Jamiyat | 14:59 / 25.05.2017
17898
2 daqiqa o‘qiladi

Xato tufayli umrbod ozodlikdan mahrum etilgan shaxs 24 yildan keyin qo‘yib yuborildi

Foto: Instagram/Ibraghimlife

Shaurn Tomas 1990 yilda Filadelfiyada puerto-rikolik tadbirkor Domingo Martinesning qotilligida ishtirok etgani uchun qamalgandi. O‘shanda tadbirkor 25 ming dollarlik chekni naqdlashtirib olayotgan bo‘lgan, Tomas esa 19 yoshda edi. U jinoyatga aloqasi yo‘qligini ko‘p bora ma'lum qilgan, buning ustiga unda aybdor emasligiga dalil ham bor edi, ammo sud maslahatchilari uni aybdor, deb topdi. 1993 yilda esa erkak umrbod ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar bermoqda The Sun.

Shundan so‘ng uning ishi bilan aybsizlik loyihasi doirasida shug‘ullana boshlashdi. Erkakning erkinligi uchun kurash 10 yil davom etdi, biroq himoyachilar bo‘sh kelishmadi. Tomas o‘zi sodir etmagan qotillik uchun Pensilvaniyaning Frakvillidagi qamoqxonada 24 yil o‘tirdi. Yaqinda esa u baribir ozodlikka chiqarildi.

Shunisi qiziqki, erkak hech kimdan xafa emas. O‘tgan 24 yil davomida dunyo tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi – u 43 yoshida ilk bora mobil telefonini qo‘liga oldi.

"O‘zimni erkin inson sifatida his etmoqdaman. Hayot alamzada bo‘lib yashash uchun juda qisqa. Shunchaki Xudoga ishonish va kurashda davom etish kerak", - dedi Shaurn Tomas.

Mavzuga oid