Sport | 15:30 / 14.07.2017
12020
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahri hokimi «Navbahor» prezidenti etib tayinlandi

Namangan viloyatining «Navbahor» klubiga yangi prezident tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimligida yig‘ilish o‘tkazilgan bo‘lib, unda klub a'zolaridan tashqari, jamoani moliyalashtirib turuvchi homiy tashkilotlar ham ishtirok etgan. Mana shu majlisda Senat a'zosi, Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Namangan shahri hokimi Shavkat Abdurazzoqovni «Navbahor» klubining yangi prezidenti sifatida tanishtirdi. Viloyat hokimining o‘zi bir vaqtda viloyat futbol federatsiyasi prezidenti ham hisoblanadi.

«Maydonda futbolchilar chiroyli va mazmunli o‘yin namoyish etishi lozim. Raqib darvozasiga bitta gol urib, yutuqni ushlab qolish maqsadida harakat qilishni noto‘g‘ri deb bilaman. Chiroyli o‘yin orqali g‘alaba sari intilish o‘yingohni to‘ldirib o‘tirgan muxlislarga quvonch baxsh etadi.

Birinchi davra jamoa ancha kam gol urdi. Tajribali futbolchilar maydonda yetakchilikni qo‘lga olib, jamoaning munosib to‘p surishini ta'minlashi lozim. Oldin klubga bo‘lgan e'tibor u qadar kuchli emasdi. Bu yil vaziyat o‘zgardi. Homiylarimiz «Navbahor»ga yordam berib kelmoqda. Buning uchun ularga katta rahmat! Chunki futbolda moddiy ta'minot muhim.

O‘zbek futboliga xorijiy investorlar kirib kelayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Vaqti kelib «Navbahor»ga ham xorijdan homiylar topilar… Hozircha mahalliy homiylar ko‘magida jamoani ko‘tarishga harakat qilamiz. Bunga javoban futbolchilar maydonda munosib o‘yin ko‘rsatib, bildirilgan ishonchni oqlashi kerak. 2-davrada «Navbahor»ga omad yor bo‘lsin!», degan viloyat hokimi Xayrulla Bozorov.

«Navbahor» bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov o‘z ishida qolgan.

Ma'lumot uchun, «Navbahor» Oliy liganing 1-davrasini 12-o‘rinda yakunlagandi.

Birinchi davradan keyin jamoani 9 nafar futbolchi tark etgandi. O‘z navbatida ikki futbolchi safga qo‘shilgan.

9 futbolchisini qo‘yib yuborgan «Navbahor» 2 futbolchi oldi

Mavzuga oid