Osmondagi narxlar yerdan olingan (mi?)
Bozor va do‘konlarda eng zarur oziq-ovqat narxlari ko‘tarilib ketayotgani fonida «Oila davrasida» gazetasi muxbirlari bozor aylandi
Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda aholimiz kundalik turmushi uchun 45 ga yaqin turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiladi. Oyligining qariyb 40 foizini aynan shularga sarflaydi. Albatta, bu yaxshi ko‘rsatkich, yurtdoshlarimiz turmushi farovonligidan dalolat beradi. Lekin...
Keyingi paytlarda bozorlarimiz rastalarida ayrim oziq-ovqat — go‘sht, yog‘, shakar, tuxum, kartoshka, piyoz singari hayotiy zarur mahsulotlarning narxi sezilarli darajada oshdi. Natijada, har oyda bozor-o‘charga mo‘ljallagan mablag‘iga o‘rtahol oilaning bozorxaltasi to‘lmay qolmoqda. Ayrim mahsulotlarni, hatto, ro‘yxatdan o‘chirishga, bola-chaqa rizqidan chegirishga to‘g‘ri kelyapti. Tabiiyki, narx-navoning bu tarzda ko‘tarilib ketganidan xaridorlar norozi.
Xo‘sh, kundalik ehtiyojimizdagi mahsulotlar nega qimmatladi? Buning asl sabablari qayerda?
«Birinchi qo‘l»ni izlab...
Dastlab yuqorida sanab o‘tgan mahsulotlarimizning ayni paytdagi o‘rtacha narxlariga to‘xtalsak. Bugungi kunda bozorlarimizda 1 kilogramm go‘sht 30–40 ming, kartoshka 4000–4500, piyoz 3000–3500, shakar 5600–6000, paxta yog‘ining 1 litri 9000, kungaboqar yog‘i esa 11500, tuxum 500–550 so‘mni tashkil etmoqda. Bu narxlar joriy yil boshiga solishtirganda birmuncha yuqori. Tafovut ba'zilarida o‘n, ayrimlarida esa yigirma foizgacha. Bu esa kishida xavotir uyg‘otadigan ko‘rsatkich.
Narx-navoning bu tarzda ko‘tarilishiga nima sabab bo‘lmoqda? Xaridorlarning ayni shu haqli savoliga javob izlab, poytaxtimizdagi bir nechta bozorlarni aylandik, tadbirkorlar bilan suhbatlashdik. Oziq-ovqat narxlarining o‘sishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganishga harakat qildik.
Dastlab, har kuni iste'mol qilinadigan o‘ta muhim mahsulotlardan biri — yog‘ haqida. Aksariyat savdo do‘konlarida paxta yog‘ining o‘zi yo‘q. Ayrim ixtisoslashgan do‘konlarda esa bir litrini 10 ming so‘mgacha xarid qilish mumkin. Ammo deyarli barcha bozorlarda, pana-pastqam joylarda paxta yog‘ining litrini 8-9 ming so‘mdan sotishmoqda. Faqat ularda naqd pulga. Birortasida terminalni ham, kassa apparatini ham ko‘rmaysiz. Bu «tadbirkorlar» yog‘ni kimlardandir olib kelib, ustiga yaxshigina qo‘yib sotayotgani aniq, faqat buni ularning o‘zidan ham, birorta bozor ma'muriyatidan ham aniqlashning iloji bo‘lmadi.
Bilasiz, paxta yog‘i o‘zimizda ishlab chiqariladi. Aniqlanishicha, bu mahsulot zavod hamda xususiy bazalardan olib kelinadi. Hech qanday vositachisiz, «birinchi qo‘l»da. Paxta yog‘ini naqd pulga, pul o‘tkazish yo‘li bilan yoki plastik kartaga ham xarid qilish mumkin. Biroq pul o‘tkazish yoki plastik kartaga sotib olish naqdga qaraganda kamida 20 foizgacha qimmatga tushar ekan. Chunki pulni bankdan bankka o‘tkazganda muayyan foiz ushlab qolinadi. Bu yoqda soliqlar degandek... Shu bois bo‘lsa kerak, naqd pulga — dahmazasi kam va nisbatan arzon.
Bu — muammoning bir tarafi. Ammo boshqa bir o‘rinli savol bor: nega o‘zimizdagi paxta yog‘i ishlab chiqaruvchi zavodlarning joylarda, hududlarda maxsus do‘konlari yo‘q? Axir, aholiga yog‘ni shunday markazlashgan do‘konlar orqali «birinchi qo‘l»da yetkazib bersa bo‘ladi-ku?! Natijada yog‘ olibsotarlar qo‘liga chiqib, narxlar sun'iy oshib ketmaydi, aholi ham maqbul narxda xarid qiladi.
Endi chetdan keltiriladigan o‘simlik yog‘i haqida. U ham o‘zimizning zavodu korxonalar tomonidan valyutada olib kelinadi. Uning narxi ko‘tarilishiga asosiy sabab — xorijiy valyuta kursining oshib borayotgani bilan izohlanadi. Negaki, har gal so‘mdagi qiymat oshsa, tadbirkor rastasini qayta shu mahsulot bilan to‘ldirishi uchun o‘zining foydasini ham xarajatga sarflashga majbur.
Arzonlashtirilgan shakar va yog‘ mahsulotlari, ammo faqat naqd pulga...
Lekin aholining zarur oziq-ovqat mahsuloti narxi nahotki valyutaning «qora bozor»dagi kursiga bog‘liq bo‘lsa, degan savol tug‘iladi. Ayrim «uchar»lar yog‘ni xorijdan davlat belgilagan kursda olib kelib, bu yerda xaridorlarga «qora bozor» oshganini pesh qilmayaptimikan degan, istihola ham yo‘q emas.
Ayrim xaridor va sotuvchilarning aytishicha, narx-navoni tartibga solish uchun, eng avvalo, chetdan keltirilayotgan yoki xorijiy mahsulotdan tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini zavod-fabrikalarda va xususiy bazalarda pul o‘tkazish yo‘li bilan yoki plastik kartaga sotishni joriy qilish zarur. Bundan tashqari, banklardagi pul o‘tkazmalariga qo‘yiladigan ustamani ham kamaytirish kerakka o‘xshaydi. Bularning bari oxir-oqibatda narx-navoga ta'sir etishi tabiiy.
Yana bir mahsulot — kartoshka va piyoz xususida. Uning narxi ham havas qilsa arziguli emas. Buning sababi mamlakatimizda o‘tgan yili piyoz kutilgandek ko‘p hosil bermadi. Ammo asosiysi bu emas. Shu ish bilan shug‘ullanib yurgan dehqonlarning aytishicha, piyoz yoki kartoshka narxining oshishida ularda ayb yo‘q. Boisi ushbu mahsulotlarni ko‘p miqdorda yetishtiradigan dehqon hech qachon bozorda ertalabdan kechgacha o‘tirmaydi: vaqti yo‘q. Dehqon mahsulotining xaridori — ulgurji olibsotarlar. Ular ko‘tarasiga xarid qiladi-da, hatto, ikki barobargacha ustama qo‘yib sotadi.
Shu o‘rinda bir misol. Bir gektar yerdan 60–70 tonnagacha (agar hosil mo‘l kelsa) piyoz hosili olish mumkin ekan. Ekinni yerga ekishga tayyorlashdan tortib, to hosilni uzib, qopga joylaguncha o‘rtacha 35 million so‘m xarajat ketadi. Shundan keyin dehqon piyozni ulgurji narxda kilosini 1,5 ming (kamdan-kam hollarda 2 ming so‘m) so‘mdan pullaydi. Tamom. U yog‘iga qancha narx qo‘yilishi savdogaru olibsotarning vijdon amriga havola.
Shakar borasida ham ahvol tushunarsiz. Yuqorida aytganimizdek, 5600-6000, ba'zi do‘konlarda hatto 6500 so‘mdan ham emin-erkin sotilmoqda. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 martdagi tegishli hujjatiga asosan, bugungi kunda shakarning chakana narxi 5200 so‘m etib belgilangan. Unga ko‘ra, shakarni ushbu narxdan yuqori sotish mumkin emas. Xo‘sh, nega hukumat o‘rnatgan tartibga amal qilinmayapti? Sotuvchilardan buning sababini so‘rasak, xorijiy valyutaning kursi oshganini pesh qilishdi...
Ochig‘i, buni asoslangan sabab, deb qabul qilish biroz mantiqsiz. Chunki nafaqat savdo yarmarkalarida, balki aksariyat savdo nuqtalarida shakar belgilangan narxda sotilmoqda. Uni nisbatan qimmatroqqa pullayotganlar esa yo davlat tartibini pisand qilmayapti yoki tekshirishdan xavfsirayotgani yo‘q. Yoki bozor «katta»larining o‘zlari bunga negadir ochiq yo‘l qo‘yib bermoqda...
Jaziramada navbat kutib
Bugungi kunda barcha bozorlarimizda «Elga xizmat» shoxobchalari muntazam faoliyat yuritadi. Davlatimiz bu borada aholiga qulaylik yaratib bergan. Shukrki, bunday shoxobchalardan istalgan mahsulotni aholi arzon narxlarda xarid qilishi mumkin. Masalan, bu yerda go‘shtning narxi 21 mingdan 25 ming so‘mgacha. To‘g‘ri, bu go‘sht seryog‘, sersuyak hamda qadoqlangan. Shunday bo‘lsa-da, xaridori talaygina. Ammo bu yerda ham bir qancha muammo bor. Jumladan, «Farhod» dehqon bozoridagi «Elga xizmat» rastalarida go‘shtni plastik kartada xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, u har doim ham «ishlamaydi». Kunning ikkinchi yarmida, go‘shtning sarasi sotib bo‘linganidan so‘ng «ishga tushadi».
Yana bir katta kamchilik — bu go‘sht hammaga yetmaydi. Kunning birinchi yarmida tugab qoladi. Xaridor esa bozorga arzonroq, sifatli mahsulot olish uchun tushadi. Shunday paytda go‘sht rastalarini aylanganda ulardagi narxning bir-biridan keskin farqlanishini ko‘rgan mijoz sarosimaga tushishi aniq.
Yoki yana bir tushunarsiz holat: «Elga xizmat»ning narxi 370 so‘m bo‘lgan tuxumini xarid qilish uchun jazirama issiqda, uzundan-uzun navbatda turishga to‘g‘ri keladi. Ayrimlarning esa bunga sabri chidamaydi. Natijada o‘sha 500 so‘mlik qimmat tuxumni afzal biladi. Ana shunday xaridorlardan biri bunday deydi:
— Bozor-o‘charni shu yerdan qilaman. 60 tagacha tuxum berishadi. Bu yaxshi. Lekin uzzukun kutib turolmayman. Ishga ketishim kerak. Kechga kelsam, tugab qolishi mumkin. Shuni o‘ylab, e, shu 500 so‘mga olganim bo‘lsin, deb yuboraman oxirida.
500 so‘m yozilgan, ammo rastadagi ko‘rinib turganlari 600 so‘mdan yuqori...
Haqiqatdan ham o‘rinli e'tiroz. Ustiga-ustak, kuzatuvlar jarayonida bir narsa ayon bo‘ldi: ayrimlarga o‘sha 60 ta tuxum ham kamlik qilmoqda. Navbati yetganda birov birovning o‘rniga ushbu mahsulotdan yana qo‘shimcha olib bermoqda… Bundaylar olgan arzon tuxumni shundoqqina bozorning boshqa chetiga o‘tib, el qatori 500 so‘mdan pullaydi... Demak, xaridorlar uchun yaratilayotgan shunday qulayliklardan kimlardir foydalanishga urinmoqda, arzon narxda yetkazilayotgan mahsulotlar tezda «tugab qolib», bozorning boshqa joyida anchagina qimmatroqqa sotilmoqda. Bozor ma'muriyatidagilar esa afsuski bularni «ko‘rmayapti».
Qog‘ozda 25 ming, amalda esa…
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng qimmat va hayotiy zarur mahsulot — go‘shtga qaytamiz. Toshkentning mashhur «Qo‘yliq» dehqon bozori. Narx-navo boshqa bozorlarga nisbatan arzonroq. E'tibor bersak, har bir go‘sht rastasiga «Bir kilogramm go‘shtning narxi 25 ming so‘m» degan yozuv yopishtirilgan. Ammo aslida hamma sotuvchida turlicha: so‘rasak, 30 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha (sifati bir-biridan tubdan farq qiladi) sotilmoqda.
«Nega bo‘lmasa, bu qog‘ozda 25 ming so‘m ko‘rsatib qo‘ygansiz?», degan savolimizga: «Buni biz emas, bozor ma'muriyati ilib ketgan, ularning o‘zidan so‘rang», deya javob berdi sotuvchilar.
Shu payt yonimizdan go‘sht ko‘tarib ketayotgan ayoldan necha pulga xarid qilganini so‘radik. 34 ming so‘mga olganini aytgan ayol ozroq arzi hol qilib qoldi. U go‘sht sotuvchidan bir kilogramm olib, 25 ming so‘m sanab beribdi. Shunda haligi sotuvchi tutaqib ketibdi. «O‘zingiz narxini yozib qo‘yibsiz-ku», desa, «Avval so‘ramaysizmi, buni men yozmaganman-ku», deb qolibdi. Kamiga yana: «Agar sizga 25 ming so‘mlik go‘sht kerak bo‘lsa, boshqa joydan oling. Men sizga lahm go‘sht berdim. Bu pulga faqat suyak olasiz», deb jyerkibdi. Bechora ayol go‘shtni olishga olib, qaytarib bergisi kelmabdi. Zo‘rg‘a 34 ming so‘mga tushirib olibdi.
«Narxi 25 ming so‘m bo‘lmasa, odamlarni aldab, ko‘zbo‘yamachilik qilishning nima hojati bor?» — deya kuyunadi haligi ayol.
Albatta, bu vaziyatda iste'molchi haq. Negaki, butun bozorni aylanib, 25 ming so‘mlik go‘shtni topishning iloji bo‘lmadi. Hayron qoldik. Bozorlarga nima uchun bunday yozuvlar osilyapti? Xalqni aldash uchunmi yoki qog‘ozdagi arzon go‘shtni qidirib, sarson-sargardon bo‘lib yurishi uchun? Go‘sht shu narxda sotilmas ekan, bu yozuvlardan nima naf?
Ushbu holat yuzasidan bozor ma'muriyatiga murojaat qildik. Lekin ular go‘sht faqat bir xil narxda, ya'ni 25-30 ming so‘m atrofida sotilayotganini iddao qilishdan nariga o‘tmadi… Albatta, muammoni o‘rganish jarayonida odamlar bu haqda nima deyishi, ularning dardiga quloq tutmaslikning iloji yo‘q. Shu bois ularning nuqtai nazari bilan qiziqdik:
— Hozir ko‘pchilik, ayniqsa, go‘shtning narxi keskin oshib ketganidan norozi bo‘lyapti, — deydi poytaxtlik Fozil Mahkamov. — Lekin mutasaddilar qo‘lidan kelgancha xalqqa yaxshi bo‘lishi uchun harakat qilmoqda. Hamma bozorda «Elga xizmat» shoxobchalari ishlab turibdi. Shaxsan o‘zim mahsulotlarni har doim ulardan sotib olaman. Ancha arzon. Nazarimda, hadeb noliyvermasdan, shunday shoxobchalardan xarid qilsa, olam guliston. Shunchalik sharoit yaratib berilgani uchun shukr qilishimiz kerak, aslida. Ortiqcha vahima ko‘tarishning nima keragi bor?!
Marhamat, 25 000 so‘mdan oling, faqat mushtdek suyak bilan...
Xaridor Karomat Dolliyevaning fikricha, aholi maqbul narxdagi mahsulotlarni sotib olishi uchun maxsus yarmarkalarda savdo qilinadigan oziq-ovqat miqdorini yanada ko‘paytirish, sifatini oshirish kerak. Chunki ulardagi mavjud mahsulot ehtiyojni qoplash uchun yetarli emas. Bu esa, odamlarning haqli e'tiroziga, jig‘ibiyron bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Mahsulot hajmi qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi. Shunda odamlar rozi bo‘ladi.
— Biz go‘shtni xorijdan import qilmagan bir paytda uning narxi qimmatligini sira tushunmayman, — deydi Eshpo‘lat Mardonov. — Ichki bozorimiz yuz foiz ta'minlangan. Tadbirkorlarga qaytaga xorijga eksport qilishga ruxsat berilgan. Mahsulot o‘zimizda yetarli ekan, qanday qilib qimmat bo‘lishi mumkin? Ishonchim komilki, bu muammolarni bemalol hal qilsa bo‘ladi. Bozorlardagi tayyoriga ayyor turgan olibsotarlar ko‘pincha narxlarni sun'iy oshirib yubormoqda, nazarimda.
Xaridor haq gapni aytdi. O‘rganishimiz davomida biz ham bunga amin bo‘ldik.
Yem, xashak va dallollar…
Qassoblardan go‘sht narxi yuzasidan izoh so‘rab murojaat qildik. Bir-ikkitasi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan bu borada o‘z bilganlarini gapirdi.
Birinchi qassob:
— Ko‘pchilik xaridor go‘shtning narxi oshib ketishida bizni ayblaydi. Lekin masalaning shunday jihatlari borki, bundan ular bexabar. O‘zim uyda mol boqaman. Uning qanchalik mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman. Bitta molni semirtirib, so‘yish uchun boqsangiz, unga ancha xarajat qilasiz. Hozir yem-xashak nihoyatda qimmat. Masalan, kepakning bir kilosi 1000, kombikorm 1200, shrot 1900, sheluxa 1500 so‘m turadi. Bularni qimmat bo‘lsa ham, olish mumkin. Lekin kunjara anqoning urug‘i. Bu mahsulotni faqat uddalagan, tanish-bilishlarni oldinga surganlargina topadi. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: bitta molga bir oyda qancha ozuqa, yem-xashak ketadi? Hozir so‘yilayotgan mollarning bir kilogramm go‘shti o‘zimizga kamida 28-30 ming so‘m atrofida tushyapti. Unga bir-ikki ming qo‘shib sotmasak, bozorda o‘tirishimizning aslo hojati yo‘q.
Ikkinchi qassob:
— Bozorda yuzdan ortiq go‘sht sotuvchi bor desak, shundan nari borsa yigirmatasi davlatga boj to‘laydi. Kunlik tushumini kassaga beradi. Qolgani na davlatga soliq to‘laydi, na kassaga pul topshiradi. Chunki ular mahalla fuqarolar yig‘inidan go‘yoki «fermer» yoki «dehqon» degan hujjat to‘g‘rilab olgan. Tekshiruv kelib qolsa, shu qog‘ozni ko‘rsatib, «o‘z molimni so‘yib sotyapman», degan vaj bilan qutulib qoladi. Shuning uchun bunday sotuvchilarning mushugini birov «pisht» demaydi. Ular haqiqiy dehqon va fermerlar uchun ajratilgan rastalarda bemalol noqonuniy savdo qilishadi. Bunday nohaqliklarga barham berish kerak.
Bildirilgan ushbu mulohazalar nechog‘li haqiqatga yaqinligini bilish maqsadida bozordagi go‘sht rastalarini yana aylandik. Surishtiruv davomida aniqlaganimiz shu bo‘ldiki, haqiqatan ham dehqon va fermerlar uchun ajratilgan rastalardagi sotuvchilar «savdogar»lar ekan. Mahalladan allaqanday yo‘llar bilan haqiqiy dehqon va fermer, deb to‘g‘rilab olgan bir parcha hujjati evaziga bozorda bemalol savdo qilishmoqda. Savol tug‘iladi: nahotki bozor ma'muriyati bundan bexabar bo‘lsa?
Aslida molini so‘yib go‘shtga topshirgan odam haqiqiy narxni bichadi. Qassob esa unga uch-to‘rt so‘m nonini qo‘yadi. Keyin bu go‘sht bozor rastalarida o‘tirgan «dehqon», «fermer» orqali sotiladi. Qarabsizki, go‘sht uchinchi qo‘lga yetib kelib, yaxshigina qimmatlaydi. Agar vaziyat shu tarzda davom etaversa, qanday qilib narx-navoni tushirib bo‘ladi? Xullas, savol ko‘p, javobi esa…
Moy qayg‘usidagi qassoblar
Keling, qassob aytgan gaplarni tahlil qilsak. Bugun bir bosh qoramolni olib, to uni qassobning do‘koniga yetkazib berguncha qancha xarajat ketadi?
Hozir bo‘rdoqiga yaraydigan eng arzon mol 2,5 million so‘m turadi. Uni kamida to‘rt oycha boqish kerak. Molni tez semirtirishni istasa, ayniqsa, sovuq kunlarda xo‘ragini iloji boricha pishirib, qaynatib berish kerak. Bu esa qo‘shimcha gaz, o‘tin xarajati degani. To‘rt oy davomida bir bosh qoramol 700-800 ming so‘mlik yem-xashak yeydi. Umumiy xarajat 3,3-3,5 million so‘mga aylanadi. Bunday moldan 180 kilogramm atrofida go‘sht olish mumkin. Qassob uni 26-28 ming so‘mdan so‘yib oladi. Shunda mol egasi yoki fermer molni taxminan 4,5 million so‘m atrofida pullaydi. Ko‘rinib turibdiki, 3-5 oyda qoladigan foyda 800 ming — 1 million so‘m atrofida.
Shunday ekan, fermer yoki qassobga bosim o‘tkazilavergani bilan masalaning yechimi topilmaydi. Muammoni yechish uchun o‘sha mol yeydigan yem-oziqa narxlarini tushirishga, yem-oziqalarni «birinchi qo‘l»da sotadigan shoxobchalarni ko‘paytirishga asosiy e'tibor qaratilsa, ko‘proq adolatdan bo‘ladi, bizningcha.
Xulosa o‘rnida
Mustaqillikning dastlabki yillaridagi qiyinchiliklar hali-hanuz yodimizda. U paytda bozorlar hozirgidek to‘kin-sochin bo‘lmagan. Hayotiy zarur oziq-ovqat mahsulotlari davlat do‘konlarida talon orqali navbatma-navbat berilganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Hatto, non mahsuloti har bir oilaning soniga qarab taqsimlanardi. O‘tish davrining iqtisodiy islohotlari izchil yuritilgach, o‘sha mashaqqatlar, hayotning og‘ir kunlari shukrki, ortda qoldi.
Bugun bozorlarimiz rastalaridan yoki boshqa istalgan savdo shoxobchasidan xohlagan mahsulotimizni bir zumda topishimiz mumkin. Mehnat qilgan odam och qolmaydi.
Ayni paytda esa oziq-ovqat narxlarining oshishi — yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganar ekanmiz, bir xulosaga keldik: narx-navoning yuqorilaganiga inson omili, boshqacha aytganda, ba'zilarning nafsi hakalak otgani ham ta'sir o‘tkazayotgani rost. Ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan inson manfaatlarini ko‘zlab olib borilayotgan ishlar asnosida ana shu muammolar yechimiga, bozorlarimizda, narx-navoda adolatning qaror topishiga ko‘p vaqt qolmadi.
Yuqorida fikrlari keltirilgan yurtdoshlarimiz — qassoblar, tadbirkorlarning gaplari bari o‘rinli. Vujudga kelgan muammolardan ko‘rinib turibdiki, ularni tizimli ravishda bartaraf etish kerak. Eng muhimi, ko‘tarilgan bu masalalarning mohiyatida sun'iy to‘siqlar ham mujassam. O‘z navbatida, ularni bartaraf etishda nafaqat davlatimizning, xalqimizning har bir fuqaroning ham ishtiroki zarur.
Cho‘p suqsangiz, gullab ketadigan saxovatpesha zaminda yashaymiz. Dehqonu fermerlarimiz to‘yimli, vitaminlarga boy sarxil meva-chevalar, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishning hadisini olgan. Ularning mo‘l-ko‘l hosil yetishtirishi, iqtisodiy islohotlarimizning kuchayishi natijasida tez orada bozorlarimizda narx-navo joyiga tushadi. Vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarib, narx barqarorlashadi. Pirovardida xalqimizning dasturxoni arzon va sifatli oziq-ovqat bilan to‘lib boraveradi.
Shahobiddin RASULOV,
G‘ulomjon MIRAHMeDOV,
«Oila davrasida» gazetasi muxbirlari
Mavzuga oid
09:52 / 15.11.2024
O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshdi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
08:00 / 07.10.2024