Jamiyat | 17:09 / 19.05.2017
58953
14 daqiqa o‘qiladi

Bolalar bog‘chasidagi «yig‘a-yig‘»da kim aybdor: Ota-onami yoki tarbiyachimi va moliya bo‘limi?

Illyustrativ foto

18 may kuni Kun.uz saytida «O‘qituvchidan to ota-onagacha: maktablarda «yig‘di-yig‘di» erasi qachon tugaydi?» sarlavhasi ostida respublika maktablarida avj olgan muammo haqida, o‘quvchilarning ota-onalaridan turli vajlar bilan pul yig‘ilayotgani haqida maqola e'lon qilingan edi.

Bugun maktabgacha ta'lim muassasalari — bolalar bog‘chasida ham vaziyat shunga o‘xshash, hattoki maktabdagidan badtarroq ekanligi haqida to‘xtalmoqchimiz. Zero, maktabda bolalarning o‘qishi uchun ota-onalar tomonidan pul berilmaydi. Bog‘chaga esa farzandlar tarbiyasi uchun oyma-oy pul to‘lab boriladi.

Bir necha kun ilgari «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida 154 mingga yaqin foydalanuvchini birlashtirgan «Potrebitel.uz» jamoatchilik guruhida ushbu surat qo‘yilgan edi:

Foto: Facebook/Potribitel.uz

Unga ko‘ra, bolasini Chilonzor tumanidagi 89-maktabgacha ta'lim muassasasi (bolalar bog‘chasiga) joylashtirgan ota Ruslan Abdullayev o‘quvchilarga qarata: «Siz ham shunday ro‘yxat oldingizmi?», «Buning nega keragi bor?» deb savol tashlaydi.

Ro‘yxatga ko‘ra go‘dakning ota-onasidan 2 quti kir yuvush kukuni, 2ta kir sovun, suyuq sovun, «Chistol», idish-tovoq yuvish uchun gel, rezina qo‘lqop, idish artish uchun rangli latta, deraza oynasini tozalash uchun «Delfin» tozalash vositasi, 1 o‘ram hojatxona qog‘ozi, yuz va qo‘l artish uchun 2ta sochiq, havoni yangilovchi vosita, «Lego» o‘yinchog‘i, arqon (!), koptok, ertak va she'r kitoblar, savatcha va 100 dona A4 formatdagi oq qog‘oz talab qilingan.

Unga qo‘shimcha ravishda dushanba kungacha 10ta gul ko‘chat yoki tuvakda gul keltirish talabi yuklangan.

Umuman olganda, maktabda va bog‘chalarda turli vaj-korsonlar bilan pul yig‘ish odatiy holga, aytish mumkinki, ta'lim muassasalari hayotining muhim bir bo‘lagiga aylanib qolgani tashvishlanarli holdir. Ayrim ota-onalar tomonidan bu holatga nisbatan e'tirozlar paydo bo‘layotganini ham to‘g‘ri tushunmoq kerak. Garchi yig‘ilayotgan pullarning summasi katta emas, oila byudjyetiga aytarli ta'sir o‘tkazmaydigan, aksariyat uchun ularni muntazam to‘lab borish qiyin bo‘lmasa-da, bu holatning o‘zi noto‘g‘ri, g‘ayriqonuniy ekanligiligi har birimiz anglab yetmog‘imiz kerak. 

Kecha e'lon qilingan maqolada quyidagi fikrlar bildirilgan edi, bahonada uni yana bir karra esga olib o‘tsak yomon bo‘lmas edi: «Umuman olganda ta'lim muassasalarida qurilish-ta'mirlash, jihozlash ishlari davlat byudjyeti mablag‘lari asosida amalga oshiriladi. Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 28 apreldagi №135-sonli buyrug‘iga ko‘ra, ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va ularning ota-onalaridan pul mablag‘larini yig‘ish QAT'IYaN TAQIQLANADI! O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2012 yil 3 iyulda 2377-son bilan ro‘yxatga olingan Xalq ta'limi muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq, ota-onalar ixtiyoriy ravishda vasiylik kengashi qarori bilan ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, uning binosini ta'mirlash va hududini obodonlashtirishga ko‘maklashishlari mumkin, deb belgilangan. Homiylik yordami faqatgina ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi mumkin».

Albatta, ixtiyoriy homiylik yordamini hech kimning man etishga haqqi yo‘q. Lekin bu ko‘mak chindan ham ixtiyoriy ravishda ko‘rsatilishi kerak. Homiylik ko‘rsatilayotgan ta'lim muassasasi o‘zi muhtoj bo‘lgan narsalarning jami soni yoki mablag‘ning umumiy summasini ko‘rsatsa, har kim o‘z qurbiga qarab yordam qilsa — boshqa gap. Lekin har bir o‘quvchi yoki tarbiyalanuvchi boshiga teng taqsimlab, ularning qo‘liga ro‘yxat yozib berish — bu majburlash belgisi. Buning javobgarligi ham borligini unutmaslik kerak.

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimiz — Ruslan Abdullayev tomonidan «Facebook»ga joylashtirgan post ostida foydalanuvchilar mavzu yuzasida qizg‘in munosabat bildirishdi. O‘qib chiqishingiz mumkin: fikrlar turli xil. Bunday tarbiyachilarni poraxo‘rga mengzayotganlar ham bor, ularni to‘g‘ri tushunish kerakligi, davlat tomonidan yetarli ta'minlanmayotgani tufayli ushbu vaziyat yuzaga kelganini ham ta'kidlovchilar bo‘lgan. Ayrimlar tarbiyachilarning tarafini ham olgan. Lekin aksariyat hollarda Ruslan Abdullayev tomonidan qo‘yilgan savolning birinchisiga ijobiy javob berilgan — yig‘a-yig‘ deyarli hamma maktabgacha ta'lim muassasasida bor. Hattoki Rossiyada ham bor ekan.

Fikrlarning eng e'tiborga moliklarini ma'nosini buzmagan holda, tahrirlab keltirishga jazm qildik:

Davron Xalikov: Bolalar bog‘chasi xodimlaridan birining uyida gigiyena vositalari tugab qolganga o‘xshaydi.

Anastasiya Polshkova: Bu hali hech narsa emas ekan, bizga berilgan ro‘yxatda gullar uchun tuvaklar, rezina o‘yinchoqlar, medpunkt uchun dori-darmonlar ham bor edi.

Davron Xalikov: Sizning bu bog‘changiz qayerdaligini bilmadimku-ya, lekin men o‘g‘limni Chilonzor-24 dagi bolalar bog‘chasiga topshirayotganimda, tuman xalq ta'limi bo‘limiga borib, yo‘llanma olib kelishni buyurishdi, xolos. Blanka uchun 15 ming so‘m to‘ladim, yo‘llanmani ertaga kelib o‘tirmasdan hoziroq olib ketishim uchun qizlarga shokolad ham oberdim. Bolalar bog‘chasi mudirasi Marina Spartakovnaga «bizga yana nima xizmat?» deganimda u kishi xafa bo‘ldi. Men turli bolalar bog‘chalarida nimalarnidir talab qilishlarini eshitgandim, bu yerda ham shunaqa bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. U juda yaxshi inson ekan, har qanday bolalar bog‘chasi 70-75 foizgagina to‘ladi va bo‘sh o‘rin doimo bo‘ladi, deb aytdi. Odamlarning o‘zlari mudiralarni nimadir olishga o‘rgatib qo‘yishgan, mana olishmoqda...

Rafqat Shorahmatov: Eng ochko‘z va nafsi o‘pqon ayollar aynan bolalar bog‘chalarida ishlashadi. Ularga nima bersang kam. Hech qachon to‘yishmaydi. Faqat bog‘chadan uyiga narsa tashishadi. Xuddiki, mamlakatda ochlik hukm surayotgandek. Insoniylik yuzini yo‘qotib bo‘lishgan. Bugun bog‘chalarga faqat yoshlarni qabul qilish kerak.

Nadejda Korbmaxer: Mening qizim 2009 yilda bolalar bog‘chasiga borgan edi va mana shu ro‘yxatdagi narsalarning hammasini har yili tayyorlab, olib borib berar edik.

Stasya Shangareyeva: Barcha bolalar bog‘chalarida mana shunday ro‘yxat bor. Bir yilda bir marta olib boriladi. Axir bu o‘z bolalarimiz uchun-ku?! Ishoning, hamma ota-ona ham obermaydi bu narsalarni. Ularning bolalari boshqalar olib bergan narsalardan foydalanishadi.

Gulnoza Sultonova: Biz faqat kantselyariya mollari, bir oy oldin esa bittagina kitob topshirdik va bo‘ldi. Fond uchun hammasi. Demak, bizning bog‘chamizdagi ahvol boshqalarnikidan yaxshiroq ekan.

Nargiza Rahmatova: Qiziqsizlar-ye, odamlar. Bir tomondan hammayoqda poraxo‘rlik, tamagirlik deya bong urib, boshqa tomondan o‘zlaring shunga zamin yaratasizlar. Agar davlat bolalar bog‘chasini qanday ta'minlayotgani sizni qoniqtirmasa, talab qilinglar, huquqbuzar va pora beruvchi bo‘lib qolmanglar. Aniq ishonamanki, o‘shalar so‘rayotgan narsalarining hammasini ham bolalarimiz uchun ishlatishmaydi. Umuman pora oluvchini ham, beruvchini ham jazolash kerak. Bolalarimiz bog‘cha yoshidan turib, qayerdadir ish bitishi uchun uzatib turish kerakligini anglashmoqda. Axir bu narsalarni olib berishga qurbi yetmaydigan insonlar bor, oylik to‘lovni zo‘rg‘a to‘lab yurganlar bor. Anavi pulini qayoqqa qo‘yishni bilmay yurganlar esa bolalar bog‘chalari uchun xayriya fondi ochishsin, nima bo‘lganda ham, bu qonuniy yo‘l bo‘lardi. To‘g‘ri aytishibdi ayrimlar: hammasini portalga yozish kerak.

Behzodbek Qodirov: Bularning barchasiga mablag‘ ajratiladi. Kimdir zanjirning o‘rtasida shu pullarga chang solsa, bu boshqalar cho‘natagidan qoplashi kerak, degani emas-ku? G‘aznachilikda bu narsalar uchun pul ajratiladi.

Kamola Kamolova: Qiziq, guruhda 30 nafar bola bor, ularning har biri uchun oyiga 700 so‘mdan fondga pul yig‘iladi. Qo‘shimchasiga hamma narsani o‘zimiz xarid qilib, keltirib topshirar ekanmiz, tarbiyachilar bu pullarni nimaga ishlatishadi?

Viktoriya Potopatova: Bularning barchasi bolalaringiz uchun axir. Bu ro‘yxatda ko‘rsatilgan narsalarning bir qismini so‘rashmasa ham oborib bergan paytlarim bo‘lgan, ishoning, o‘sha hojatxona qog‘ozi yoki stol yoki pol latta bilan tarbiyachi boy bo‘lib qolmaydi. Ularning mashaqqatli mehnatiga munosib maosh to‘lashmaydi, axir. Yana qurbi yetsa-da, o‘z bolasi uchun gigiyena vositalari, hojatxona qog‘ozi va turli lattalarni olib berish mushkul bo‘lgan ota-onalar ham uchraydi. O‘yinchoqlar esa tez-tez buzilib, sinib turadi, ko‘p bolalar ularni uyiga olib ketib qoladi, o‘zim ham bolalarimni bir necha marta bu yo‘ldan qaytarganman. Axir u bola-da! Birgina bola uyda hamma narsani sindirib chiqadi, u yerda esa 30 bola bor, tasavvur qiling.

Samira Safonova: Muallif, sizga shu narsalarni eltib berish qiyinmi?! O‘z bolangiz uchun-ku, axir? Aynan bolangizni o‘zi yoki u uchun ishlatiladigan narsalar-ku. Juda qo‘rqinchli summadagi pul bo‘lmaydi ham. Hali bolangiz maktabga chiqsa, maktab va sinf fondi degan narsalarga ham pul to‘laysiz. O‘shanda ularni ham kelib shu yerga yozasizmi? Bu doim bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Buni yozishdan nima naf?

A'louddin Sadriddinov: Bechora tarbiyachilar. XTV hammasini shahar XTBga yuklaydi, shahar XTB — tuman XTBga, zanjirning so‘nggi halqasida esa tilanchilik qilish o‘zining ham hikildog‘iga kelgan yolg‘iz tarbiyachi qoladi.

Lyudmila Mart: Gap tarbiyachilarda emas, bu yerdagilar aytishayaptiki, davlat ta'minotida bo‘lgan bog‘chalarda yig‘a-yig‘larga ota-onalar sababchi, deb. Mening Rossiyada yashovchi dugonamning aytishicha, ularda bunday muammo mutlaqo yo‘q ekan. Bolangni keltirding, kechqurun obketding, bo‘ldi, qolganini davlat ko‘taradi.

Agzamova Irina: (Lyudmilaga) Hecham-da, mana, mening bolam Rossiyadagi bog‘chaga boradi, ularda ham ro‘yxat bor, faqat sal qisqaroq, 1 o‘ram hojatxona qog‘ozi va bir dasta salfetka, shuningdek, sovun.

Vaziyat yuzasidan xalq ta'limi bo‘limida ishlaydigan xodimlardan biri «Nega bog‘chalarda yig‘a-yig‘ bu darajada?» deya bergan savolimizga quyidagicha javob berdi:

— Savolning javobini moliya bo‘limidagilardan so‘rash kerak. Chunki maktabgacha ta'lim muassasasining xarajatlar smetasida tilga olinayotgan ro‘yxatdagi narsalar uchun pul ajratilmaydi. Ammo sanitariya epidimologiya stansiyasi (SES) xodimlari tarbiyachilardan buni talab qilishadi.

Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan barcha muassasalarning mablag‘i moliya bo‘limlari orqali o‘tadi. Muassasa o‘zi uchun zarur mablag‘ smetasini olib boradi, moliya bo‘limi uni yarmigacha qisqartirib, tasdiqlab beradi. So‘ngra bog‘cha o‘sha miqdordagi pulni bankdan oladi.

Moliya bo‘limining asosiy ishi — byudjyet mablag‘larini imkon qadar tejash. Ana shu jarayonda shu yerda ba'zan «salla o‘rniga kalla» ham olib tashlanadi, keyin mana, ushbu holatdagi kabi, jabrini ota-onalar ko‘radi. Endi, moliya bo‘limining maqsadi aslida yomonlik emas — byudjyet pulini behuda sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik, lekin ba'zida xarajatlarni juda qisqartirib tashlashadiyam-da. Yilning boshida o‘sha qisqartirilgan smeta bo‘yicha pulni belgilab, muassasa davlat tomonidan tayyor qilinadi. Lekin bog‘cha tirik organizm-ku, yil bo‘yi ishlaydi: bu muddat ichida nimadir sinadi, buziladi, tugaydi...

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Tahririyatdan: O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati bilan Kun.uz saytining hamkorlikdagi loyiha doirasida XTV Maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘limi boshlig‘i S.Mirjalilova o‘z sohasi bo‘yicha sizni qiziqtirgan savollaringizga javob beradi.

O‘zingizni qiziqtirgan barcha savollarni Kun.uz pochtasiga (info@kun.uz) yoqi aloqa o‘rnatish havolasi yordamida tahririyatga jo‘natishingiz mumkin.

Mavzuga oid