O‘zbekiston | 09:24 / 01.07.2017
29368
8 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarni ish bilan ta'minlash borasida qanday imtiyozlar yaratilmoqda?

Yoshlarni ish bilan ta'minlash masalasi biz uchun hamon eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari ochish, ularning halol mehnat qilib, daromad topishi maqsadida ko‘p ishlar qilinmoqda. Shunga qaramasdan, bu borada muammolar ham oz emas. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan "Kamolot" qurultoyida shu mavzuga to‘xtaldi. 

"Yurtimizda ishsizlarning aksariyat ko‘pchilik qismini kollej bitiruvchilari tashkil etmoqda. Masalan, 2016 yili 477 ming 743nafar yosh yigit-qiz kollejlarni bitirib chiqqan va ularning 438 ming 503 nafari yoki 91,8 foizi ish bilan ta'minlangani to‘g‘risida ma'lumot berilgan.

Savol tug‘iladi: bu raqamlar qanchalik to‘g‘ri? Agar barcha kollej bitiruvchilari ishga joylashayotgan bo‘lsa, ishsiz yoshlar qayerdan paydo bo‘lyapti? Kollej bitiruvchilari bilan to‘rt tomonlama shartnomalarni nomigagina imzolab, o‘zimizni o‘zimiz aldamayapmizmi?

Yoshlarni ish bilan ta'minlash uchun avvalo ular o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, bu borada yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida biz bir qator chora-tadbirlarni ko‘zda tutmoqdamiz.

Bu borada Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga har bir tuman (shahar) markazida Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etish vazifasi topshiriladi. Ana shu klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va transport kommunikatsiyasi, aloqa vositalari va Internetga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lgan hududlarda foydalanilmay yotgan davlat obektlari yosh tadbirkorlarga “nol” qiymati bilan ijaraga beriladi.

Hamma hududlarda tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalarda, shaharlarda esa kichik sanoat zonalarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a'zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlardan ijara haqi olinmaydigan tartib joriy etiladi.

Bundan tashqari, o‘z biznesini boshlayotgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli narxlarda yuridik, texnik va boshqa maslahat yordamlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish lozim. Bu masala bo‘yicha moliya vaziri B.Xo‘jayev hamda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov bir oy muddatda tegishli takliflarni ishlab chiqib, taqdim etishi zarur.

Shuningdek, tegishli iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining byudjyet mablag‘larini ikki barobar ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, moliya vaziri B.Xo‘jayev va Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev bu masalaga mas'ul hisoblanadi.

Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Hunarmand” uyushmasiga topshiriq: hunarmandlik yo‘nalishidagi tadbirkor yoshlar, ayniqsa, qizlarning kasanachilik bilan band bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratib berilsin. Bu borada bo‘sh turgan obektlardan imtiyozli shartlar asosida joy ajratish, mini-texnologiyalar, asbob-uskuna va zarur jihozlar o‘rnatib berish ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, yosh hunarmandlarga xomashyo sotib olish uchun kreditlar berish, o‘z biznesini boshlagan yosh tadbirkorlar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan sug‘urta badalini olingan kreditlarni qoplashga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga topshiriq: sinov tariqasida 11 yillik majburiy o‘rta ta'lim tizimiga o‘tish munosabati bilan bo‘shaydigan kollej ustaxonalari negizida yoshlarni, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni 6 oygacha bo‘lgan muddatda bepul o‘qitish va kasbga qayta o‘qitish markazlari tashkil etilsin.

Ayni paytda qo‘liga diplom olib, mustaqil ish boshlayotgan yoshlarimiz uchun ham qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beriladi.

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta'lim muassasalarining birinchi marta ishga joylashgan bitiruvchilari bu imkoniyatlardan foydalanadi. Ya'ni, ta'lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan bo‘lsa, ularning ish haqidan olinadigan daromad solig‘i birinchi yili 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillarda esa 25 foiz kamaytiriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida barcha turdagi soliqlardan 10 yilga ozod qilingan sho‘'ba korxonalari tuzish vakolati beriladi. Ushbu korxonalar uchun aniq faoliyat yo‘nalishlarini, misol uchun, turli fanlar, jumladan, chet tillarni o‘rgatish, kompyuter dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish tizimlarini belgilash lozim. Mazkur korxonalar tomonidan to‘lanadigan soliq tushumlarining 20 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga o‘tkazib berish tartibini joriy etish kerak.

Yana bir masala – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va tumanlarda zamonaviy “Yoshlar kinoteatrlari”ni barpo etish ishiga bosh-qosh bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Buning uchun “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 5 yil muddatga beriladigan imtiyozli kreditlar asosida alohida dastur ishlab chiqish va amalga oshirish taklif etiladi. 

Yoshlar ittifoqining faol a'zosi bo‘lgan, bakalavriat va magistratura talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ta'lim bo‘yicha shartnoma to‘lovi miqdorining 35-40 foizini tashkilot hisobidan to‘lash orqali moddiy yordam ko‘rsatish ham ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3-5 yil va undan ko‘proq faol ishlab kelayotgan, ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish istagini bildirgan xodimlarning har yili 140 nafariga 25-30 foiz miqdoridagi boshlang‘ich to‘lov tashkilot mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Shuningdek, Yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarini rag‘batlantirish, tashkilotning faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida tijorat banklarining 10 yil muddatgacha mo‘ljallangan, boshlang‘ich to‘lovi 15 foizlik imtiyozli kreditlari asosida ularga o‘zimizda ishlab chiqarilgan “Matiz” va “Damas” avtomobillarini shaxsiy mulk sifatida sotib olishda qulaylik yaratiladi.

Agar hozirgi narxda o‘rtacha 46 million so‘m bo‘lgan bu kreditni qaytarish muddati amalda 3 yil, foizi esa 30 foiz ekanini hisobga olsak, samarali xizmat qilayotgan yoshlar yetakchisi bundan qancha iqtisodiy naf ko‘rishini tasavvur qilish qiyin emas.

Yana bir muhim masala – endi viloyat va tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshliqlarining yoshlar bo‘yicha o‘rinbosarlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan lavozimga tayinlanadi.

Bu albatta joylardagi davlat boshqaruv idoralarining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuzilmalari bilan hamkorligini sifat jihatidan oshirishga xizmat qiladi".

Mavzuga oid