Jahon | 20:05 / 29.05.2017
5785
2 daqiqa o‘qiladi

Falastinda Ramazon oyida ajrashishlar taqiqlab qo‘yildi

Foto: haberturk.com

Falastin rahbariyati Ramazon oyida ajrashishlarni taqiqlab qo‘ydi. Bunday qaror Falastin ma'muriyati rahbarining islom masalalari bo‘yicha maslahatchisi, muxtoriyatning bosh sudyasi Mahmud al-Hishosh tomondan qabul qilindi.

Iordanning G‘arbiy sohilidagi barcha shariat sudyalariga yo‘llangan qarorda "er-xotinlar orasida ajrashishlarni, ular qanday ko‘rinishda berilishidan qat'iy nazar, qayd qilish taqiqlanishi" zarurligi aytilgan. Ajrashishlar bo‘yicha barcha arizalar Ramazon oyining tugashigacha qabul qilinmaydi. 

Ortga surib bo‘lmaydigan juda jiddiy holatlar bundan mustasno bo‘ladi. Bunda er va xotinning ikkisi ham oila ishlari bo‘yicha mahalliy komissiyaga oila rishtalari uzilayotganining sababi tushuntirilgan va ajrashishni ortga surib bo‘lmasligiga dalillar keltirilgan yozma ariza taqdim qilishlari kerak bo‘ladi.

Al-Hishoshning aytishicha, bu qaror ko‘p yillik tajriba va mahalliy shariat sudlarining Ramazon oyidagi amaliyotidan kelib chiqib qabul qilindi. Al-Hishoshning tushuntirishicha, ko‘pchilik musulmonlar Ramazon oyida ro‘za tutishlari sababli kunning yorug‘ qismida taom tanovul qilish, suv ichish, tamaki chekishda o‘zlarini cheklaydilar va buning oqibatida "beqarorroq" holatda bo‘ladilar. Aynan shunday vaziyatda ajrashish borasida ko‘plab shoshma-shoshar qarorlar qabul qilinadi.

Mavzuga oid