Sport | 08:51 / 02.07.2017
13742
3 daqiqa o‘qiladi

Povetkin ukrainalik Rudenkoni mag‘lub etib, "katta o‘yin"ga qaytdi

Foto: RIA Novosti

1 iyulda Moskvadagi "Rossiya" konsert zalida rossiyalik Aleksandr Povetkin va ukrainalik Andrey Rudenko o‘rtasida boks jangi bo‘lib o‘tdi. Jangga WBO va WBA yo‘nalishlari bo‘yicha interkontinental chempion kamarlari tikilgan edi.

12 raund davom etgan jang natijalariga ko‘ra, Povetkin ochkolar bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Jang quyidagicha hisobda yakunlandi: 120:109, 120:108, 120:108. 

Bu g‘alaba rossiyalik bokschining o‘tgan yil oxirida u bilan sodir bo‘lgan doping-mojarodan keyingi birinchi g‘alabasi bo‘ldi.

Endi ikki kamar rossiyalikka o‘tdi. Jangning o‘zi esa yorqin muhitda o‘tdi. Muxlislar orasida rejissyor Nikita Mixalkov, hayvon o‘rgatuvchi Edgard Zapashniy va aktyor Gosha Kutsenko kabi taniqli kishilar bo‘ldi.

Jang oldidan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi murakkab munosabatlar sababli siyosiy xarakterdagi ig‘volar bo‘lishi mumkinligidan ba'zi xavotirlar bo‘lgan. Biroq xavotirlar o‘rinsiz bo‘lib chiqdi va barchasi osoyishta o‘tgan. Rossiyalik muxlislar ukrainalik sportchini xuddi o‘zlarinikidek qizg‘in kutib olishdi hamda zaldagilarning ko‘pchiligi Ukraina madhiyasi yangraganda uni turib qarshiladi. 
 
"Men biror ig‘vo bo‘lishidan xavotirlanayotgandim. Biroq hammasi yaxshi o‘tdi. Andrey Rudenko juda yoqimli inson, u bilan munosabatlarimiz yaxshi va men jang siyosiy tus olishini istamagandim. Hammasi o‘zaro hurmat asosida kechdi", deb aytdi "Mir boksa" promouterlik kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy.

Qayd etish joizki, 1-raund o‘rtalarida kutilmagan hodisa yuz berdi. Povetkinning hujumi va klinchidan keyin ukrainalik bo‘yni sohasida og‘riq his qilayotganidan shikoyat qilgan va jang birozga to‘xtab qolgan. Sportchi shifokor tomondan ko‘rib chiqilgan, hakam esa jang supervayzerlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkaza boshlagan, bu orada muxlislar ushbu vaziyatdan norozilik bildirib, hushtakbozlik qila boshlashgan, chunki ular jangdan haqiqiy shouni ko‘rish istagida edilar.

Biroq Rudenko murabbiyi bilan maslahatlashgach, jangni davom ettirishga qaror qilgan va bu tribunalar tomondan olqishlar bilan qarshilangan.

 

Mavzuga oid