Iqtisodiyot | 19:14 / 20.06.2017
12713
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondagi “So‘g‘d-2017” ko‘rgazma-yarmarkasida tojik ishbilarmonlari bilan 100 dan ortiq kelishuvlar imzolandi

Joriy yilning 15-17 iyun kunlari Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida “So‘g‘d-2017” IV Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma va yarmarka Tojikiston hukumati hamda Tojikiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etildi.

Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida 8 ta davlat, ya'ni, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, O‘zbekiston, Belarus va Tojikiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan ishbilarmonlar o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Jumladan, ko‘rgazma-yarmarkada O‘zbekiston Respublikasidan Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Mamanov boshchiligida 30 dan ortiq iste'mol tovarlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub'yektlari ishtirok etdi hamda o‘zbek va tojik ishbilarmonlari o‘rtasida 100 dan ortiq kelishuv, shartnoma va bitimlar imzolandi.

Tuzilgan shartnomalarning miqdori 2,5 mln. AQSh dollaridan oshdi.

Ko‘rgazma-yarmarka doirasida tojikistonlik hamkorlar tomonidan uzoq hududlardan import qilinayotgan iste'mol tovarlari va qurilishi materiallari o‘rniga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan arzon va sifatli mahsulotlarni xarid qilish istagi bildirildi.

Ko‘rgazma davomida o‘zbek va tojik tadbirkorlari o‘rtasida biznes forum tashkil qilindi. Forumda Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi va SSP Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i so‘zga chiqib, So‘g‘d viloyati hamda Toshkent viloyati tadbirkorlari o‘rtasida bugungi savdo-iqtisodiy aloqalari kengayib, yangi bosqichga chiqayotganligini ta'kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati boshqarmasining Xo‘jand shahrida savdo uyini tashkil qilish yuzasidan kelishuv bitimi imzolandi.

Mavzuga oid