O‘zbekiston | 19:12 / 30.06.2017
77301
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat departamenti O‘zbekistonga o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini paxta terimiga jalb etmaslikni tavsiya qildi

O‘zbekiston hukumati odam savdosiga barham berish bo‘yicha minimal standartlarga to‘liq javob bermaydi va buning uchun yetarlicha sa'y-harakat qilayotgani yo‘q, shuning uchun u 3-darajada qoldi, deyiladi AQSh Davlat departamentining odam savdosiga doir hisobotida. 

Shunga qaramay, O‘zbekiston hukumati odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ko‘rgani, bolalarning paxta terishi, majburiy mehnat kabi holatlarni nazorat qilishga imkon berilgani qayd etilgan. Hukumat shuningdek bolalar mehnati taqiqlanishi bo‘yicha aholi xabardorligini oshirish borasida katta kampaniya o‘tkazgani e'tirof qilingan. 

Bundan tashqari, hukumatning odam savdosida gumon qilinayotganlarni ta'qib qilishda davom etayotgani, transmilliy jarayonlarda qatnashayotgani va odam savdosi jabrlanuvchilari tiklanish markazlarini moliyalashtirayotgani ta'kidlab o‘tilgan. 

Shu bilan birga, ba'zi joylarda baribir bolalar mehnatidan foydalanish, paxta dalalarida mehnat qonunchiligini buzish holatlari davom etayotgani ta'kidlangan. 

"Viloyatlar amaldorlari mustaqil kuzatuvchilar va alohida nazoratchilarni ta'qib qilib, ularni so‘roq qilgan bir necha holat qayd etilgan", - deyiladi hisobotda.

Manbaga ko‘ra, 2016 yilda hukumat 714 nafar odam savdosi qurbonini aniqlagan. Bu esa ko‘rsatkichlar 2014 (924 nafar) va 2015 (1208 nafar) yillarga nisbatan qisqarganini bildiradi. 714 kishining 193 nafari mamlakat ichkarisida jabrlangan, qolganlar esa boshqa mamlakatlarda ekspluatatsiya qilingan. Ma'lum qilinishicha, odam savdosi qurbonlarining aksariyati majburiy mehnatga jalb qilingan. 

Shu munosabat bilan O‘zbekistonga ba'zi tavsiyalar berib o‘tilgan:
- paxta terimlarida majburiy mehnatdan foydalanishni to‘xtatish choralarini ko‘rish;
- paxta teruvchilar uchun mehnat sharoitlarini yaxshilash;
- majburiy bolalar mehnatini yo‘q qilish;
- kuzatuvni kuchaytirish;
- mustaqil kuzatuvchilarga paxta yetishtirish monitoringini kuzatishga to‘liq imkon berish va ularni ta'qib etishni to‘xtatish;
- odam savdosiga aralashgan shaxslarni javobgarlikka tortish; 
- qishloq xo‘jaligidagi mehnat sharoitlarini yaxshilash;
- terimga o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, kollej va litsey o‘quvchilarini jalb qilmaslik;
- mehnat huquqi borasidagi aholi xabardorligini oshirishda davom etish.

Mavzuga oid