O‘zbekistonda imtihonlar kuni
1 avgust kuni O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassalariga o‘qishga qabul qilish uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi ma'lumotiga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalariga 729 ming 947 abituriyent hujjat topshirgan. Bu 1 o‘ringa o‘rtacha 10,9 abituriyentni tashkil etadi.
«Kun» muxbirlari Yuridik universitet, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universitetda bo‘lib, jarayonni yoritishdi.
Bu yilgi imtihonlarda oliygohlarda shaffoflikni ta'minlash choralariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish imtihonlari butunlay yangicha shaklda tashkil etildi.
Bu yil davlat test imtihonlarida shaffoflikni ta'minlash va adolat mezonlariga so‘zsiz amal qilishga erishish maqsadida «O‘zekspomarkaz»ning 6ta binosida axborot texnologiyalaridan keng foydalanildi. Pavilonlarda 75ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi, ular orqali imtihon jarayoni jonli efirda uzatib borildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov universitetga kirish imtihonlari jarayonini kuzatish uchun tashrif buyurdi. Unga Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov hamrohlik qildi. Bosh vazir test sinovlari o‘tkazilayotgan xonalar va jarayon bilan yaqindan tanishgan. Tegishli rahbarlarga ko‘rsatmalar bergan. Bundan tashqari, Abdulla Aripov O‘zbekiston Milliy universitetiga ham tashrif buyurgan. Bosh vazir u yerda ham o‘tkazilayotgan imtihonlar jarayoni bilan tanishdi.
Bu yilgi imtihonda tekshirish, kuzatish va nazorat ishlariga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xodimlari, ichki ishlar xodimlari, bojxona, prokuratura, milliy xavfsizlik xizmati hamda universitet xodimlaridan iborat guruhlar jalb qilindi. Abituriyentlar ikki tartibda tashqi va ichki nazoratdan o‘tkazildi.
Tashqi nazoratda abituriyentlar 3 bosqichda tekshiruvdan o‘tkazildi. Maxsus zamonaviy tekshiruv jihozlaridan tortib har bir abituriyent mas'ullar tomonidan individual tekshiruvdan ham o‘tkazildi. Yonidan taqiqlangan buyumlar topilgan abituriyentlar imtihondan so‘zsiz chetlashtirildi. «O‘zekspomarkaz» hududida bu haqda abituriyentlarni ogohlantiruvchi bannerlar qo‘yildi. Ochiq hududda «Shpargalka, valyuta va boshqa buyumlarni o‘z ixtiyoringiz bilan topshirishingiz kerak. Tegishli xodimlar tomonidan topilsa, dalolatnoma tuziladi va testdan chetlatilasizlar», deya e'lon berib borildi. Abituriyentlar juda jiddiy tarzda nazoratdan o‘tkazildi, ularning hattoki oyoq kiyimlari ham yechilib, tegishli tartibda tekshirildi.
Biroq, ba'zi «uddaburon» abituriyentlar shuncha ogohlantirishlar qilinganiga qaramay, turli shpargalka va kommunikatsiya aloqalarini o‘zlari bilan birga olib kirishga urindi.
Abituriyentlardan biri Yuridik universitet hududida imtihonda elektron vositadan foydalanishga uringanida qo‘lga tushishiga O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov guvoh bo‘lishi esa kun voqeasiga aylandi. Aripov abituriyentlardan birining shaffof mikroquloqchin orqali qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish imkonini beruvchi qo‘lbola qurilma yordamida test topshirish qoidalarini buzmoqchi bo‘lganiga guvoh bo‘lgandi. Uning mexanizmini o‘rgangan bosh vazir: «Yuridik universitetda nima qilasan, TATUga bormaysanmi», deya hazil ham qildi.
Video: Aripov testga olib kirish uchun elektron qurilma yasagan abituriyentga maslahat berdi
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Yesemurat Kanyazovning «Kun» muxbiriga aytishicha, 217 abituriyent imtihonda qatnashmagan. Ulardan 124 nafari yonidan tekshiruv paytida taqiqlangan buyumlar aniqlangi uchun dalolatnoma tuzilib, imtihondan chetlashtirilgan. Qolganlari esa imtihonga kelmagan. Shuningdek, o‘z ixtiyori bilan shpargalkalarini topshirgan 39 nafar abituriyentga nisbatan ham dalolatnoma tuzilgan, lekin ular imtihonga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, TATU va O‘zMUda ham abituriyentlar firib ishlatishga uringan holatlar kuzatilgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ilk bor qo‘llanilgan abituriyentlarni imtihonga kiritishda biometrik nazorat tizimi o‘z samarasini berdi. Bu yerda 4 nafar abituriyent biometrik tizimdan o‘ta olmagan. Ular huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan. Shuningdek, imtihon vaqtida tashqaridan yordam olishga harakat qilgan 3 abituriyent (ular imtihon savol varaqalarini derazadan tashqariga uloqtirganda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan aniqlangan) imtihondan chetlatilgan.
O‘zbekiston Milliy universitetida esa «aqlli» texnologiya ish berdi. Texnologiya firib bermoqchi bo‘lgan 4 abituriyentni aniqladi. Bungacha ushbu texnologiya tufayli 188 nafar abituriyent imtihonda ishtirok etishdan voz kechgandi. Imtihon vaqtida esa kuzatuvchilar 77 nafar abituriyentni auditoriyadan chetlatdi.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
14:24 / 06.11.2024
“Nega ustimizdan kulishyapti?” – fizika o‘qituvchilari attestatsiya imtihonidan norozi
21:49 / 04.11.2024