O‘zbekiston | 16:40 / 04.08.2017
43186
15 daqiqa o‘qiladi

Qo‘l soati va ko‘zoynaklardan tortib umrbod mahrum etishgacha... Dunyo mamlakatlarida testlar qanday o‘tadi?

Illyustrativ foto

2017 yil 1 avgust kuni O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Bu jarayon mamlakatdagi barcha OAV orqali keng yoritildi. Shu bilan birga, bu yilgi testga kirishdan avvalgi tekshiruvlar har yilgiga qaraganda jiddiyroq tashkil etildi. Respublika test tarixida birinchi marta Toshkent davlat yuridik universiteti imtihonni keng maydonli binolarda onlayn namoyish qilgan holda olib bordi.

Shu bilan birga, tekshiruvlarning jiddiy va qattiqqo‘llik bilan tashkil etilgani ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarga sabab bo‘ldi. Ba'zilar, qoidabuzarlarni kiritmasdan to‘g‘ri qilinishi, tartibga rioya qilinishi kerakligini aytishsa, boshqalar mobil qurilma va shpargalkalar bilan qo‘lga tushganlar ham uzoq tayyorlanishgani, ular hali yosh bo‘lgani sababli, ortiqcha jihozlarini olib qo‘ygan holda imtihonga kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, yoshlarni katta hayotga ilk qadamidan zarba berish yaxshi emasligini aytishdi. Ko‘pchilik, shu darajadagi qattiqqo‘llik bilan dunyoga sharmanda bo‘linganini ham iddao etishdi. Ularga ko‘ra, dunyoning hech bir davlatida O‘zbekistonda bo‘lgani kabi testga kirayotganlarga qattiqqo‘llik bo‘lmas emish. Xo‘sh, bu fikrlar qanchalik to‘g‘ri? Bunday da'volarni ilgari surayotganlar o‘sha davlatlar test jarayonlarini qanchalik yaxshi bilishadi?

Quyidagi tadqiqotimizda turli mamlakatlarda OTMga kirish imtihonlari va qoidabuzarliklar uchun qanday choralar ko‘rilishi haqida ma'lumot berishga harakat qilamiz.

Demak, maqsadimiz atigi ikkita savolga javob topish:

  1. Dunyoning turli mamlakatlarida OTMlarga kirish tartibi qanday?
  2. Test topshirish qoidasiga rioya qilmaganlarga qanday choralar ko‘riladi?

Ko‘plab mamlakatlarda imtihon topshirish jarayoni markazlashtirilgan. Test sinovlari Ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan vazifalar bo‘yicha yagona materiallar asosida mamlakatning barcha mintaqasida o‘tkaziladi. Dunyoning turli mamlakatlaridagi OTMga kirish testlari quyidagicha tashkil etiladi.

Italiya

Illyustrativ foto

Masalan, Italiyada bitiruvchilar Qabul komissiyasiga Ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan ikkita yozma va bitta og‘zaki imtihon topshiradi. Yozma imtihonlarni vazirlik yig‘ib oladi. Og‘zaki imtihon esa, maktabning ikkita fani bo‘yicha tashkil etiladi. Shu bilan birga, e'tiborli jihati, imtihonlarda faqat ijobiy baholarga ega o‘quvchilar qatnashishiga yo‘l qo‘yiladi. Imtihon natijasiga ko‘ra, mamlakat OTMlariga kirish huquqini beradigan diplom beriladi.

Ayrim davlatlarda imtihon topshirish jarayoni qisman markazlashtirilgan.

Germaniya

Illyustrativ foto

Germaniyada OTMga kirish huquqini beradigan Abitur attestatini olish uchun maktab bitiruvchilari 4 ta yozma (2 tasi oddiy va 2 tasi kuchaytirilgan) va og‘zaki imtihon topshiradi. Imtihonlarga 28 ta kursni to‘liq o‘qiganlar kirishi mumkin. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar mamlakatning istalgan OTMga o‘qishga kira oladi. Bunday markazlashtirilgan imtihonlar 16 ta federal yerlarning 6 tasida o‘tkaziladi.

Angliya

Illyustrativ foto

Angliyada majburiy ta'lim kurslari imtihonlari markazlashtirilgan holatda tashkil etiladi. OTMga kirish uchun esa 2 yillik maxsus tahsil olishi va kuchaytirilgan darajadagi imtihondan o‘tishi shart. Bu imtihonlar maxsus mustaqil tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi va o‘tkaziladi. Ammo Ta'lim vazirligi dastur tarkibi bo‘yicha tavsiyalar beradi. Mamlakatdagi aksariyat oliy o‘quv yurtlari 2-3 ta fandan imtihon topshirishni talab qiladi.

Fransiya

Illyustrativ foto

Fransiyada OTMga kirish uchun akademik litseyni tamomlash va bakalavr diplomini olish talab etiladi. Bitiruvchilar litseyda o‘rganiladigan fanlar bo‘yicha og‘zaki va yozma imtihon topshirishadi. Faqat fransuz adabiyotini barcha birdek topshiradi. Birmuncha obro‘li universitetlar va oddiy universitetlarning ayrim fakultetlari qo‘shimcha Concours imtihonidan o‘tishni ham talab qiladi. Ta'lim vazirligi imtihonlar mavzusi, o‘tkazish tartibi va jadvalini aniqlab beradi. Imtihon varaqalari akademiyalar tomonidan ishlab chiqiladi, javoblarni o‘qituvchilar tekshiradi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari

Illyustrativ foto

Maktab bitiruvchilarini kollej va universitetlarga qabul qilish bo‘yicha eng murakkab jarayonlardan biri AQShda bo‘ladi. Qo‘shma Shtatlarda ta'lim berishning yagona dasturi va yagona milliy bitiruv imtihonlari yo‘q. O‘rta maktablar bitiruvchilarining bilimini o‘lchashning yagona usuli o‘qilgan kurslar soni hisoblanadi. AQShda eng keng tarqalgan va OTMga kirishda e'tiborga olinadigan testlar – SAT (Scholastic Achievement Test) va ACT (American College Testing) imtihonlaridir.

Shu bilan birga, ta'kidlash joiz, 12-sinf bitiruvchilarga taqdim qilinadigan savollar juda ham yengil. U murakkabligi bo‘yicha Yevropa davlatlarining 7 va 8 sinflari darajasiga to‘g‘ri keladi. Kollej yoki universitetga kirish uchun me'yoriy imtihon topshiriladi. U matematika, insho va matnni tahlil qilish qismidan iborat bo‘ladi. Agar o‘quvchi birinchi safar testdan o‘ta olmasa, yana 5 marta urinib ko‘ra oladi.

Shunga qaramay, AQShda maktab imtihonlari va OTMga kirish imtihonlarida turli noqonuniy yo‘llar, shpargalkalardan foydalanish ommalashib bormoqda. Bunda shpargalkalar saytidan tortib miya faoliyatini kuchaytiradigan dorilar iste'mol qilishgacha kuzatiladi. AQShda imtihon oluvchilar uchun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi mobil telefonlar va planshet kompyuterlar bosh og‘riq hisoblanadi.

Niderlandiya

Niderlandiyada bitiruv imtihonlari 6–7 ta fandan o‘tkaziladi, ularning 3 tasi (golland tili, ingliz tili, fransuz yoki nemis tili) majburiy. Qolganlarini o‘quvchining o‘zi tanlay oladi. Imtihonning markaziy qismi barcha maktablar uchun bir xil bo‘lib, nazariy bilimlarni bilishga qaratilgan. Imtihon natijasi attestatga qo‘yiladi va shu orqali OO‘Yuga qabul qilinadi.

Finlandiya

Finlandiyalik o‘quvchilar eng omadlilar hisoblanadi. Ular xohlasa, umuman imtihon topshirmasliklari mumkin. Chunki, kasb-hunar kollejiga maktabni bitirganlik guvohnomasi bilan kirish mumkin(zotan, O‘zbekistonda ham shunday). Ammo, finlandiyalik o‘quvchi 3 yil maxsus gimnaziyada tayyorlangach, OTMga kira oladi. Bunda fin tili, shved tili va xorijiy til, matematika yoki tabiiy fandan yagona umummilliy imtihon topshirish talab etiladi. Shu bilan birga, bu imtihon ancha sodda bo‘lib, bitiruvchilar osonlik bilan topshiradi.

Imtihon ikkita pedagog nazoratida o‘tkaziladi. O‘quvchi barcha jihozlarini tashqarida qoldiradi. Imtihon uchun kerakli narsalar xonada tayyor holda bo‘ladi. Ammo har qanday lug‘at va ma'lumotnomalarni o‘zi bilan olishga ruxsat beriladi. Biror kishi bilan maslahatlashish va ko‘chirish taqiqlanadi. Aks holda imtihondan chiqarib yuboriladi. Shu bilan birga, bu imtihonlar natijalari OTMga kirishga ta'sir qilmaydi. OTM uchun kirish imtihonlari topshiriladi.

Isroil

Isroildagi imtihonlar birmuncha qiziq deyish mumkin. O‘quvchilar Isroil OTMlariga kirishlari uchun psixometrik imtihon topshirishlari talab etiladi. Natijaning amal qilish muddati 7 yilgacha deb belgilangan. Uni istagancha topshirish mumkin, ammo har bir urinish orasida kamida 6 oy o‘tishi kerak.

Bu imtihon 3 ta asosiy yo‘nalishga doir testlardan iborat: ingliz tili, matematika va fikrlash (mantiq). Turli o‘quvchilar uchun imtihon turli tillarda ham tashkil etiladi: ispan, fransuz tili (yilda 1 marta), arab tili (yilda 4 marta), rus tili (yilda 2 marta) va ivrit tili (yilda 5 marta).

Talablarning qattiqligiga qaramay, isroillik bitiruvchilar bir necha marta ayyorliklardan foydalanishga urinishgan. Masalan, 2010 yilda o‘quvchilar sinf rahbarlarining elektron pochtasini buzib, uning nomidan ta'lim departamentiga maktub yo‘llashgan va unda test savollariga javoblarni berishni so‘ragan.

Xitoy

Illyustrativ foto

Xitoyni davlat imtihonlari borasida eng qattiqqo‘l mamlakat deyish mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu mamlakatda davlat imtihonlari «Gaokao» deb ataladi. An'anaga ko‘ra, u barcha maktablarda bir kunda va bir vaqtda o‘tkaziladi. Bitiruvchilar eng zarur narsalar: ruchka, qalam, o‘chirg‘ich, lineyka va sirkulni olishlari mumkin. Qolgan barchasi taqiqlangan. Hatto idishlarda ichimlik suvi ham olib kelish mumkin emas. Imtihon xonalarida detektorlar, kameralar, mobil signallarni to‘suvchilar bor. Imtihonlarda bevosita o‘quvchilarning o‘qituvchilari ishtirok etishlari ham taqiqlangan. Ularni boshqa pedagoglar almashtirishadi. Bundan tashqari, ta'lim boshqarmasi va shunchaki begona kishilar ishtirok etadi.

Imtihonlar 2 kun bo‘lib o‘tadi. Birinchi kuni ertalab 2,5 soat adabiyot va xitoy tili savollariga ajratiladi. Tushdan so‘ng, xorijiy til va matematika. Ikkinchi kun yana bitta majburiy fandan imtihon topshiriladi. U tanlangan OTMga ko‘ra belgilanadi. Natijalar faqat kompyuter vositasida aniqlanadi. Inson omilini yo‘q qilish uchungina qilinadi.

Xitoyda turli taqiqlangan vositalardan foydalanish, masalan, ko‘chirish, shpargalkalarni qo‘llash o‘ta jiddiy jazolanadi. Qoidabuzar umrbod imtihon topshirish huquqidan mahrum etiladi. Uning avf etilishi yoki qaytadan imtihon topshirish imkoniyati nolga teng. Bundan tashqari, OTMga kirish uchun tanish-bilishchilik, pora berish haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas. Xitoy hukumati, shuningdek, barcha imtihon varaqalarini maxfiy saqlash uchun pul ham ajratadi.

Yaponiya

Illyustrativ foto

Yaponiyada abituriyent OTMga kirishi uchun 2 turdagi sinovdan o‘tishi kerak. Birinchisi – UECE (University Entrance Center Examination,) – markazlashtirilgan imtihon bo‘lib, OTMga kirishdan 6 oylar avval o‘tkaziladi. Bu imtihon barcha davlat OTMlariga kirishda majburiydir. U test ko‘rinishida bo‘lib, 12 ta fandan o‘tkaziladi. Fanlar soni tanlangan OTMga bog‘liq. Ikkinchi tur imtihonlar universitetlar tomonidan o‘tkaziladi. U birmuncha markazlashtirilgan imtihondan murakkabroq bo‘lib, OTM mutaxassislari tomonidan tuziladi.

Janubiy Koreya

Illyustrativ foto

Bu davlatda maktabni bitiruv imtihoni mavjud emas, chunki o‘rta ta'lim majburiy va attestat barcha bitiruvchiga beriladi. Biroq, Janubiy Koreyada oliy ta'lim olishni deyarli barcha bitiruvchilar xohlashi e'tiboridan hukumat bu jarayonga diqqat bilan yondashadi.

Masalan, imtihonlar chog‘ida samolyotlar qo‘nishlari mumkin emas. Shu sababli, imtihon kunida barcha ertalabki va kunduzgi parvozlar vaqti yarim soatga o‘zgartiriladi. Imtihonning o‘ziga keladigan bo‘lsak, asosan 4 ta fan: koreys tili, ingliz tili, tarix va matematikadan imtihon topshiriladi. Bundan tashqari yana 3 ta alohida fan tanlovga ko‘ra kiritiladi. Imtihonlarda boshqa pedagoglar bo‘ladi. Savollar varaqalari olib kelingan paketlar mamlakat bo‘ylab bir vaqtda ochiladi. O‘quvchi o‘zi bilan birga shaxsini tasdiqlovchi hujjat, ruchka, qalam va o‘chirg‘ichni olib kirishi mumkin. Telefon va planshetlarni olib kirish taqiqlangan.

Norvegiya

Norvegiyada bitiruvchilar va OTMga kiruvchilar maxsus noutbuklarda imtihon topshirishadi. U ko‘chirish yoki shpargalkadan foydalanishni nazorat qiladigan dasturlar bilan jihozlangan bo‘ladi.

Braziliya

Braziliyada ENEM (Yagona davlat imtihoni)ni xohlagan kishi topshiradi. Buning uchun olti oy avval ro‘yxatdan o‘tib, ma'lum bir to‘lovni amalga oshirish kerak. Bepul OTMlarga kirish uchun esa, maktab bitiruv imtihonlarining o‘zi kifoya qiladi. ENEM ikki kun o‘tkaziladi. Birinchi kuni tabiiy va ayrim gumanitar fanlardan savollarga 4 yarim soatda javob topish talab etiladi. Ikkinchi kuni til fanlari, matematika va inshoga 5 yarim soat vaqt taqdim etiladi.

Testga faqat shaffof ruchka va qalam olib kelish mumkin. Qolgan barcha narsalar mutlaq taqiqlangan. Hatto, qo‘l soati, qora ko‘zoynaklar va bosh kiyimlar ham shu jumladan. ENEM – ko‘ngilli tarzda topshiriladi. Qoidabuzarlar qayta topshirish huquqidan mahrum etilgan holda xonadan chiqarib yuboriladi.

MDH mamlakatlarida davlat imtihonlari qanday tashkil etiladi?

Umuman, aytish kerakki, MDHning ayrim mamlakatlarida yagona kirish imtihonlari joriy etilmoqda. Masalan, Ukrainada Tashqi mustaqil test sinovi joriy qilingan. 2010 yildan bitiruvchilar ukrain tili va adabiyoti, matematika yoki Ukraina tarixidan majburiy imtihon topshirishadi. Qolgan fanlardan yana 2 ta fandan ixtiyoriy tanlab imtihondan o‘tadi.

Qozog‘iston

Foto: Tengrinews

Qozog‘istonda OTMga kirmoqchi bo‘lgan bitiruvchilar Yagona Milliy test sinovini topshirishi majburiydir. Olimpiada g‘oliblari va imtiyozli attestat sohiblari ham imtihon topshirishadi. Qolganlar oddiy bitiruv imtihonlarini topshirishlari mumkin. YaMT 5 ta fandan iborat bo‘lib, 4 tasi majburiy, bittasi abituriyent tanlagan sohaga bog‘liq bo‘ladi.

Boshqa mamlakatlar xususida qisqacha quyidagilarni aytish mumkin:

Shveytsariya, Islandiya, Filippin va Kiprda har bir maktabning o‘z imtihoni bor.

Taylandda va Honkongda 2 ta imtihon topshiriladi. Biri markaziy va ikkinchisi har bir maktabda alohida.

Kanada, Skandinaviya mamlakatlari, Avstriyada og‘zaki va yozma imtihonlar olinadi.

Umuman, dunyoning barcha mamlakatlaridan faqat 19 tasida markazlashtirilgan imtihon olinadi. O‘zbekistondagi test topshirish jarayoni qanchalik qattiqqo‘llik bilan o‘tishini baholash abituriyent vijdoniga havola.

Tolib Rahmatov

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid