Light | 15:12 / 17.06.2017
85836
8 daqiqa o‘qiladi

Yolg‘on ma'lumotlar bilan tanilgan tarixiy 10 afsonaviy obraz

Biz o‘qigan barcha tarix darslari va tomosha qilgan hujjatli filmlarga qaramasdan, tarixiy personajlar, voqealar va mohiyatlar haqidagi ma'lumotlarimiz o‘ta noaniq. Ko‘p marta qayta aytilaverganidan qo‘shilgan mubolag‘alar va yolg‘on ma'lumotlar bizga yetkazilgan manzarani o‘ta buzib ko‘rsatmoqda. Alal-oqibatda, tarix shov-shuvli mish-mishlardan farqli bo‘lmay qolgan, eng ishonilgan faktlar ham turli ta'sirlar va buzilish effektiga uchragan. Biroq unutmasligimiz kerak-ki, tarix — bu «Uzuklar hukmdori» qissasi emas, fan. Shu sababli haqiqat nima ekanligini bilib qo‘yganimiz yaxshi, deb yozadi Trendymen.ru 

Vikinglar

Vikinglar odamlar orasida shoxdor dubulg‘a kiyib yuradigan, skandinaviyalik qahri qattiq, mag‘rur va jasur varvarlar, deb qabul qilingan. Go‘yoki ular ulkan hududlarni terror ostida ushlab, o‘zlari haqida dahshatli shon-shuhrat tarqatishgan. Aslida, bu yigitlar hech ham jirkanch qotillar bo‘lmagan, ularni hattoki hezalakka qiyoslash mumkin. Ular o‘zlarining uzun sochlarining parvarishi bilan band bo‘lishgan, qoshlarini terishgan, soqollarini ham o‘z nufuziga qarab tarab yurishgan. Nufuzni ushlab turish uchun tashqi ko‘rinish shunchalik ahamiyatga ega bo‘lganki, vikinglar o‘zlari bilan atir-upa ham olib yurishgan. Darvoqe, ular hech qanday shoxdor dubulg‘a kiyib yurishmagan, chunki jangda undan foydalanish o‘ta noqulay.

Leonardo Da Vinchi

Leonardoning kashfiyotlari shubhadan xoli, biroq uning yorqin siymosi biroz tuzatishlarga muhtoj. Biz uni oqil, biroz bukri, oq sochli chol sifatida tasavvur qilishga ko‘nikib qolganmiz. Nega bizga Da Vinchining yag‘rindor qomati, u doim mashqda toblagan mushaklari bo‘rtib turgani, ko‘rinishi ham barno bo‘lganini aytishmaydi? Zamondoshlari uni kelishgan va kuchli inson sifatida tanishgan, ba'zilarga esa u otning taqasini qo‘llari bilan bukib ko‘rsatgan.

Velotsiraptorlar

«Yura davri parki» filmi bizga bu tezkor va yirtqich dinozavrlarni o‘lim mashinasi sifatida tasvirlab bergan. «Dinozavr» so‘zini eshitishingiz bilan aynan velotsiraptor ko‘z oldingizga keladi. Aslida esa bu mahluqni qadimiy jo‘ja deb ta'riflash mumkin. Kinematograflar hamda tomoshabinlarning umidi chippakka chiqar, lekin uning o‘lchamlari biz o‘ylagandan juda kichkina, boz ustiga, patlar bilan qoplangan bo‘lgan. O‘rtacharoq it kattaligidagi patlar bilan qoplangan jonzot edi u — olimlar buni aniq isbotlab bo‘lishgan.

Napoleon Bonapart

Bechora Napoleon ne xo‘rliklarni boshidan kechirmagan, garchi Yer kurrasini egallab olaman, deya muvaffaqiyatsiz urinishi uchun ularga haqli ravishda duchor bo‘lgan esa-da. Eng asosiy mazax uning bo‘y-basti bilan bog‘liq. Nimagadir hamma uni kaltabaqay deb biladi va uning kalta bo‘yi o‘ziga bino qo‘yishiga sabab bo‘lgan, deb hisoblab kelinadi. Aslida esa u o‘sha vaqtdagi barcha erkaklar singari normal bo‘y-bastga ega bo‘lgan — 169 sm. Biroq u o‘zining atrofiga daroz va yirik jussali askarlarni yig‘ib yurgani, shuningdek, fransuzcha o‘lchov birliklarining inglizchasidan farq qilishi o‘z ishini bajargan-qo‘ygan.

Rim armiyasi

Kumushrang aslahalar kiyib jangga otlangan Rim legioni haqidagi suratlarni barchamiz ko‘rganmiz. Hammamiz ularni juda yaxshi tayyorlangan, yengilmas armiya ekanligiga zarracha shubha qilmaganmiz. Axir u dunyoni egallagan. Aslida ular tartibsiz harakat qiladigan, professional bo‘lmagan to‘dalardan iborat jangchilar edi. Harbiy ishdan xabardor legionerlar soni juda kam bo‘lgan, Rim Imperiyasining kengayishi sababli uning armiyasi duch kelgan odamlar hisobiga orta borgan.

Misr ehromlari

Tarix darslarida qadimgi misrliklarning erishgan natijasi — ehromlar haqida eng birinchi bo‘lib hikoya qilib berishadi. Garchi insoniyatning bema'ni mehnati mahsuli bo‘lgan bu yodgorliklar, ularning qurilishi tugallangan paytlarda umuman boshqacha ko‘rinishda bo‘lgan. Bular oq ohaktosh bilan koshinlangan, uzoqdan ko‘zga tashlanadigan shakl-shamoilsiz palaxsalardan iborat bo‘lgan. Yorqin tashqi qatlami ming yillar ichra o‘zining dastlabki ko‘rinishini yo‘qotgan va uning faqat qumtoshdan iborat asosi qolgan.

O‘rta asrlardagi janglar

Filmlar qadimiy janglarni ideallashtiradi va qo‘liga nayza va qilich ushlagan aslahali o‘ktam ritsarlar o‘z g‘alabalarini halol kurashda qo‘lga kiritishgan, deya tushuntiriladi. Aslida, o‘rta asrlardagi harbiy mojarolar tabiat qo‘ynidagi piknikka o‘xshash bo‘lgan. Kinolarda ko‘rsatiladigan qaqshatkich janglar juda kam holatlarda ro‘y bergan. Qo‘mondonlar askarlarning jonini himoya qilib, ko‘p ham ularni xatarga qo‘yishmagan. Shu sababli ular qal'alarni sekin qamal qilib, ochiq janglar o‘tkazishdan qochishgan. Harbiy lager dushman holdan toyishini, so‘ngra uning hamma narsasini jangsiz qo‘lga kiritishini kutgan.

Qadimgi yunon haykallari

Barchamiz qadimgi yunonlarning marmartoshdan o‘yib yasalgan haykallariga ko‘nikkanmiz, ba'zilarimiz esa oshufta bo‘lganmiz. Ular o‘ta mukammal tayyorlangan va chiroyli, qachondir umuman boshqacha ko‘rinishda bo‘lgani haqida shak-shubhaga o‘rin qoldirmaydi. Aniqlanishicha, mukammal ishda nafaqat qadimgi yunon haykaltaroshlari, shuningdek, vaqt va ob-havoning ham o‘rni bor ekan. Vaqt va zamon ta'siridan oldin haykallar o‘ta yorqin ko‘rinishga ega bo‘lgan, kislotaviy yorqin rang bilan haykallarga uzoqdan ko‘zga tashlanib turishi uchun jilo berilgan ekan.

Gladiatorlar

Gladiator obrazini tasavvur etishdagi xato bejizga emas. Biz ularni maqsadi dushmanni yengish bo‘lgan kuchli va qahrli qotillar sifatida tasavvur etamiz. Lekin unday emas. Ularning maqsadi boshqa bo‘lgan — ommaning vaqtini chog‘ qilish. Shu sababli ular bir birlarini darrov o‘ldirib qo‘ymasligi lozim bo‘lgan. Shu sababli gladiatorlikka semiz va besunaqay kishilarni olishgan. Bunaqalar jiddiy jarohat ham yetkaza olmaydi, o‘zlari ham zarbalarga dosh berishadi. Shou shu tarzda uzoqroq davom etavergan. Aftidan, kulgiliroq ham bo‘lgan.

Samuraylar

Samuraylarni ulkan qilich tutgan ajoyib qilichboz sifatida tasavvur qilishga ko‘nikib qolganmiz. Aslida, ularning bosh quroli kamon va o‘q bo‘lgan. Albatta, ular yonida qilich ham olib yurishgan, lekin undan foydalanishni juda yomon ko‘rishgan va alohida bir kor-hol yuz bermasa, uni qinidan ham chiqarishmagan. Agar samuray qo‘liga qilich olsa — u uzoqdan turib urush qilish borasida no‘noq, deb qabul qilingan, demakki — undan foyda yo‘q.
 

Mavzuga oid