Jamiyat | 17:20 / 04.08.2017
35398
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zimizning xurmacha qiliqlarimizni cheklovchi Qonun kerak

Illyustrativ foto

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yana bir muhim, ta'bir joiz bo‘lsa, nozik bir masala xususida sizlar bilan maslahatlashib olishni zarur, deb bilaman.

Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p-ko‘p odamlar menga aytayapti, virtual qabulxonaga yozyapti, «To‘y-ma'rakalarimizni bir tartibga solib beringlar», deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma'rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma'naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz.

Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma'naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma'rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba'zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

Mana, Toshkentdagi to‘ylarda «kelinnavkar» degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo‘shib uning o‘nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qayerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o‘rganyapti buni?

Yaqinda o‘tgan «Kamolot» qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, «Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha'nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik», degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim.

To‘y-ma'raka — bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ekanini inobatga olgan holda, bosh vazir A.Aripov, bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyevaga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 28 oktabrda to‘ylar, maraka va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingan. Farmon hozir ham o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q, zero, kuchi ham yo‘q edi. Qariyb yigirma yildan beri hech kim bu farmonga amal qilmadi. Farmon ijrosini nazorat qilishi kerak bo‘lgan idoralar rahbarlari esa kimo‘zarda hammaga o‘rnak. Bizga yana bir farmon kerak emas. Faqat qonun yo‘li bilan, qonun bo‘lganda ham qat'iy choralar belgilangan qonun yo‘li bilan to‘ylarimiz, ma'raka va marosimlarimizni tartibga solishimiz mumkin.

Qonunda to‘ylarni o‘tkazish bilan bog‘liq me'yorlar, to‘yxonalar, ularning qurilishi bilan bog‘liq tartiblar, maraka va marosimlarning shar'iy asosdagi shartlari, qabristonlar va qabr toshlarini o‘rnatish shakllari ko‘rsatilishi kerak.

Tadbirkorlarimizga xalq farovonligi, mamlakat iqtisodi yo‘lida barcha yo‘llar ochib berilsin, mayli. Biroq millat ma'naviyatiga daxldor masalalarda muayyan cheklovlar, imtiyozlar bo‘lishi shart. Xususan, to‘yxonalar borasida. Shohona saroylar, gotik uslubdagi fransuz, italyan qasrlaridan qodishmaydigan minglab to‘yxonalarimiz bor. Avgustda to‘y qilishni istasangiz yil boshida — yanvarda buyurtma berishingiz kerak. Biroq kutubxonalarimiz, kitob do‘konlarimiz, teatr va kinoteatrlarimiz nechta? Millatning ma'naviy qadriyatlarini biznesga aylantirishga haqimiz yo‘q.

Qabristonlarga borib hayratdan yoqa ushlaysiz — bu qanday shahar?! Giyohvand, tiyiqsiz o‘g‘ilning fahsh va zinoga botgan hayoti o‘z boshiga yetdi. Biroq boyvachcha ota unga atab ulkan maqbara qurdirgan, maqbaraki, Pahlavon Mahmudnikidan mahobatliroq.

Biz milliy qiyofamizni saqlab qolishni, farzandlarimizni sof milliy an'analar asosida tarbiyalashni istaymiz!

O‘zimizning xurmacha qiliqlarimizni cheklash uchun o‘zimiz QONUN chiqarishimiz fursati kelmadimi?

Vohid Luqmon,
jurnalist

Mavzuga oid