Jamiyat | 19:10 / 02.06.2017
31592
4 daqiqa o‘qiladi

1 iyun – Xalqaro bolalar kuni ayrim istirohat bog‘larida xavfsizlik kuniga aylandi

Kecha, 1 iyun kuni Respublikaning barcha hududlarida Xalqaro bolalar kuni keng nishonlandi. Toshkentdagi sayilgohlarda bolajonlar uchun konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, maxsus aksiyalar tashkil etildi.

Toshkentdagi G‘ofur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun barcha attraksionlar narxi 1000 so‘m deb belgilandi. Bu esa bolalarning bayram shodiyonasi yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishi, bog‘ning har doimgidanda gavjumroq bo‘lishini ta'minlab berdi. 

Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim mahallalari, jumladan, Yunusobod tumanidagi "Uvaysiy" va "Choshtepa" mahallalarida bolalar uchun maxsus bayram tomoshalari tashkil etilgani yanada quvonch bag‘ishladi. Dastur davomida bolalar o‘z uylaridan uzoqqa ketmagan holda turli musobaqalarda ishtirok etib, bayram dasturlarini tomosha qilib, o‘z tengdoshlari bilan vaqtni maroqli o‘tkazishdi. 

Shuningdek, bolajonlarga maxsus bayram sovg‘alari ham ulashildi. 

Biroq ayrim ko‘ngilochar bog‘larning faoliyati juda ham erta tugatilgani ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. 

Ma'lumki, 1 iyun sanasi dam olish kuni, deb e'on qilinmagan. Shu bois, ko‘plab ota-onalar faqat ish vaqtidan so‘nggina farzandlarini aylantirish uchun biron bir boqqa olib borishlari mumkin.

Odatda, ish vaqti 18:00da yakunlanadi va uyga qaytib, kechki ovqat tanovul qilgunga qadar soat kechki sakkizga ham yaqinlashib qoladi. Bundan tashqari, muborak Ramazon oyi munosabati bilan ko‘pchilik iftorlik vaqtidan so‘ng ko‘chaga chiqishga imkon topadi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, poytaxtdagi istirohat bog‘lari, jumladan, "Lokomotiv" ko‘ngilochar istirohat bog‘i hamda "Anhor-Lokomotiv" bog‘ining soat 20:00dan so‘ng yopib qo‘yilishi bayram nishonlash umidida tashrif buyurgan ko‘plab oilalarning noroziligiga, jajji bolajonlarning esa ko‘ngillari xira tortishiga sabab bo‘ldi.

IIB xodimining so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngilochar bog‘larning erta yopilishi aholining xavfsizligini ta'minlash maqsadida qilingan chora-tadbir bo‘lib, bayram kunlaridan tashqari, bog‘larning faoliyati odatdagidek davom etaveradi.

E'tibor bering – “bayram kunlaridan tashqari!”. Ayrimlarga o‘xshab, har yili chet elga chiqib, hordiq chiqarishga imkon topolmayotgan aksari odamlar bayram kunlari istirohat bog‘lariga borib, atrofdagi manzaradan bahramand bo‘lib, yig‘ilib qolgan stresslarini chiqarishga, shu bahona yaqinlarining sevinchiga sabab bo‘lishga haqlari bormi? Bor, albatta. Ishxonadagi muammolar, jamiyatdagi ayrim ko‘ngilsiz holatlar, xullas, taranglashgan asablar dam olish maskanlari yoki istirohat bog‘larida yanada taranglashsa, bunga qanday izoh berish mumkin? Bu borada siz aziz o‘quvchilarning fikrini kutib qolamiz.

Mavzuga oid