O‘zMUda «ziyoli snayperlar» qo‘lga tushdi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida boshqa abituriyentlarning o‘rniga hujjat topshirishga uringan ikki va o‘zini «ziyoli snayperlar» deb tanishtirgan «soxta abituriyent»lar qo‘lga olindi. Bu haqda universitet Qabul komissiyasi axborot xizmati «Kun.uz»ga ma'lum qildi.
O‘zbekiston Milliy universitetida bu yil hujjatlar qabul qilishda abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib qo‘yildi. Ayniqsa hujjatlarni onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish joriy etilgani yangilik bo‘ldi. Shu bilan birgalikda, dasturiy vositalarning ishonchliligi, xavfsizligi masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabuli jarayonida hujjat topshiruvchining hujjatini qabul qilishda va test sinovlarini o‘tkazishda biometrik va pasport ma'lumotlari asosida abituriyentlarni nazorat qilish (identifikatsiya) va boshqarish tizimi, shuningdek, yuzidan tanuvchi va barmoq izlari skaner orqali shaxsni aniqlashga qaratilgan texnologiya qo‘llanmoqda.
Shunga qaramasdan, 2017 yilning 11 iyul kuni O‘zMUning Jurnalistika va Fizika fakultetlariga 1993 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan fuqaro Bobur Hasanov va 1998 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro Shahzodbek Yoqubov boshqa bir abituriyentning o‘rniga hujjatlarini topshirishga urinishganida mazkur dastur yordamida soxta abituriyent ekanliklari aniqlandi va huquq-tartibot organlariga ma'lumotlari taqdim etildi.
Masalaning eng qiziq tomoni har ikki fuqaro ham o‘zini «Biz «ziyoli snayperlar»miz, hech qanday ayb ish qilganimiz yo‘q...», deb da'vo qilishgan.
Shu munosabat bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Qabul komissiyasi barcha abituriyentlar va ularning ota-onalarini yuqoridagi kabi «ziyoli snayperlar”ning tuzog‘iga ilinib qolmaslikka chaqiradi. Shuningdek, yuqoridagi yangi «aqlli texnologiya» 2017 yilning 1 avgust kuni O‘zMUning barcha fakultetlarida to‘liq ishlashini ham ma'lum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Toshkent axborot texnologiyalari universitetida boshqa abituriyentlarning o‘rniga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan «zaychiklar» qo‘lga tushgandi.
Mavzuga oid
18:02 / 17.04.2024
Xususiy oliy ta’lim: tijoriy manfaat va sifatli ta’lim muvozanati qanday topiladi?
19:42 / 06.04.2021
O‘zMU dekan o‘rinbosari talabalardan o‘qishga ro‘molda kelmaslikni talab qilgani uchun uzr so‘radi
21:04 / 05.04.2021
Milliy universitet xodimi ro‘molli qizlarni ibodat libosida kelishda aybladi
08:09 / 16.11.2020