O‘zbekiston | 20:40 / 04.07.2017
167822
8 daqiqa o‘qiladi

«Men boy emasman» - Anvar qori o‘ziga qilingan hujumlar haqida

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov Xalqaro press-klubning Majburiy ijro byurosi faoliyatiga bag‘ishlangan anjumanida ishtirok etgach, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylandi. Ijtimoiy tarmoqdagi guruhlarda qorining qo‘lidagi soatiga e'tibor qaratilgan, u narxi 20 ming dollardan ortiq bo‘lgan Ulysse Nardin rusumli soat taqqani aytilgandi.

«Kun.uz» sayti ushbu vaziyat yuzasidan munosabatini so‘rab, Anvar qori bilan suhbat uyushtirdi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘zi haqida tarqalgan gap-so‘zlardan xabardor ekanini, bu haqda o‘qiganini aytdi.

«Avvalo bir narsani yaxshi tushunishimiz kerak. Islom dinida boy bo‘lish yaxshiligi aytiladi. Boylik halol bo‘lsa, Alloh xohlagan bandasiga beradi. Faqat halol bo‘lish kerak, pokiza bo‘lish kerak. Boy bo‘lish yaxshi.

Imom A'zam juda badavlat bo‘lgan, eng qimmat kiyimlarni kiygan. Juda o‘zlariga qarab yurganlar. Chunki, payg‘ambarimiz aytgan: «Alloh go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi». Imomlar, ziyolilar chiroyli kiyimlarni kiyishgan. Bir narsani aytish kerak, boylik qoralanmaydi. Boy odam yomon odam degani emas.

Yana bir narsani aytaman - men boy emasman. Buni ko‘pchilik biladi. Besh farzandim bor, nabiralarim bor, o‘zgadan qarzim yo‘q, o‘zimga to‘q yashayman», deya gap boshlagan imom.

U o‘zi haqida gumon qilib, gap-so‘z qilganlar, avval ma'lumotni tekshirib, keyin e'lon qilishi kerak bo‘lgani, o‘zidan so‘rash kerak bo‘lganini ta'kidlagan.

«Kecha ham aytdim, yana qaytaraman. Xuddi mana shu xonada, Hayitdan ikki kun oldin soatimni burayotgan edim, buraydigan joyi «chiq» etib chiqib, buzilib qoldi. Bu yerda bir yaxshi ukamiz turgan edi, «Qori aka, menga bering, tuzatib olaman, tabarruk», deb so‘radi. U keyingi kuni boshqa yangi soat olib kelib «Sizga hayitlik», deb berdi. Bizning ishimizda soat juda kerak. Yoshim 59da, ko‘zlari kattagina ekan, deb taqib oldim.

Keyingi kunlarda shu gap-so‘zlar chiqdi. Men o‘sha yigit bilan gaplashdim, soat necha pul turishini so‘radim. «Men buni Amirlikka borganimda 200 yoki 250 dollarga olganman. Soatlarim ko‘p, bittasini sizga hadya qilib olib kelgandim. Bu unaqa qimmat narsamas», deb, izohini berdi.

Men xafa bo‘ldim, ular esa mendan so‘ramasdan, surishtirmasdan, shunday gaplarni yozishdi. Ular imomlar shunday qimmat soat taqadi demoqda. Birinchidan, bu tuhmat. Ikkinchidan, men oltin soat taqmayman. Payg‘ambar (s.a.v.) erkaklarga oltin soat taqishni taqiqlagan. Bu oddiy soat, yangi bo‘lgani uchun, yaltirab turgani uchun qimmatbaho ko‘ringan. 

Ularning maqsadi boshqa. Ular O‘zbekistondagi imomlarni qora qilib ko‘rsatib, «Mana, ular boylikka berilgan», deb hurmatsiz qilishmoqchi. Bu orqali odamlarni bizning gapimizga yurmaydigan, o‘zlarining oqimlariga chaqirish uchun qilingan ish. Menga ko‘pchilik aytdi, bu yerda fitna borligini. Boshqa ilojini qila olishmasdan, shunday ish tutishgan. Bundan avval ham shunga urinishgandi. O‘shanda, 5-6 yil oldin «Shaharning bosh imomi hamisha oq choponda chiqadi. Har kuni yangi kiyim kiyadimi?», deyishgandi. Yo‘q, bir nechta bor, mening kelinlarim bor, har kuni yuvib, dazmollab berishadi. Shuniyam gapirish mumkinmi? Choponni, soatni, do‘ppini. Bu judayam maydalikku? Tirnoq ostidan kir qidirish.

Biz yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlayotganimiz ularga yoqmaydi. Mana shuning uchun, qanday qilib bo‘lsa ham bizni yomonotliq qilishga urinishadi. 2009 yilda menga terrorchilar suiqasd ham qilishgandi. Meni yo‘qotib, maqsadlariga erishmoqchi bo‘lishgandi. Chunki, ularning oqimlari xatoligini aytib beryapmiz va ularga xalaqit qilyapmiz.

Undaylarga g‘iybatchi, fosiq deyiladi. Chunki, ular ko‘rsatgan suratdagi soat boshqa, qo‘limdagi soat butunlay boshqa.

Men unaqa narsalarni bilmayman, qiziqmayman. Faxrlanadiganim kitoblarim, men shuni boylik deb bilaman. Mashinalarniyam farqiga bormayman, o‘zim mashina haydamaganman, o‘g‘lim bitta mashina olib bergan, eski Captiva. Otam qurgan uyda turaman, 3,5 sotixlik hovlida, ota-onam bilan. Borganlar hayron bo‘lishadi, meni saroyda turadi deb o‘ylashsa kerak.

Bunaqa bachkana ishlar, imomlarning ortidan bunaqa qilishlar - g‘araz, yomon g‘araz. Yengimni ichiga qarab, u yerdan soatni topib, kompyuterda o‘xshatishibdi. Bular hammasi shaytoniy vasvasa deb bilaman. Musulmonlikni da'vo qilishsa, tavba qilishsin», degan Anvar qori.

Suhbatdosh O‘zbekistondagi imomlar quvvatli bo‘lgani, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashayotgani uchun chiday olmasdan shunday xurujlar qilinayotganiga urg‘u qaratadi. U ijtimoiy tarmoqda o‘zini himoya qilganlarga minnatdorchilik bildirgan.

«Men o‘zim internetga kirmayman, o‘g‘lim o‘qib berdi. Yoshlarimizdan juda minnatdorman, javoblar qaytarishgan.

Imomlar boy bo‘lsa, bu juda yaxshi, odamlarga yordam qilishadi. Bodomzor masjidi imomi Hayit bayramida 200ga yaqin nogironga aravachalar tarqatdi. Bundan tashqari nogironlarga, kam ta'minlangan oilalarga yordamlar berib kelinadi. Bularni bilmasdan tuhmat gaplar qilishmoqda. Bunday gaplarni isbotlab berish kerak. Isbotsiz gaplarni tarqatish - gunoh. Gunoh nimaligini bilgan odam bunday qilmaydi. Demak, ular gunohni tushunmaydigan, fosiq, chekkalarga bekinib olgan, vatanimiz taraqqiyotiga qarshi kishilar tarqatishmoqda», deydi imom.

U bunday gap-so‘zlarga e'tibor berishni istamagani, ammo fitnaning oldini olish uchun javob qaytarayotganini aytib o‘tgan.

«Imomlarimizning yaxshi ishlarini yoritish o‘rniga, qaysi imom qanday uyda yashashi, qanaqa soat taqishini yozishadi. Bu qanday bachkana ishlar?

Nimadan foydalanish har kimning shaxsiy ishi, shaxsiy huquqi. Ularga javob bermaslikkayam huquqim bor. Fitna bo‘lmasligi uchun gapiryapman. Harom yo‘lga yurmayman, harom daromad qilmayman, alhamdilulloh. Tilim qisiq joyim yo‘q.

Ulamolar boy bo‘lishga haqqi bor, o‘ziga to‘q bo‘lishga haqqi bor. Temirdan bo‘lgan soat haqida tekshirmasdan shunday deyishga nima haqqi bor ularning.

Agar bu shunday bo‘lganida ham (qimmatbaho soat bo‘lganida ham), ayblashga haqqi yo‘q. Haromdan topilmagan bo‘lsa, buyursin.

Men ziynatlarga qiziqadigan odam emasman. Oddiy yashayman», deya ta'kidlagan Anvar qori Tursunov.

Mavzuga oid