Sport | 08:34 / 10.06.2017
5788
2 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018 saralashi. Fransiya oxirgi daqiqada o‘tkazilgan gol tufayli Shvetsiyaga mag‘lub bo‘ldi

Yevropa maydonlarida JCh-2018 saralashi doirasidagi 6-tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. A guruhi vakillari Shvetsiya va Fransiya terma jamoalari uchrashuvida mezbonlarning qo‘li baland keldi. Stokholmdagi «Frends-Arena» stadionida kechgan uchrashuvda 2:1 hisobi qayd etildi.

O‘yindagi g‘alaba goli 93-daqiqada Ugo Lorisning xatosi tufayli urildi. Bu vaqtda fransuzlar durangga rozi bo‘lmasdan to‘liq tarkib bilan hujumga o‘tishgandi. To‘p ortga qaytganida «Tottenhem» darvozaboni to‘p bilan harakatlanib, jarima maydonini tark etdi va to‘pni pastlatib markazga uzatdi. Lekin bu to‘p shvetsiyalik hujumchisi Ole Toyvonenga kelib tushdi va u maydon markazidan zarba berib, bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi va jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Endilikda Shvetsiya termasi guruhda 13 ochko to‘plagan holda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Fransiyada ham shuncha ochko bor, lekin Dide Desham shogirdlari to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda.

JCh-2018, Saralash
Yevropa, 6-tur

Shvetsiya – Fransiya 2:1 (1:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 37 Jiru, 1:1 – 43 Durmaz, 2:1 – 90 Toyvonen.
Shvetsiya – Olsen, Lindelef, Augustinsson, Lyustig, Grankvist, Durmaz (Klasson, 77), Yuxansson, Ekdal (Larsson, 77), Forsberg, Berg (Gvidetti, 89), Toyvonen.
Fransiya – Loris, Koselni, Mendi, Sidibe, Varan, Matyuidi, Pogba, Payyet (Lemar, 76), Sissoko, Grizmann (Mbappe, 76), Jiru.
Ogohlantirish: Pogba (65).

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid