Jamiyat | 13:54 / 13.06.2017
54043
6 daqiqa o‘qiladi

Singan ishonch va so‘ngan umidlar

O‘tgan hafta davomida ikki soha namoyondalari bizni boplashdi. Biri shou-biznes vakillari bo‘lsa (asl san'atkorlar emas), ikkinchisi terma jamoa libosida futbol o‘ynovchilar (asl futbolchilar emas). Har ikkisi biz uchun aziz edi. Birinchi soha vakillari o‘z pulimizga bo‘lsada, quvonchli kunlarimizda bizga yanada xush kayfiyat ulashib yurishardi, ikkinchi sohadagilar esa g‘alaba qilganlari hamon hamma ayblari kechirilib, qahramonga aylanib ketishaverardi. Ammo bu safar hammasi uzil-kesil ado bo‘ldi shekilli...

Avvalo norozi bo‘lgan xonandalar to‘g‘risida. Ta'kidlashim lozim, men bu mavzuga asosiy nishon bo‘lgan Ozodbek Nazarbekovning san'atini hurmat qilaman, qo‘shiqlarini eshitaman, 15 yildirki mavqeini saqlab turgani ham tahsinga loyiq. U turli tadbirlarda pulsiz qolayotgani va yetarlicha hurmat ko‘rsatilmayotgani to‘g‘risida gapirganida shitob bilan qarsak chalayotganlar to‘g‘risida bir narsa deyishim qiyin. Har biri alohida mavzu. 

Lekin hofizlarimizning qaysidir tadbirlarga borib, pulsiz va och qolganlari to‘g‘risidagi e'tirozlari rosa “ajoyib” bo‘ldi.

Bu borada ko‘p gapirildi, ayniqsa hamkasbimiz Shuhrat aka hammasini joy joyiga qo‘yib keng tahlil qilib berdi. Faqat qisqaroq qo‘shimcha bor xolos, yangi gap yo‘q.

Aziz xonandalar, sizga bir savol, nochor bir odam sizni to‘yiga taklif qilsa va beradigan puli yo‘qligini aytsa, borarmidingiz? (Ammo hamma bilmasayam siz yaxshi bilasiz, o‘zbek alohida pul bermasayam qistir-qistir bor ekan, quruq qolmasligingiz tayin). 

Yo‘q albatta!

Chunki sizda obro‘, ovoz, ajoyib piar kompaniya bo‘lishi mumkin. Ammo to‘y oxirida atalgan pulni ham, qistirilgan tushumni ham uy egasiga hadya qilib ketgan Komiljon Otaniyozov, Sherali Jo‘rayev kabi jo‘mardlik yetishmaydi. Shunday emasmi?

Xo‘sh, oddiy muxlisga (o‘sha sizni ko‘klarga ko‘tarayotgan, boqayotgan xalq vakiliga) bunday iltifot ko‘rsatmas ekansiz, nega sizning tanobingizni tortib qo‘yishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar xizmatiga boraverasiz? Demak tilingiz qisiq joyi bor, qo‘rqasiz va yanayam qizig‘i puldan ham kattaroq, mukofot, himoya, obro‘ kabi nimadir ilinjidasiz. Shunday ekan endi e'tirozga na hojat?! 

Och qolganingiz to‘g‘risidagi qichqiriq esa hech bir tog‘oraga sig‘maydi. Toshkentning qoq markazida yuritilayotgan va hamisha gavjum bo‘lgan restoranlaridagi bir taomning yarim narxiga har qanday viloyatda kekirib yuborish mumkin edi. E, qoyil sizga!

Ikkinchi sohaga o‘tsak: futbolchilarimiz millatning asabini yeb bitirish, tushkunlikka tushirish, har to‘rt yilda tug‘ilgan umidlarni so‘ndirish uchun yurishganini (yugurishganini emas!) avval ham aytganman. Futbol ishqibozlari to‘p surishni xohlasalar, kichik maydonlar yetarlicha borligini, (no)professional futboldan butkul voz kechib, boks, kurash kabi sport turlarini rivojlantirishni ham taklif qilganman. Bilaman, bu taklif inobatga olinmaydi. Hali chiqishimiz o‘ta mavhum bo‘lgan o‘yinlarda darajamiz shu bo‘lgan, mo‘'jiza yuz berib, Rossiyaga borib qolsak ham sharmanda bo‘lishimizni hamma ta'kidlayotgan termamizning ahvoli shu bo‘lsa ham, do‘stona to‘p suriladigan maydonda “Surxon” klubi shifokori (!) mehmonga borgan va yerda yotgan “Andijon” vakilini tepkilasa ham futbol saqlanib qolaveradi. Chunki buning ortida juda katta industriya yotibdi!

Xo‘sh, unda nima qildik, boriga ko‘nikishga majburmizmi? Ohu nolalarimiz qumga sachragan tomchidek singib ketaveradimi? 

Hech bo‘lmasa futboldagi iqtisodiy shaffoflikni ta'minlaylik. Terma jamoaning futbolchiyu murabbiylari bu o‘yinlari ortidan qancha daromad qilayotganini bir jadvalga joylab e'lon qilaylik. Shuningdek ularga sarflanayotgan xarajatlarni ham bir bilaylik. Axir bu sizu bizning peshona terimizku, biz futboliga havas qiladigan davlatlarda shundayku. 

Balki shunda bilinar: To‘ydan to‘yga yurgan, hamisha ziyofat ustidan chiqadigan artistlarimizki norozi bo‘layotgan ekanlar, futbolchilarimizning ham o‘zlariga yarasha alamlari bordir. Axir bu qadar nursiz o‘yinga nimadir sabab bo‘lishi kerakku? Balki Babayanga oylik kam berilayotgandir? Yoki TJ futbolchilarining maoshi naqd emas, plastikka tushirilayotgandir (yoxud naqd/plastik hajmi 50x50 bo‘lishi kerak esada, 30x70 dir...) 

Aniqlash kerak albatta. Balki, futbolchilarimiz o‘qituvchiyu vrachlar kabi ko‘cha tozalashu, paxta terishga jalb qilinayotganlaridan norozidirlar? Yoki ko‘pchilikka cheklangan chet ellarga chiqish imkoniyati ularga berilib, Turkiyada yig‘in (Turkiya maydonlari biznikida yumshoqroq bo‘lsa kerakda), Malayziya, Koreya, Eron kabi davlatlarga o‘yinlarga borib kelish, biz soliq to‘lovchilar hisobiga ko‘kka ko‘tarilayotgan tekin samolyotlarda uchish jonlariga tegayotgandir?

Balki bellarini uqalab qo‘yayotgan massajchilarning qo‘li qotib ketgandir, yoki besh yulduzli mehmonxonalardagi sharoitlar ularning nozik ko‘ngillarini yetarlicha ovlolmayotgandir. Xo‘sh, muammo nimada, bilishimiz kerak-ku axir?!

Maqola yarim belida tugadi! Buyog‘iga yana javobsiz savollar va asabni egovlash boshlanib ketadi...

Abror Zohidov.

Mavzuga oid