Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chet ellarda saqlanayotgan madaniy boyliklarimizni aniqlash va ularni qaytarishga kirishildi
Turli davr va sharoitlarda taqdir taqozosi bilan yurtimiz tarixi va madaniyatiga, dinimizga oid ko‘plab noyob qo‘lyozmalar va arxiv hujjatlari chetga olib ketilgan. Ular bugungi kunda xorijiy davlatlarning fond va muzeylari, ilmiy-ma'rifiy muassasalarida saqlanmoqda. Navbatdagi videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu mavzuga murojaat qildi.
"Noyob tarixiy ashyolar va san'at asarlari nafaqat xalqimizning nodir durdonasi, balki jahon ahamiyatiga molik yirik kolleksiyalar hisoblanadi.
Chet ellarda saqlanayotgan madaniy boyliklarimizni aniqlash va ularni har tomonlama o‘rganish, imkon qadar mamlakatimizga olib kelish maqsadida keyingi davrda birmuncha ishlar amalga oshirildi. Lekin hammamiz tushunamizki, bu ishlarni jamoatchilik asosida hal qilib bo‘lmaydi. Bu masalani davlat siyosati darajasiga ko‘tarish zarur.
Bu esa tegishli moliyaviy va tashkiliy resurslarni, sohaga yuqori ilmiy salohiyatli kadrlar va mutaxassislarni jalb qilishni talab etadi.
Ushbu muhim vazifani amalga oshirish uchun biz hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida markaz tuzish bo‘yicha qaror loyihasi ustida ishlayapmiz.
Bundan asosiy maqsad shuki, tariximiz, madaniyatimiz, dinimizga aloqador bir varaq qo‘lyozma bo‘lsa ham, ularni to‘plab, xalqimizni, yoshlarimizni tanishtirish, bizning qanday buyuk va betakror merosimiz borligini anglatish, farzandlarimizni shu ulug‘ merosga munosib etib tarbiyalashdan iborat", - dedi davlat rahbari.
Shu o‘rinda O‘zbekistonda olib borilayotgan ana shunday ishlar nafaqat yurtimizda, balki chet ellarda ham jiddiy qiziqish uyg‘otayotgani ta'kidlandi.
"Dunyodagi, musulmon olamidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, katta obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan rasmiy shaxslar bu borada biz bilan hamkorlik qilish istagini bildirishmoqda", - qo‘shimcha qildi Prezident.
Mavzuga oid
19:45 / 06.02.2024
Elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi
19:10 / 22.01.2024
Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar bo‘yicha axborot berildi
19:05 / 22.01.2024
«Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» tashkil etiladi
09:47 / 19.01.2024