Jahon | 19:35 / 20.05.2017
6306
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Suriya va Iroqda yangi operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Foto: aa.com.tr

Turkiya qurolli kuchlari bosh shtabi mintaqada Suriya va Iroqdagi kurd qurolli tuzilmalarining hujum qilishlari mumkinligiga qarshi qaratilgan aksilterrorchilik operatsiyalari rejasini tuzib chiqdi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar bermoqda. 

Anqaradagi harbiy manbalarning ma'lum qilishicha, rejada "Kurdiston ishchi partiyasining Suriya va Iroqdagi bo‘limlari (YPG va PYD) jangarilarining istalgan hujumlariga qat'iy qarshilik ko‘rsatish" ko‘zda tutilgan. Turkiyaning rejasi doirasida jalb qilinishi nazarda tutilayotgan harbiy bazalarda qo‘shni davlatlardagi operatsiyalarga tayyorgarlik yakunlangan. O‘q-dori va qurol-aslaha omborlari to‘ldirilgan, chegara hududlariga qo‘shimcha harbiy texnika keltirilgan.      

Shu bilan birga Turkiyaning Iroq va Suriya bilan chegaradosh hududlarida logistik qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasi yaratilgan. Bir qator harbiy qismlar chegaraga joylashtirilgan.

Turkiya razvedka xizmati Iroq va Suriyaning PYD va YPG kuchlari tomondan nazorat qilinuvchi hududlar ro‘parasidagi chegaraoldi polosasida kunbo‘yi kuzatuv olib bormoqda. Kuzatuvlar Xatay (Suriyaning Afrini bilan chegaradosh), Shonliurfa (Suriyaning Tel-Obodi to‘g‘risida joylashgan), Mardin (Suriyaning Qamishlisi bilan chegaradosh) viloyatlari hamda Iroq bilan butun chegara bo‘ylab olib borilmoqda.

Bundan tashqari, muxolif Suriya ozodlik armiyasi otryadlari Turkiyaning "Frot qalqoni" operatsiyasi yakunlangandan keyin Turkiya qurolli kuchlari ko‘magida tashkil etilgan jadal harbiy tayyorgarlik dasturiga jalb etilganlar. Ushbu dastur 2017 yil 29 mart kuni Suriya-Turkiya chegarasi yaqinida tashkil etilgan mashg‘ulot lagerlarida boshlangan. Dastur ishtirokchilari turli qurollarga egalik qilish malakalariga o‘rgatiladilar. Shuningdek, jismoniy tayyorgarlikka katta e'tibor qaratiladi.  

Mavzuga oid