Sport qo‘mitasi raisi Osiyo va Okeaniya davlatlari sport rahbarlari bilan uchrashdi
Xitoyning Xanchjou shahrida Osiyo va Okeaniya davlatlari sport rahbarlari ishtirokida “Sportda dopingga qarshi kurash” mavzusida 14–hukumatlararo kengash bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekistondan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Bu haqda Kun.uz’ga Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv joyi sifatida Xanchjou tanlangani bejiz emas, albatta. 2022 yili XIX Osiyo o‘yinlari aynan shu shaharda o‘tkaziladi.
Kengashga tashrif buyurgan 27 mamlakat vakillarini XXR sport vaziri o‘rinbosari Li Inchuan hamda Chjetszyan provinsiyasi vitse-gubernatori Chen Yuechun samimiy qutlashdi.
Butunjahon dopingga qarshi agentligi (WADA) vitse-prezidenti, Norvegiya madaniyat va sport vaziri Linda Xofstad Xelland, WADA boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Rob Koxler ma'ruza qilishdi.
Anjuman davomida delegatlar ta'qiqlangan moddalardan sportchilar foydalanishiga qarshilik ko‘rsatish borasida to‘plangan ilg‘or tajriba va innovatsion metodlar haqida so‘z yuritishdi.
Kengash dasturidan yana bir qator muhim masalalar o‘rin olgani e'tiborga molik. YuNeSKOning sportda dopingga qarshi xalqaro konvensiyasiga a'zo mamlakatlarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar, Butunjahon dopingga qarshi kodeksining istiqboli, Osiyo va Okeaniya mintaqasining WADA faoliyatiga qo‘shayotgan hissasi, “toza sportchi”ni muhofaza qilishning tibbiy jihatlari hamda bu borada mutasaddilarning roli xususida fikr-mulohaza almashildi. Agentlikning Osiyo va Okeaniya mintaqasi bo‘yicha 2018 yilga byudjyeti ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.
Kengash qatnashchilari Xanchjou 2022 yilgi XIX Osiyo o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. O‘zbekiston davlat sport qo‘mitasi raisi o‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi rahbarlaridan biri janob Jong Xangvey bilan batafsil suhbatlashdi.
Tashrif davomida Rustam Qurbonov bir nechta ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgani diqqatga sazovor.
XXR sport vaziri o‘rinbosari Li Inchuan bilan uchrashuv jarayonida o‘zaro hamkorlikning ko‘plab masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xitoy sporti rahbari nufuzli xalqaro musobaqalarda o‘zbekistonliklar erishayotgan yutuqlar salmog‘i oshi borayotganini e'tirof etdi. Jumladan, may oyida Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida o‘zbek bokschilari 10 ta vazn toifasidan 9tasida oltin medallarni qo‘lga kiritganiga qoyil qolganini alohida ta'kidladi. Kelgusida musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, mutaxassislar malakasini oshirish va tajriba almashish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish har ikki tomon uchun foydali ekani qayd etildi. Li Inchuan o‘zbekistonlik hamkasbini 2022 yili Xanchjouda o‘tadigan Osiyo o‘yinlari hamda Pekinda bo‘ladigan qishki Olimpiadaga taklif etdi.
Butunjahon dopingga qarshi agentligining hukumatlararo munosabatlar bo‘yicha mutasaddisi Rene Bushard, WADA vitse-prezidenti, Norvegiya madaniyat va sport vaziri Linda Xofstad Xelland bilan muloqot chog‘ida sportda dopingga qarshi kurash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar ta'qiqlangan moddalar sportning sofligiga, sportchilarning salomatligiga juda katta ziyon yetkazish bilan bir qatorda, musobaqalarda haqiqiy g‘oliblarni aniqlashga monelik qilishi yuzasidan fikrlari bir xil ekanini e'tirof etishdi. WADA vakillari yirik xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston vakillarining sezilarli muvaffaqiyatlarini alohida qayd etib, o‘zaro hamkorlik rivoj topishiga umid bildirishdi.
Rustam Qurbonov, shuningdek, Qirg‘iziston davlat sport qo‘mitasi raisi K.Amankulov, Qozog‘iston madaniyat va sport vazirligi rahbarlaridan biri A.Yesimov bilan ham uchrashdi. Qo‘shni davlatlar vakillari bilan suhbat chog‘ida yirik xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda hamkorlikni kengaytirish, birgalikda o‘quv-mashq yig‘inlari va turli musobaqalarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, O‘zbekiston vakillarining Issiqko‘l o‘yinlaridagi ishtirokiga alohida e'tibor berildi.
Mavzuga oid
14:36 / 07.11.2024
Ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga o‘qotar qurollar taktik-texnik tavsiflari amaliy mashg‘ulotlari kiritiladi
20:22 / 21.10.2024
Yengil kasalliklarni dori bilan davolashga o‘rganib qolishning oldi olinadi
20:31 / 20.09.2024
Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasi qurilishi mumkin
14:53 / 06.09.2024