O‘zbekiston | 16:58 / 31.07.2017
69856
3 daqiqa o‘qiladi

«Oxirgi ogohlantirish»: Imtihonga shpargalka yoki telefon olib kirishga uringanlar chetlatiladi

31 iyul kuni Toshkent davlat yuridik universiteti qabul komissiyasi va imtihon jarayonlariga mas'ul qilib tayinlangan xodimlar o‘rtasida nazorat yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Aytish kerakki, bu yilgi imtihonda tekshirish, kuzatish va nazorat ishlariga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xodimlari, ichki ishlar xodimlari, bojxona, prokuratura, milliy xavfsizlik xizmati hamda universitet xodimlaridan iborat guruhlar jalb qilingan. Abituriyentlar ikki tartibda tashqi va ichki nazoratdan o‘tkaziladi.

Avval xabar berilganidek, bu yil davlat test imtihonlarida shaffoflikni ta'minlash va adolat mezonlariga so‘zsiz amal qilishga erishish maqsadida «O‘zekspomarkaz»ning 4ta pavilonida Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlardan tajriba-sinov tariqasida yangi shakldagi imtihon o‘tkazilmoqda.

Ushbu universitetda tashqi nazoratda abituriyentlar 3 bosqichda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Maxsus zamonaviy tekshiruv jihozlaridan tortib har bir abituriyent mas'ullar tomonidan individual tekshiruvdan o‘tkaziladi. Abituriyent yonidan taqiqlangan buyumlar ya'ni, o‘quv qo‘llanma, mobil telefon, shparkalka va hokazo predmetlar topilsa yoki yashirin tarzda taqiqlangan buyumlarni o‘zi bilan imtihonga olib kirishga urinish aniqlansa, imtihondan so‘zsiz chetlashtiriladi. 

Ahamiyatli jihati «O‘zekspomarkaz» hududida bu haqda abituriyentlarni ogohlantiruvchi bannerlar qo‘yilgan. Xususan, imtihon olinadigan pavilionga yaqin hududda so‘nggi ogohlantiruv tariqasida qizil chiziq ham tortilgan. 

Ichki nazoratda esa abituriyentlar imtihon jarayonida Toshkent davlat yuridik universiteti va prokuratura xodimlari tomonidan qat'iy nazoratda bo‘ladi.  

Ta'kidlash kerakki, mazkur test sinovlarida zamonaviy texnologiyalardan ham keng foydalanilmoqda. Xususan, nazorat-kirish nuqtalarida abituriyentlarda taqiqlangan vositalarni aniqlashga qaratilgan bir qancha metall buyumlarini aniqlovchi uskunalar (metall detektorlar) o‘rnatilgan. Ikkinchidan, binolarda 100dan ortiq video kuzatuv kamerasi ishlab turibdi. Test sinovlaridagi jarayonlarni «O‘zekspomarkaz» hududiga kirish joylarida o‘rnatilgan uchta yirik LED (4m*3m) ekranlari yordamida abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniga ega. Shuningdek, test sinovlarini o‘tkazish jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishga erishilmoqda. 

Ma'lumot o‘rinda aytish kerak, test sinovlari o‘tkaziladigan pavilonning har biri 1000dan 1500 nafargacha abituriyentni qamrab oladi. Ularga barcha sharoitlar yaratilgan, ya'ni pavilon harorati, abituriyentlar uchun ichimlik suvi, ruchka, titul varaqasini to‘ldirish tartibi bo‘yicha ma'lumot, tibbiy xizmatlar tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish imtihonlari «Kun.uz» sayti orqali onlayn uzatib boriladi.

Mavzuga oid