Jamiyat | 12:29 / 11.06.2017
16737
4 daqiqa o‘qiladi

Dehqonchilik – bilim va sabr uyg‘unlashgan maydon

Dehqonchilik insondan sabr-toqat talab qiladi, chunki dehqonchilik har yili bir xil bo‘laveradigan kasb emas. Ob-havo har xil keladi, bir yil unday, bir yil bunday. Ba'zan qurg‘oqchilik bo‘ladi, ba'zida yog‘in ko‘payib, toshqinlar bo‘ladi, sel keladi. Bir-ikki yil hosil bo‘lmay, dehqon zararga kirsa, uchinchi yil barakali kelib, o‘tgan yillarning xarajatlari ham qoplanib ketadi. Ko‘rinib turibdiki, bu kasbda avvalo insonning tavakkuli, qolaversa, sabri sinaladi.

Dehqonchilikning yana bir alohida xususiyati shuki, bu ishda odamdan o‘ziga yarasha bilim va tajribadan tashqari jismoniy kuch-quvvat, xususan, qo‘l mehnati talab qilinadi. Dehqonchilikning ham o‘ziga yarasha ilmi bor, bunday ilm bo‘lmasa, dehqonchilik qilib bo‘lmaydi. Yerga ketmon urib, urug‘ tashlagan bilan hosil paydo bo‘lib qolmaydi. Yer tanlashni, urug‘ tanlashni, sug‘orishni bilish kerak, ekinni parvarish qilish, ishlov berishni bilish kerak, yerdan unumli foydalanishni, almashlab ekishni, bir ekindan bir yilda bir necha marta hosil olishni bilish kerak – xullas, hammasining o‘z ilmi bor. Biroq anchagina qo‘l mehnati ham talab qilinadi bu kasbda. Afsuski, yerga, tabiatga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish oqibatida bugungi kunda yerlarimiz juda oriqlab ketdi. Ayni paytda yerga sun'iy dori, o‘g‘itlar berish ilmi rivojlandi.

Imom Hakim Termiziy rohimahullohning mashhur asarlari bor. U zot bu asarda ko‘p yillik kuzatishlar, tajribalar, ilmiy tahlillar asosida bu yil dehqonchilik yaxshi bo‘ladi, bu yil yomg‘ir yaxshi bo‘ladi, bu yil yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lmaydi deb ko‘pchilikka manfaatli ko‘rsatmalar berganlar. Hakim Termiziy bu ma'lumotlarni fol ochib topmaganlar, balki ilm, tajriba evaziga aniqlaganlar. Insoniyat bu bilimlarga yillar davomida, asrlar davomida kuzatish, izlanish, tajriba to‘plash natijasida ega bo‘lgan. Ajdodlarimiz qaysi yili ob-havo qanday bo‘lgan, shu yili hosil qanday bo‘lganiga qarab, boshqa alomat va belgilarga qarab, qaysi yili iqlim sharoiti qanday bo‘lishini, yil qanday kelsa, ob-havo qanday bo‘lishini, qachon qahatchilik bo‘lishini, qachon qurg‘oqchilik bo‘lishini, qachon mo‘l-ko‘lchilik bo‘lishini taxmin qilganlar, shunga ko‘ra falon yili falon meva ekilsa, hosili yaxshi bo‘ladi, deb ayta olganlar.

Hakim Termiziy kabi ulamolarimiz bunday bilimlarning barchasini kitoblarga joylab qo‘yishgan, ilmlarni guruh-guruh qilib, tasniflab, tartiblab berishgan. Hozirgi avlod faqat buni o‘qib-o‘rganishi va amalda tatbiq qilishi kerak, xolos. Buning ona zaminga, vatanga, yerga, tuproqqa muhabbat bilan yondashish kerak. Mehnat bilan, dehqonchilik bilan yeyilgan non shirin bo‘ladi, samarasi egasiga yuqadi, hisob-kitobi ham, javobgarligi ham oson bo‘ladi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid