O‘zbekiston | 11:51 / 29.05.2017
59615
3 daqiqa o‘qiladi

Komilov O‘zbekistonga xorij sarmoyalari kirishiga xalal berayotgan asosiy to‘siqlarni sanadi

Foto: Investtalk.ru

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senati yalpi majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya oqimini to‘xtatib qo‘yayotgan bir qator omil va sharoitlarni sanab o‘tgan.

«Ulkan sarmoyaviy salohiyatga ega bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotiga xorijiy mablag‘larni jalb etish borasida ko‘plab davlatlardan orqada qolmoqda. Iqtisodiyotimizni xorijiy sarmoya bilan ta'minlashda davom etib kelayotgan past ko‘rsatkichning sabablarini aniqlash maqsadida Vazirlik tomonidan diplomatik vakolatxonalar bilan birgalikda O‘zbekistonda faoliyat yuritish tajribasiga ega bo‘lgan xorijiy sarmoyadorlar, biznesmenlar va nufuzli moliya tashkilotlarining ekspertlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Uning yakunlariga ko‘ra, xorijiy biznes hamjamiyatlari vakillari O‘zbekistonga sarmoya oqimini to‘xtatib qo‘yayotgan bir qator omil va sharoitlarni tilga oldi», — deya vazirning so‘zlarini keltirgan TIV rasmiy sayti.

Komilov ana shu masalalarning ayrimlarini keltirib o‘tgan:
– valyuta konvertatsiyasi va foydani repatriatsiya qilish;
– bank-kredit tizimining takomillashmaganligi;
– sarmoyadorlar huquqlarining zaif himoyasi va yetarli darajada samarali bo‘lmagan sud tizimi;
– ma'muriy-byurokratik to‘siqlar. Ko‘plab xorijiy kompaniyalar o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya va ruxsat olish tartib-qoidalaridan norozi;
– past investitsiya reytingi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, chet el sarmoyalarni jalb etish muammolarini har tomonlama o‘rganib, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Senati va Tashqi ishlar vazirligining Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda, vazirlik va idoralar ishtirokida Investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlariga xorijiy sarmoya hamda zamonaviy texnologiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar davlat dasturi loyihasi ishlab chiqildi va ko‘rib chiqish uchun Rahbariyatga kiritilgan.

 

Mavzuga oid