Light | 15:51 / 26.06.2017
65579
17 daqiqa o‘qiladi

BMW kompaniyasida ishlovchi o‘zbekistonlik orzusidagi ish haqida

BMW – har bir avto sohibining orzusi. Bu orzuning ishlab chiqarilishi ichkaridan qanday ko‘rinadi? BMWning dasturiy ta'minot bo‘yicha muhandisi, o‘zbekistonlik Shokir To‘laganov eng yirik avtokonsernlardan biriga ishga qanday joylashgani, u yerda ishlashning o‘ziga xos jihatlari va kompaniyaning kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi, deb yozadi Kommersant.uz.

Foto: Kommersant.uz

Aviatsiya, “Yunyy texnik”, Apple

Bolaligimda samolyotsoz bo‘lishni xohlardim. Otam Chkalov nomidagi TAIBda va 243-aviata'mirlash korxonasi (hozirgi Uzbekistan Airways Technics)da ishlardi. U Il-76 samolyotini yaratish va unga xizmat ko‘rsatish, An-124 Ruslan va An-224 Mriya uchun qanotlar tayyorlash bo‘yicha ishlagan. Kichikligimdan meni bu korxonalarga tez-tez olib borar, aerodinamika asoslarini, qanotlar tuzilishini va samolyotlarning boshqa xususiyatlarini tushuntirardi. Yetti yoshligimda men ko‘zimni yumib turib, har qanday sovet samolyotlari turini dvigatelining ovozidan aniq aytib bera olardim.

O‘n yoshimdan aviamodellashtirish to‘garagiga qatnaganman, bo‘sh vaqtimni butunlay o‘sha yerda o‘tkazardim: planerlar, turli samolyotlar yasardim, barcha shahar va respublika musobaqalarida qatnashardim. Hozirgidek yodimda – ba'zida o‘zim yiqqan ichki yonuv dvigatelili samolyotni uyga olib ketganimda, Qoratoshdagi mahalla bolalari meni o‘rab olib, samolyotni uchirishni so‘rashardi. Aviatsiyaga qiziqishim hanuz so‘nmagan – aviasalonlarga muntazam qatnayman.

To‘qqizinchi sinfda hisoblash texnikasi va dasturlashga tasodifan qiziqib qoldim. Informatika darsida dastlab hech narsaga tushunmadim. O‘qituvchimiz Sabina Anatolevna sodda tuzilmaviy diagramma chizmasini miyamga joylash uchun uzoq va jiddu jahd bilan harakat qilgandi. “Pravets” kompyuterlaridagi Beysik tili haqida gap ham yo‘q edi u paytlarda. Bir kuni algoritm nimaligini bilib olishga qaror qildim. Bu muayyan qoidalarga bo‘ysunuvchi amaliyotlarning mantiqiy zanjiri ekanligini tushunganimda, ko‘z oldim charog‘on bo‘ldi va masalalarni ketma-ket hal qila boshladim. Bolaligimdan “Yunyy texnik” jurnaliga obuna bo‘lardim, otam yig‘ib qo‘ygan, 50- va 60-yillardagi sonlari ham saqlanib qolgandi. Ularda EHM haqida ko‘p yozilardi, o‘sha yerdan qiziqarli masalalarni topib yechishga odatlandim.

Foto: Kommersant.uz

Keyin nafaqat Toshkent, balki butun mamlakat miqyosidagi muhim voqea ro‘y berdi. Moskva, Kiyev, Minsk va Toshkent bo‘ylab “AQSh hayotida informatika” Amerika ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma majmuiga kirish deyarli ilojsiz edi – shaharning yarmi navbatda turar, ko‘pchilikka ko‘rgazmaning o‘zidan ham ko‘ra, ko‘krak nishoni, chiroyli jurnal va paket olish qiziqroq edi. Men esa ichkariga amallab suqilib kirdim va… og‘zim ochilib qoldi. O‘shanda men birinchi marta sichqonchali Apple kompyuterlarini, tachskrinli displeylarni ko‘rdim. Bu hali 1989 yil edi! Butunlay boshqa dunyo edi bu.

Ta'lim

80-yillar oxirlarida men Kiyevdagi Fuqarolik aviatsiyasi muhandislari institutida o‘qishni rejalashtirgandim, ammo ittifoqning parchalanishi rejalarimni o‘zgartirib yubordi. Qolaversa, otam bevaqt olamdan o‘tdi va endi onam, singlim, buvimni tashlab uzoqqa ketishni xayolimga ham keltirib bo‘lmasdi.

Men qayerga o‘qishga kirishni aniq hal qilolmasdim. Onam Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi melioratsiyasi institutiga kirishga ko‘ndirdi. Men chet eldagi o‘qishga o‘tib ketishni o‘zimga maqsad qilib qo‘ygandim, lekin uchinchi kursdan o‘qishni tashladim. O‘sha paytda ko‘proq bugungi kun bilan yashardim va chet el kompaniyalariga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanardim: tarjimadan tortib biznes-konsaltinggacha ko‘maklashardim. U paytlarning me'yorlari bo‘yicha yomon pul topmasdim, mamlakat ichida ham, chet elda ham ko‘p tanishlar orttirdim. Lekin chet elda o‘qish fikri menga tinchlik bermasdi.

Oxir-oqibat, men Germaniyaga keldim, bu yerda Ulm universiteti bakalavriati va magistraturasini “Informatika” yo‘nalishi bo‘yicha bitirdim. Aspiranturaga taklif qildilar, lekin o‘qishdan charchaganim sababli, oldin biroz ishlashga qaror qildim. Nokia kompaniyasi anchadan beri ishga chaqirardi – o‘qish davomida ularning tadqiqot markazi bilan dasturchi sifatida hamkorlik qilib yurardim. O‘sha yerga ishga kirdim. Aspirantura esa qolib ketdi.

Nokia, Kuka robotlari, BMWga taklif

Mening birinchi loyiham S40 platformasi liniyasini mahalliylashtirish bo‘ldi. Men telefonlar dunyoning ko‘plab tillarida, jumladan rus va o‘zbek tillarida ishlay olishiga javob berardim. Binobarin, qachondir rus yoki o‘zbek tilidagi menyusi bor “Nokia”dan foydalangan bo‘lsangiz, bilingki, bu paketlarni men tayyorlaganman. Darvoqe, Nokia 3310 va 6310 kabi mashhur modellar Ulm shahridagi bizning markazimizdan chiqqan.

Keyin men chet ilovalarning integratsiyasi bo‘yicha loyihalar bilan shug‘ullandim – Facebook hamda Instant Messanger ilovalariga javob berardim.

2012 yilda Nokia bankrot bo‘ldi, men esa Kuka – avtomobil va boshqa texnikalarni yig‘uvchi, dunyoda eng keng tarqalgan sanoat robotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyadan taklif oldim. Kukada men build management tizimini ishga tushirish va Continious Integration (uzluksiz integratsiya) rejimida build-jarayonlarni avtomatlashtirish bilan shug‘ullandim.

Loyiha yakuniga yetib, faqat qo‘llab-quvvatlash, vaqti-vaqti bilan arzimagan o‘zgarishlar kiritib turishgina qolganda, bu ish menga zerikarli ko‘rina boshladi. LinkedIn orqali menga ish beruvchilar, xedxanterlar muntazam yozib turishardi. BMW bilan hamkorlik qiluvchi xodimlarni yollash agentligidan ham yozishdi. Ularga build managment va Embedded systemsga dasturiy ta'minotni integratsiyalashda tajribaga ega odam kerak edi, chunki bu yerda ham Continious Integration rejimiga o‘tish rejalashtirilgandi. Bu esa, men uzoq yillar shug‘ullanib yurgan yo‘nalishim edi. Biz bir-ikki yozishdigu, shu bilan ularni esdan ham chiqib ketdi. Bir necha haftadan keyin ular yana menga xat yo‘llashdi va BMW kompaniyasiga suhbatga chaqirishdi, u yerda menga ishga kirish taklif etildi.

Foto: Kommersant.uz

Meni ishga olishganda yashash va ishlashga ruxsatnomam bor edi, shu sababli chet eldan ishga joylashish taomilini yaxshi bilmayman. Lekin, xorijdan kelib, shu yerning o‘zida ruxsatnoma olgan ko‘plab odamlarni bilaman. Kompaniya ko‘chib kelishga ham, hujjatlarni rasmiylashtirishga ham yordam beradi. Barchasi ish beruvchi yangi xodim olishdan qanchalik manfaatdor ekaniga bog‘liq. Naq Avstraliyadan, butun oilasi va yana katta konteyner to‘la uy jihozlari bilan ko‘chib kelishi xarajatini kompaniya qoplagan odamlarni bilaman.

BMWning ichki hayoti

Dastlabki ikki oy jarayonlarni o‘rganishga, kurslarni o‘tashga va sertifikatlar olishga ketadi. Hozirda men Driving Assistency Systems bo‘limida ishlayman, VDP (Vertical Dynamic Platform) loyihasiga va premium toifasidagi avtomobillar: BMW 7, Rolls-Roycening vertikal osmasi kontrolleriga javob beraman. Mening ishim “temir” yetkazib beruvchilar bilan ishlash, avtomobil DT yagona tizimiga integratsiyalash va dasturchilarning faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat. Ikkinchi vazifam boshqa kontrollerlarga javob beruvchi integratorlar jamoasini muvofiqlashtirishdir (Team lead). Uchinchi vazifa – DT tashqi yetkazib beruvchilari bilan ishlash: texnik topshiriq tayyorlash, tenderlar e'lon qilish va g‘oliblarni tanlash. Ko‘pincha hindistonlik kompaniyalar yutib chiqadilar. O‘zbekistonda, butun sobiq ittifoq hududidagi kabi, bizning talablarimizga javob beradigan firmalar hozircha mavjud emas.

Ish haqi qanchaligini aytib o‘tirmayman. O‘zingiz bilasiz, inson qanchalik ko‘p topmasin, doimo kam ko‘rinadi. Loyihaviy bonuslar bor, alohida kelishuvlar bor. Hammasini kelishsa bo‘ladi.

Menda shu korxonaga tegishlilik hissi yo‘q, avvalgi ishxonalarda ishlaganimda ham bo‘lmagan. Men o‘z xizmatlarim va bilimlarimni sotaman, zimmamdagi vazifalarni bajaraman va bo‘sh vaqtimni o‘zimga va yaqinlarimga bag‘ishlayman. Shunisi menga qulay – bu mavqedan turib ishning turli jihatlariga tanqidiy yondashish oson bo‘ladi. BMWning Myunxendagi bo‘linmasida 40 000 nafar xodim ishlaydi, bu kichikroq shahar aholisidir. Munosabatlar ham shunga yarasha – men faqat o‘z qo‘shnilarimni taniyman, narigi ko‘chadagilarni yilda bir marta ko‘rsam-ko‘raman, bo‘lmasa o‘sha ham yo‘q.

Bu “shaharcha”ning o‘z quvonchlari, tashvishlari, hayajonli damlari bor. Boshida meni yaxshi qabul qildilar, hamma do‘stona muomalada bo‘ldi. Men asta yangi ishga kirisha boshladim, deyarli hech kim bilan baqamti kelmadim. To‘rt oy o‘tgach boshliq menga integratorlar jamoasiga rahbarlik qilishni taklif etdi – jamoada jiddiy muammolar tug‘ilgandi. Tashkiliy jarayonni tubdan o‘zgartira oladigan, vaqtinchalik bo‘lsa ham, inqiroz-menejyer kerak edi.  Hamkasblarimning munosabatlari turlicha bo‘ldi. Buni tabiiy hol deb qabul qildim: yangi kelgan, buning ustiga chet ellik xodimni ko‘tarishdi. Men anchadan beri bunday fikrlarga e'tibor bermay qo‘yganman, ular menda hech qanday salbiy tuyg‘ular uyg‘otmaydi: bu gap-so‘zlarni mening ishim, xatti-harakatim va pirovard natijam yuvib ketishini yaxshi bilaman.

Bir-birimizga qanday ko‘nikkanimiz, jamoani zo‘rlik bilan yangicha Sprint va Scrum tashkiliy jarayoniga moslashtirganim – bular alohida mavzu. Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsam, yarim yilgacha, to jamoamizning natijalari yaqqol ko‘rinmagunicha, shubha bilan qarashlardan xalos bo‘lmadim.

Hamkasblarning barchasi biz ahil va birdam jamoaga aylanganimizni, avvallari ko‘p uchrab turgan hol – DT yetkazib berish muddatining cho‘zilib ketishiga barham berilganini tan olishdi. Eng muhimi esa, o‘rtamizda qalin do‘stona munosabat qaror topdi. Men jamoada muntazam ravishda turli tadbirlar uyushtiraman, birga restoranga boramiz, barbekyu tayyorlaymiz. O‘zimning rahbar ekanimni ta'kidlashga aslo harakat qilmayman: o‘zaro hazillashamiz, ularning muammolariga quloq tutaman, qo‘ldan kelgancha yordam beraman va jamoaning har bir xatosi uchun rahbariyat oldida javobgarlikni bo‘ynimga olaman.

Eng muhimi – o‘zingga ortiqcha baho berib yubormaslik

Germaniya korporativ siyosati uzoq yillardan buyon optimizatsiyaga yo‘naltirilgan. Iqtisodiyotning oltin qoidalaridan biri yodingizdami: minimal pul tikib, maksimal daromad ko‘rishga intilish? Bu yerda shunday yo‘l tutishadi: minimal inson resurslari sarflab, maksimum unumdorlikka erishishga intilishadi. Bu shunday amalga oshiriladi: sizga asta-asta qo‘shimcha texnik topshiriqlar yuklayverishadi, kuzatishadi – agar bu ishlarning uddasidan chiqib, muddatida bajarayotgan bo‘lsangiz, demak yana ikkita “qop” ortsa bo‘ladi. Bu to siz bukilib qolguningizcha davom etadi. Shunda tizginlar tortiladi, maksimal unumdorligingiz belgilanadi. Yelkadan bitta qop olib tashlanadi va endi kuniga shuncha qop tashlaysan, deyiladi.

Shu sababli, o‘z imkoniyatlarini real baholash kerak. Berilgan har qanday topshiriqni bajarishga tayyor turish – yaxshi xislat, lekin qo‘lingdan keladiganidan ortiq vazifani zimmangga olishing yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Muddatlarning cho‘zilishi yoki vazifalar bajarilmaganligi uchun boshingni silashmaydi, buning asorati esa uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Foto: Kommersant.uz

Kun tartibi va samaradorlik siri

Erkin ish grafigiga egaman, lekin ish yuzasidan uchrashuvlar ko‘p bo‘lgani sababli, ishga 9 bo‘lmasidan oldin kelishimga to‘g‘ri keladi. Agar hindistonlik kompaniya bilan telekonferensiyam bor bo‘lsa, vaqtdagi tafovut sababli, yana ham vaqtliroq kelaman.

Agar ishingiz boshqa joylarga qatnashga bog‘liq bo‘lsa, xizmat mashinasi beriladi. Zarur hollarda yo‘l xarajatlari qoplanadi. Bo‘limimizda DTni sinovdan o‘tkazish uchun ishlatiladigan mashinalar ko‘p, ularni hatto shaxsiy maqsadlarda, dam olish kunlariga ham olishimiz mumkin.

Men Augsburgda yashayman, bu Myunxendan 50 km narida. Ishga tezyurar poyezdda qatnayman, unda internet, stol va rozetka bor – men yarim soat vaqtimni pochtani ko‘zdan kechirish va ertalabki uchrashuvlar uchun axborot tayyorlashga bag‘ishlashim mumkin. Qaytishda ham poyezddagi vaqtimdan unumli foydalanishga harakat qilaman. Har kuni ishdan keyin fitnes-klub yoki basseynga borishga harakat qilaman. Dasturim standart: 10 km yugurish, chigalyozdi mashqlari va sauna yoki 2 km.ga suzish. Mashqlarsiz tanam bo‘shashib, diqqat yo‘qoladi, umuman, o‘zimni noxush his qila boshlayman. Kechqurunlari uydagi kabinetimda BMW bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa loyihalar ustida ishlayman.

O‘zbekistondagi loyihalar

O‘zbekistondagi biznes-sheriklar bilan aloqalarni uzmaganman, hozirda ham ba'zi loyihalarni birga amalga oshiramiz, lekin ular ITga bog‘liq emas. Asosan bu ko‘p jihatdan atvomatlashgan ishlab chiqarish liniyalaridir. Keyingi ikki yilda men O‘zbekistonga ko‘proq borishga harakat qilyapman, u yerda mana shu loyihalar ustida ishlayman. O‘zbekistondagi loyihalarga berilib borishimni ko‘rib, ertami-kechmi yo Germaniyadagi karerani yoki O‘zbekistondagi biznesni tanlashimga to‘g‘ri kelishini tushunib turibman. Ungacha esa, Germaniyadagi murakkab loyihalarni boshqarish bo‘yicha tajriba oshirib boraman.

Afsuski, O‘zbekistonda mashinasozlik sohasida DT yaratish bilan shug‘ullanuvchi birorta kompaniyani bilmayman. O‘z avtomobil zavodi mavjudligini hisobga olsak, avtomobilsozlikni mahalliylashtirish uchun bu yo‘nalish juda foydali bo‘lur edi. Bilishimcha, DT yetkazib berish bilan Chevrolet asosiy konserni shug‘ullanadi. Avtomobilsozlikda DT roli tobora ortib boradi va O‘zbekiston bu yo‘nalishni o‘z tajribasi asosida rivojlantirishi lozim bo‘ladi.

Foto: Kommersant.uz

Toshkentdagi dasturchilarga maslahatlar

Birgina veb-sahifalar va mobil ilovalar yaratishga o‘ralashib qolmaslik kerak. Boshqa ko‘plab sohalar bor, ularni tatbiq etish, faqat yuqori darajadagi tillarda emas, mashina tilida ham dasturlash lozim. O‘zbekistonda ko‘plab avtomatika institutlari, hisoblash markazlari, yirik zavodlar qoshida avtomatlashtirish bo‘limlari bo‘lgan.

Bolalarni texnikaga o‘rgatish juda muhim. Qurilmalar bilan tanishtirish, ishlash tartibini tushuntirish kerak. Qiziqish bolalikdan boshlanadi. Ba'zan men Raspberryda dasturlayman, o‘g‘limga oddiy hisoblash qurilmalari qanday ishlashini tushuntirish maqsadida uy jihozlari uchun sodda yechimlar ishlab chiqaman. Masalan, Yangi yilda biz Qorboboni topish dasturini tuzdik, kompyuterga harakat detektorini uladik, archa atrofiga infraqizil nurli datchiklar va kamera o‘rnatdik (biroq, Qorboboni baribir tuta olmadik).

Mavzuga oid