so‘zlari prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

«Mintaqada transport, savdo, investitsiyalar, energetika va yuqori texnologiyalar sohasidagi yirik loyihalar amalga oshirilishi uchun hudud boyliklari, ishlab chiqarish va inson resurslari qo‘l keladi», — deydi O‘zbekiston prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yana bir muhim masala Markaziy Osiyoni Rossiya hamda Xitoy orqali Yevropa hamda Janubiy, Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi transport-logistika marshrutlarini tuzish bo‘yicha hamkorlik dasturini ishlab chiqish hisoblanadi.

«Bizningcha, «Bir makon, bir yo‘l» transport yo‘lagi tarmog‘ini «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Afg‘oniston» temir yo‘l magistrali bilan birlashtirish va Hind okeanidagi Pokiston hamda Eron portlariga chiqish mumkin bo‘ladi», — deya qayd etgan davlat rahbari.

Prezident transport-kommunikatsiyalar yo‘lagini rivojlantirish bilan bir qatorda yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ish olib borish kerakligini ta'kidlagan.

«Bizning umumiy maqsadimiz «Ipak yo‘li iqtisodiy mintaqasi» liniyasi bo‘yicha birlashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy hududlar tashkil etish bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Biz shu maqsadda bunday loyihalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishda birgalikda harakat qilishni taklif etamiz», — deya qayd etgan prezident.

O‘zbekiston rahbari fikriga ko‘ra, «Ipak yo‘li iqtisodiy mintaqasi» tashabbusining samarali holda hayotga tatbiq etilishiga erishish uchun «har qanday yo‘l bilan biznes hamjamiyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rag‘batlantirish» talab etiladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Ipak yo‘li iqtisodiy mintaqasi» tashabbusi nafaqat iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga, balki «o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga, turizm sohasidagi ulkan imkoniyatlardan faol foydalanishga» qaratilishi kerak.

«Qayta tiklanayotgan Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab ming yillik boy madaniy tarixga ega Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar joylashgan», — degan O‘zbekiston prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Jinpingning tashabbusi bilan tashkil qilingan xalqaro forum ahamiyati  haqida fikr bildirgan.

«Ishonamanki, sayyoraning 60 foiz aholisi yashaydigan hududni qamragan bu ulkan loyihaning amalga oshirilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni, xalqlarimiz farovonligi ta'minlanishiga yordam beradi», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid