O‘zbekiston | 22:14 / 06.07.2017
5690
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vazirligida bir kunda 4ta davlat elchisi qabul qilindi

6 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 4ta davlat elchisi qabul qilindi.

Xususan, vazirlikda Rossiya Federatsiyasining Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida va oliy darajadagi muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Shu kuni vazirlikda O‘mon sultonligi elchisi Muhammad ibn Said ibn Muhammad al-Lavati hamda Falastin elchisi Muhammad Abdulla Tarshaxani bilan uchrashuv o‘tkazildi.

O‘mon elchisi bilan suhbat chog‘ida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzurida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi kutubxonasi yangi binosining qurish ishlari yakunlanishi bilan bog‘liq amaliy masalalar muhokama qilindi.

Falastin elchisi bilan suhbatda ikki tomon hamkorligining joriy masalalari, jumladan aprel oyida Falastin Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mazen Shamiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Bundan oldinroq Tojikiston elchisi Sodiq Imomiy bilan uchrashuvda bo‘lajak uchrashuvlar jadvali muhokama qilingani haqida xabar berilgandi.

5 iyul kuni O‘zbekiston TIVda Yaponiya elchisi Nobuaki Ito qabul qilingandi.

Muloqot davomida moliya va iqtisod sohalarida avval erishilgan kelishuvlarni hayotga tadbiq qilishning hamda O‘zbekiston va Yaponiya hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Elchi iyun oyi oxirida yetakchi yapon nashrlarining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid