Sport | 10:01 / 07.07.2017
7589
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi transfer ertagi: Lukaku yangi jamoasi uchun AQShda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi

«Everton» hujumchisi Romelu Lukaku baribir faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettiradigan ko‘rinadi. 

The Guardian nashri bergan xabarga ko‘ra, futbolchi yangi jamoasiga o‘tish oldidan AQShning Los-Anjyeles shahrida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shundan so‘ng klub bilan yangi bitim imzolaydi.

Belgiyalik futbolchi hozirda Kaliforniya shtatida «MYu» futbolchisi Pol Pogba bilan birgalikda ta'tilda bo‘lib turibdi. Lukaku juma kuni ortga qaytishi lozim edi. Biroq, endilikda unda Los-Anjyelesdayoq Joze Mourino jamoasi safiga qo‘shilish imkoniyati yuzaga keldi. «MYu» AQShga yakshanba kuni yo‘l oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 24 yoshli futbolchini sotib olish uchun eng asosiy da'vogar sifatida Angliyaning boshqa bir jamoasi «Chelsi» e'tirof etilayotgandi.

Bu ikki futbolchining agenti bitta – Mino Rayola

Agar Lukaku transferi amalga oshadigan bo‘lsa, bu «MYu»ning mavsumlar oralig‘ida «Benfika»dan xarid qilingan himoyachi Viktor Lindelyofdan keyingi ikkinchi xaridi bo‘ladi. Jamoa shvetsiyalik himoyachi uchun 35 million yevro to‘lagandi.

Joze Mourino bundan tashqari jamoaga yana bir markaziy yarimhimoyachi va bir nafar vinger sotib olishni rejalashtirmoqda.

«Manchester Yunayted» 2016/17 yilgi mavsum davomida raqiblar darvozasiga 54ta gol kirita oldi xolos. Bu dastlabki yetti o‘rinni egallagan jamoalar ichida eng yomon ko‘rsatkich bo‘ldi. TOP-3likka kirgan jamoalarning barchasi 80dan ortiq gollar kiritishgandi.

«MYu»ning mavsumdagi to‘purari Zlatan Ibrahimovich bo‘lgandi. Shvetsiyalik hujumchi 28 uchrashuvda 17 golga mualliflik qilgan. Romelu Lukaku esa 37 uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 25 marta ishg‘ol qilgan va to‘purarlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid