Light | 17:51 / 05.08.2017
22138
4 daqiqa o‘qiladi

Otashgoh - Ozarboyjondagi mangu olov ibodatxonasi (fotojamlanma)

Ozarboyjonga tashrifimiz davomida zardo‘shtiylarning qadimiy ibodatxonasida bo‘ldik. Kun juda issiq bo‘lishiga qaramay, bu maskan hech kimni befarq qoldirmadi. Mangu olov ibodatxonasi hisoblangan Otashgoh - Ozarboyjonning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlaridan biri. U deyarli butun dunyoga tanilgan.

 

Otashgoh so‘zi "olovlar uyi" degan ma'noni anglatadi. Tarixiy-me'moriy yodgorlik Baku shahridan 30 kilometr masofada joylashgan. Hudud o‘zining ajoyib tabiiy hodisasi bilan ham mashhur bo‘lgan - bu yerda yer ostidan tabiiy olov chiqqan.

 

Ibodatxona XVII-XVIII asrlarda hozirgi ko‘rinishga keltirilgan. Biroq, Otashgoh tarixi undan-da avvalga borib taqaladi. Qadimda bu hududda olovga sig‘inuvchi zardo‘shtiylarning muqaddas dargohi joylashgan bo‘lgan. Ular so‘nmas olovni ilohiy ahamiyatga ega hisoblab, bu yerga ibodat uchun tashrif buyurishgan.

 

Islom dini qabul qilinganidan so‘ng zardo‘shtiylar ibodatxonasi vayron qilingan. Zardo‘shtiylarning aksariyati Hindistonga ketgan. Shunday bo‘lsa-da, XV - XVII asrlarda savdo karvonlarida Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab o‘tgan hindular bu yerda ibodat qilishni odat qilishgan. Bu haqida eshitgan boshqa hindular ham Otashgohni ziyorat qilgani kelishgan. Shu tariqa hindu savdogarlari Otashgohni qayta ta'mirlashgan.

 

Ibodatxona dastlab 1713 yilda qurilgan bo‘lib, keyinchalik bu yerda hujralar, karvon-saroylar paydo bo‘la boshlagan. Otashgohda 26 hujra mavjud bo‘lib, ularda ibodatchilar yashashgan.

 

Hujralarga kiraverishda toshga o‘yib yozilgan yozuvlarga ko‘zingiz tushadi. Ma'lum bo‘lishicha, bugunga qadar 19 hindu va 1 fors yozuvi saqlanib qolgan. Hind tilidagi yozuvlarda bu inshootni kim barpo qilgani, uni kim moliyalashtirganiga oid ma'lumotlar aks etgan. Fors tilidagi yozuvlar esa Navro‘z bayramida zardo‘shtiylar bir-birlarini qanday tabriklaganlari ifodalangan.

 

Bundan tashqari, Otashgohda hududdan topilgan turli qadimiy buyumlar ham namoyish qilingan.

 

XIX asr boshida Otashgoh bizning davrga qadar saqlangan ko‘rinishda bo‘lgan. Hovlining o‘rtasida "mangu" olov hosil qiluvchi quduq joylashgan.

 

XIX asr o‘rtalarida bu yerdan tabiiy olov chiqmay qo‘ygan. Ibodatchilar buni jazo sifatida qabul qilib, Otashgohni tark eta boshlashgan. Otashgoh 1880 yilga qadar zardo‘shtiylarning ibodat maskani vazifasini o‘tagan.

 

Ta'kidlash joizki, Otashgoh Ozarboyjon prezidenti farmoni bilan Davlat tarixiy-me'moriy yodgorligi deya e'lon qilingan.

 

Bugungi kunda Otashgoh butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Muzeyga yiliga 15-20 ming sayyoh tashrif buyuradi.

 

Ozarboyjonning ko‘plab tarixiy obidalari kabi Otashgohda ham qadimiy muhit nafasi ufurib turadi, ya'ni bu yerda o‘sha davrlarda olovga sig‘ingan kishilarning siymosi aks ettirilgan, hujralarda zardo‘shtiylarning mantralari quloqqa chalinadi, hovli o‘rtasida esa olov yoqig‘liq.

 

Bu yerda hatto sayyohlar uchun sotuvga qo‘yilgan milliy-hunarmandchilik buyumlari orasida ham Otashgohning kichik nusxalariga ko‘zingiz tushadi.

Lola Rahmonboyeva

Mavzuga oid