O‘zbekiston | 16:08 / 03.07.2017
6360
3 daqiqa o‘qiladi

“Tadbirkor ayollarning boshqaruvchilik salohiyatini rivojlantirish” mavzusidagi seminar treninglarga start berildi

3 iyul kuni Vestminster Universitetining majlislar zalida “Tadbirkor ayollarning boshqaruvchilik salohiyatini rivojlantirish” mavzusidagi seminar treninglarning birinchi bosqichi boshlandi.

Tadbir “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Toshkent byurosi hamkorligida tashkil etilib, O‘zbekistonda tadbirkor ayollar harakatini keng quloch yoydirish, ularning faoliyatida biznes boshqaruvining zamonaviy modullarini qo‘llash orqali ishbilarmon ayollar rahbarligidagi ishlab chiqarish korxonalari mahsuldorligini oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan. 

Loyiha doirasida 150 nafar tadbirkor ayolga universitetning malakali mutaxassislari tomonidan  boshqaruvchilik sir asrorlari o‘rgatilib, ularning eng faol 20 nafariga Yevropaning yetuk ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirish va tajriba almashish imkoni beriladi. Zero, ayollarning bozor munosabatlarini shakllantirish jarayonida ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish, o‘zaro ishonch va ishbilarmonlik muhitini mustahkamlash, innovatsion ta'lim dasturlarini joriy etish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish yo‘li bilan ayollarning mehnat bozoridagi raqobatdoshligini oshirish “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollari assotsiatsiyasining ustav vazifalari  sirasiga kiradi. Shuning uchun ham turli tashkilotlar bilan hamkorlikda shu davrgacha 14 ming nafardan ortiq xotin-qizlar biznes asoslariga, 60 ming nafardan ziyodlari  yangi kasbga o‘qitildi.

Seminar treninglar ochilishi marosimi YeXHT Toshkent byurosi vakillari, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi rahbariyati, Vestminster universiteti professor o‘qituvchilari va biznes ekspertlari, tadbirkor ayollar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar zamonaviy texnologiyalar asosida xotin-qizlarning kasbiy malakasini oshirish, ularni zamonaviy biznes o‘quv modullari bilan tanishtirish, Yevropaning yetuk kompaniyalarida stajirovkada bo‘lib tajriba almashishlari  faoliyatlarida juda muhim ekanligi haqida so‘z yuritishdi.

Shu kuniyoq Vestminster universiteti biznes trenerlari rahbarligida 50 nafar tadbirkor ayol uchun bir haftalik o‘quv seminarlariga start berildi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid