Sport | 12:05 / 18.07.2017
6252
2 daqiqa o‘qiladi

Terma jamoa Turkiyada, yig‘in doirasida klublarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilishi mumkin

Foto: O‘FF matbuot xizmati

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi qolgan ikki o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 17–23 iyul kunlari Turkiyada o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini o‘tkazmoqda.

O‘FF rasmiy sayti bergan xabarga ko‘ra, Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi jamoa 17 iyul kuni Turkiyaga yetib bordi va ilk mashg‘ulotini o‘tkazdi. Dastlabki kundagi mashg‘ulotlarda asosiy e'tibor jismoniy tayyorgarlikka qaratildi.

Yig‘in davomida ikkita nazorat o‘yini o‘tkazish rejalashtirilgan edi. O‘zbekiston terma jamoasi Eron va Saudiya Arabistoni klublariga qarshi maydonga tushishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Marat Bikmayev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Doston Hamdamov, Rustam Ashurmatov va Jamshid Iskanderov jarohati tufayli Turkiyadagi yig‘inga chaqiruv olmadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 turniri saralash bosqichi 9-turini 31 avgust kuni safarda Xitoy termasiga qarshi o‘tkazsa, 5 sentabr kuni Toshkentda Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib boradi.

Ayni paytda O‘zbekiston 8 ta o‘yindan keyin 12 ochko to‘plab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘llanma uchun kurashda 2-o‘rindagi Koreyadan 1 ochkoga ortda qolmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid