O‘zbekiston | 15:15 / 01.07.2017
51102
2 daqiqa o‘qiladi

Kimlarning xizmat safariga chiqishi Prezident roziligini talab qiladi?

O‘zbekistonda xorijiy davlatlarga o‘z xizmat safarlarini muvofiqlashtirishi kerak bo‘lgan mansabdor shaxslar ro‘yxati o‘zgardi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 16 iyundagi farmonida so‘z yuritiladi, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Hujjatga ko‘ra, endilikda Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari, shuningdek, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga xizmati safariga chiqish uchun Prezidentning roziligi talab etiladi.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashi sudyalari, Birinchi Prezident I.Karimov nomidagi Ilmiy-ma'rifiy memorial majmuasi va H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi rahbarlari buni Prezident devonining tegishli xizmatlari bilan muvofiqlashtirishi joriy etildi.

Ro‘yxatdan tashqi siyosiy tadqiqotlar muvofiqlashtirish-tahlil markazi direktori va uning o‘rinbosari, davlat oliy ta'lim muassasalari prorektorlari, MXX OTM rahbarlari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, DSQning mas'ul xodimlari chiqarildi.

Prezidentning «Iste'dod» jamg‘armasi ijrochi direktorining xizmat safari davlat rahbari bilan emas, balki Prezident devonidagi ilm-fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha Xizmat bilan muvofiqlashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid