Jamiyat | 00:37 / 22.06.2017
29018
5 daqiqa o‘qiladi

Qarz oluvchi ham, beruvchi ham Alloh taoloning roziligini niyat qilsin

Qarz berishning savobi hadya berganning savobidan ko‘ra ko‘proqligi haqida hadisi sharif bor.

Uzish niyatida qarz olgan kishiga Alloh taoloning O‘zi yordam beradi, degan ma'noda Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) hadislar rivoyat qilingan. Xudo saqlasin-u, agar banda yeb ketish niyatida birovdan qarz olsa, unday odam o‘z boshiga balo yuklab olgan bo‘ladi va niyatiga muvofiq bu qarzidan qutulolmay ketadi. Imtihon dunyosini tark etganidan keyin uning yaqinlari qarzini uzadimi-yo‘qmi, noma'lum. 

Shuning uchun mo‘min banda lozim vaqtlarda Allohning yordamidan umid qilib, uzish niyatida qarz olsa va bu qarzini chiroyli qilib uzib, qarz egasini rozi qilish harakatida bo‘lsa, inshaalloh, qarzidan qutulib, uning o‘zi ham, qarz bergan banda ham ko‘p ko‘p savobu ajrlarga erishadi. 

Xalqimizda “Qizg‘anchiqdan qarz olma, qarz olsang ham xarjlama”, degan maqol bor. Bu maqol nima uchun aytilganini bilish qiyin emas. Avvalo, qizg‘anchiqdan qarz olishning o‘zi qiyin ish, ikkinchidan, unday odam qarz berishga rozi bo‘lgan taqdirda ham, tezlikda qaytarib berishinga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin, shuning uchun uni ishlatmay turganing ma'qul, deyilyapti. Lekin nima bo‘lganida ham, u qarzning egasi, qistashga haqli. Shunday ekan, qarz oluvchi ham, beruvchi ham Alloh taoloning roziligi niyatida harakat qilishi lozim. Bir tomonning ishi bitib qolsin, ikkinchi tomonning ham puli kuyib ketmasin.

“Qarz” so‘zi aslida kesish ma'nosini beradi. Ya'ni, imkoni bor odam o‘zining mablag‘i yoki sarmoyasidan qandaydir bir qismini kesib, boshqasiga beradi. Olgan odam esa o‘sha kesilgan joyni yana qayta tiklab berishi lozim. Qur'oni karimning bir necha joyida “Alloh uchun qarzi hasana beruvchi bormi?” ma'nosidagi oyatlar keladi (Baqara, 245; Moida, 12). Bu boy, mard kishilarga xitob. O‘shanday kishilar qarzi hasana berishsin va qarz olgan taraf to joyini to‘ldirgunicha sabr etib, qistalang qilmay tursin. Bu vaqtda Razzoq va Vahhob Alloh taolo O‘z fazli bilan boshqa tomondan qarzi hasana bergan mo‘min bandasiga fayzu barakot yetkazib turadi. Bu odamzotning emas, Haq subhonahu va taoloning va'dasi. U Zot va'dasiga aslo xilof qilmaydi!

Bandasining ishi – Undan duo qilib so‘rash va shu yo‘nalishda to‘g‘ri niyat bilan harakat qilish. Misoli tog‘ning etagida turib: “Ey Xudo, mening shu toqqa chiqishimni nasib qil”, deb so‘rab, keyin toqqa chiqishni boshlashdek. Shunda ham Parvardigor nasib qilsagina, tog‘ning tepasiga chiqadi, nasib etmagan bo‘lsa, bir qadam ham siljiyolmaydi. E'tiqodimiz ana shunday. “Olma, pish, og‘zimga tush”, deb harakatsiz qarab o‘tirish bizning yo‘limizga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki hazrat Bibi Maryamga ham: “Qurigan xurmo shoxini silkit”, deyildi (Maryam, 25). Silkitmasa ham berishga qodir edi, lekin O‘z ne'matini shu silkitish sababiga bog‘lab qo‘ydi. Silkitdi, qurigan xurmodan meva to‘kildi. 

Zotan, bu dunyo ishlari sabablarga payvasta qilingan. Demak, so‘rab Alloh taologa iltijo qilamiz, so‘raganimizga muvofiq harakat qilib, sabablarni amalga oshiramiz. Berish yo bermaslik, yetkazish yo yetkazmaslik Uning siri. Hukm ham Uniki, xohish ham! Xohlagan vaqtida har qanday sababni o‘rtadan ko‘tarib, to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazadi ham.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid