Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShning iqlim kelishuvidan chiqishi qanday oqibatlarga olib keladi?
AQSh prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida AQShni Trans-Tinch okeani sherikligi kelishuvidan olib chiqishga va'da bergandi va u bu va'dasini bajardi. Endi Tramp AQShni iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan olib chiqishni rejalashtirmoqda. Trampning bu qarori jahon iqtisodiyotiga qanday ta'sir qilishi mumkin?
Jahon yetakchilari AQSh 2015 yilgi Parij kelishuvidan chiqadigan bo‘lsa ham kelishuvni qo‘llab-quvvatlashga tayyorlanmoqdalar.
Bryusseldan tortib Pekingacha, barcha jahon yetakchilari AQShsiz ham olg‘a borishga tayyorliklarini aytishmoqda, ba'zi davlatlar esa kelishuv bandlarini amalga oshirishni tezlashtirish haqida gapirmoqdalar.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2 iyunda Bryusseldagi sammitda Yevropa Ittifoqi va Xitoy qazib olinuvchi yonilg‘idan energiyaning tiklanuvchi manbalariga o‘tish bo‘yicha sa'y-harakatlarni faollashtirishga chorlovchi bayonotni imzolamoqchi.
Loyihada Yevropa Ittifoqi va Xitoy Parij kelishuvining samarali amalga oshirilishi tarafdori ekanliklarini ta'kidlashlari va barcha tomonlarni uni qo‘llab-quvvatlashga chorlashlari aytilgan.
Bunday birdamlik kelishuvdan AQSh chiqadigan bo‘lsa, kelishuv barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi qat'iyatlikni namoyish qiladi.
Gap yana shundaki, 190 dan ko‘proq davlat tomondan qo‘llab-quvvatlangan kelishuv juda qayishqoq bo‘lib, atrof-muhitga zararli chiqindilarni chiqarish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishga majbur qilmaydi, balki hukumatlarga karbonat angidrid va boshqa issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash bo‘yicha rejalarni tayyorlashni taklif qiladi.
Qayd qilish joizki, AQShning kelishuvdan chiqishi AQSh hamkorlarining unga nisbatan salbiy munosabatini chuqurlashtirishi mumkin.
AQSh davlat departamentining sobiq huquqshunosi, Parij kelishuvi bo‘yicha yetakchi amerikalik muzokarachilardan biri Syuzan Binyazning aytishicha, "bu holat AQSh nuqtai nazarini e'tiborga olish uchun ko‘p ish qilgan bu davlatlarni ranjitishi mumkin".
Italiyada o‘tgan "katta yettilik" sammitida jahon yetakchilari Trampni kelishuvdan chiqish niyatidan qaytarishga urinib ko‘rishdi.
Tramp esa 31 mayda tvitterda Parij kelishuvi bo‘yicha qarorni bir necha kun ichida qabul qilishini ma'lum qilgan.
Eng yirik rivojlanayotgan davlatlar AQSh kelishuvdan chiqishi bilan tahdid qilayotganiga qaramasdan, kelishuvni qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Jumladan, kelishuvni atrof-muhitga issiqhona gazlarini chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolayotgan Xitoy ham faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xitoy shaharlarida havoning ifloslanishi borgan sari siyosiy muammoga aylanib bormoqda va unga qarshi kurashish uchun Xitoy hukumati quyosh va shamol energetikasini qo‘llashga o‘tmoqda.
Kelishuvga ko‘ra, Pekin issiqhona gazlarini atrof-muhitga chiqarish hajmini 2030 yildan kamaytira boshlashi kerak. Xitoy zararli chiqindilarni chiqarishni 2005 yilgi darajaga nisbatan 65 foizga kamaytirishga va'da bergan.
Hindiston ham AQShning kelishuvdan chiqmoqchi ekanligiga qaramasdan, kelishuv shartlarini bajarish niyatida. Hindistonlik yuqori lavozimli amaldor bu borada "Hindiston biror-bir davlat qaroridan mustaqil", deb aytgan.
Hindiston issiqxona gazlarini chiqarish bo‘yicha o‘z zimmasiga hech qanday majburiyat olmagan bo‘lsa-da, biroq tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hajmini oshirishga va 2030 yilgacha chiqindilarni chiqarishni 2005 yilga nisbatan 35 foizga kamaytirishga va'da bergan.
Rivojlangan davlatlarda bu borada rejalar ulkan. Misol uchun, dunyoda chiqindilar chiqarish bo‘yicha 2-o‘rinda turuvchi AQSh 2025 yilgacha ularning hajmini 2005 yilga nisbatan 25 foizga kamaytirishni rejalashtirayotgandi.
AQShning kelishuvdan chiqishidan eng katta ziyon kelishuvning toza energiyaga o‘tilishi bilan boy davlatlar tomondan nochor davlatlarga yordam ajratilishi ko‘zda tutilgan bandlariga yetkaziladi.
Bundan tashqari, jahon yetakchilari AQShning chiqindilarni chiqarishni kamaytirish bo‘yicha federal va mahalliy dasturlariga tayangan holda AQSh kelishuvda ishtirok etmasdan ham avval o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erisha olishiga umid bildirishdi. Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Maros Shefchovichning aytishicha, "AQShda oxir-oqibat barchasi iqtisodiyotga bog‘liq bo‘ladi va agar AQSh kelishuvdan chiqishni istasa ham, bu butun insoniyat intilayotgan yo‘nalishni o‘zgartira oladi, deb o‘ylamayman".
Mavzuga oid
08:51 / 04.06.2026
Kuvayt aeroportida Eronning dron zarbasi oqibatida 1 kishi vafot edi, o‘nlab insonlar jarohatlandi
15:12 / 26.05.2026
Narkojinoyatda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik AQShdan deportatsiya qilindi
11:00 / 28.05.2025
AQSh dunyo bo‘ylab xorijiy talabalar uchun viza suhbatlarini to‘xtatmoqda
09:03 / 28.05.2025