Jamiyat | 14:35 / 30.05.2017
18364
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida Abdulla Oripov nomidagi maktab-internat tashkil etildi

2017 yil 24 mayda Vazirlar Mahkamasining “Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 312-son Qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Belgilanishicha, 2017-2018 o‘quv yilida maktab-internatning 5-6-7-8-sinflariga hamda 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchilar qabul qilinadi. Xalq ta'limi vazirligiga maktab-internatning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
 
Tegishli davlat organlariga Qarshi shahridagi «Barkamol avlod» markazining o‘quv binosini rekonstruksiya qilish, 50 o‘rinli yotoqxona va oshxona binolarini qurish, shuningdek maktab-internatni o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari, o‘quv-metodik majmualar, metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
 
Xalq ta'limi vazirligi Davlat test markazi bilan birgalikda 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab maktab-internatga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik diagnostika o‘tkazadi.
 
Hujjat davlat tilida qabul qilingan va 2017 yil 29 mayda kuchga kirdi.

Mavzuga oid