Rauf Inileyev: Babayan eng kuchli tarkib haqida gapirganda ancha shoshilgan edi
«Interfutbol» nashri O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Rauf Inileyevdan terma jamoaning so‘nggi natijalar haqidagi fikrlarini so‘rab, intervyu oldi.
Nashr quyidagi savollar bilan murojaat qilgan:
1. Eron - O‘zbekiston o‘yini haqidagi umumiy fikrlar.
2. O‘zbekiston terma jamoasi Tehronda o‘tgan avvalgi bahsda Eronni mag‘lub etgan edi. Bu safar nima o‘zgardi - O‘zbekiston kuchsizlandimi yoki Eron kuchayganmi?
3. Samvel Babayan ayni vaqtdagi tarkibni o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchlisi, deb aytgan edi. Ammo Eronga qarshi kechgan bahsda o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchsiz jamoa maydonga tushdi, degan fikrga qo‘shilasizmi?
Rauf Inileyevning javoblari:
1. Eron - O‘zbekiston o‘yinidan qolgan taassurot hammada bir xil bo‘lsa kerak. Uchrashuv bunday o‘tishini kutmagandik. Terma jamoa butun o‘yin davomida kerak bo‘lganidek harakat qila olmadi va mag‘lubiyatga uchradi. Eng yomoni - O‘zbekiston terma jamoasida gol urish uchun vaziyatlar ham bo‘lmadi. Mana shunisi eng katta muammo. Futbolchilarimiz biror marta darvoza tomon aniq zarba bera olishmadi. Bu uchrashuvda nafaqat g‘alaba, balki durang uchun ham imkoniyat yo‘q edi. Raqib har tomonlama o‘yinni nazorat qilib, haqli g‘alabaga erishdi.
2. Eron termasi bilan safarda bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvdan buyon ko‘p narsalar o‘zgardi. Eng avvalo, raqib tarkibida kuchli futbolchilar soni yanada ko‘payganini aytish lozim. Eron jamoasida Yevropada to‘p suradigan kuchli ijrochilar har doim bo‘lgan. Hozirgi tarkib ham bundan mustasno emas. Oddiy misol, Sardor Azmunni oladigan bo‘lsak, u yosh bo‘lishiga qaramay, hujum chizig‘ida yetakchiga aylanib ulgurgan. Boz ustiga, Eron termasi o‘zi uchun kerakli taktikani ham yaxshi o‘zlashtirgan.
Forslar butun uchrashuv davomida himoyada ham, hujumda ham birdek samarali harakat qilishdi. Raqibning o‘yini vertikal asosga qurilgan edi, ya'ni to‘p egallab olingani hamono darhol hujumga o‘tildi va xavfli vaziyatlar sodir etildi. Eronliklar ko‘p vaziyatlardan foydalana olishmadi, aks holda, hisob yanada yirikroq ko‘rinish olishi ham hech gap emasdi. O‘zbekiston terma jamoasi esa har doim kuchli yarim himoyasi bilan tanilib kelgan.
Ko‘pincha himoya va hujumdagi muammolar aynan o‘rta chiziqdagi iqtidorli futbolchilar tufayli bartaraf etib kelingan. Ammo Eron bilan bo‘lgan o‘yinda aynan shu ustunlikni yo‘qotganimiz ko‘rinib qoldi. Nafaqat hujum va himoya, balki yarim himoyada ham raqibga imkoniyatni batamom boy berdik. Darvoza tomon birorta zarba yo‘llanmadi. Bu ham yarim himoyadagi muammolar sabab kelib chiqdi, oldinga aniq uzatilgan to‘pni ko‘rmadik.
Shu bilan birga, ba'zi kichik jihatlar ham o‘yinga ta'sir o‘tkazdi. Masalan, Denisovning jarohati natijasida chap qanot oqsab qoldi. Vitaliy o‘zining tezkorligi va shiddati bilan nafaqat himoya, balki hujumda ham yordam berib kelayotgandi. U maydonga tusha olmagach, chap qanotda aynan shu ustunlikni yo‘qotib qo‘ydik.
3. Samvel Babayan o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchli tarkib haqida gapirganda ancha shoshilgan edi. Aslida bunday gaplar murabbiylik etikasiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Aftidan, Babayan kuchsiz jamoalar bilan bo‘lgan o‘yinlardan xulosa chiqarib, shunday to‘xtamga kelgan va shoshib gapirib yuborgan. Vaholanki, o‘zbek futboli tarixida butun boshli musobaqalarda g‘olib chiqqan futbolchilar bo‘lgan. Bunday gap esa ularga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Babayan eng kuchli tarkib haqida qit'aning eng kuchli jamoalariga qarshi kechadigan o‘yinlardan so‘ng gapirgani ma'qul edi.
Boshqa tomonlama esa, murabbiy bu gap bilan ayni vaqtda terma jamoa sharafini himoya qilayotgan futbolchilardagi o‘ziga bo‘lgan ishonchni ko‘tarmoqchi bo‘lgandir, balki. Bu uslub qay darajada samara keltirgani esa boshqa masala.
Mavzuga oid
14:32 / 29.06.2024
Rasman: «Navbahor» va Babayan o‘zaro kelishuvga asosan shartnomani bekor qilishdi
12:55 / 10.01.2024
Rauf Inileyevni qit’ada yil murabbiyiga aylantirgan turnir. OFK prezidenti O‘zbekistondan nega uzr so‘ragandi?
13:00 / 12.11.2022
Poytaxt klublarining 21 yillik hukmronligi davom etadimi? Toshkentda derbi, Kapadze – Berdiyev, Qosimov Babayanga qarshi
19:03 / 14.09.2022