Jahon | 16:16 / 08.08.2017
8447
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadalik politsiyachi o‘g‘riga kiyim-kechak olib berdi

Toronto politsiyasi ofitseri Niran Jyeyanesan supermarketda qo‘lga tushirilgan o‘g‘ri uchun kiyim-kechak olib berdi. Gap shundaki, 18 yoshli kanadalik yigit ishga joylashish uchun suhbatga borish maqsadida kostyum o‘g‘irlashga uringan.

Politsiyachining so‘zlariga ko‘ra, u 6 avgust kuni kechqurun sherigi bilan Walmart do‘koniga borgan. Ular kiyim bo‘limida o‘g‘irlik qilishga uringan yigitni ko‘rishgan. Jyeyanesan o‘g‘ri bilan suhbatlashib, uning ishga joylashish uchun kiyim o‘g‘irlashga uringanidan xabar topgan. 

"Yigit hayotda qiyinchiliklarga duch kelgan va buni to‘g‘irlashga harakat qilmoqda. U o‘z oilasini ta'minlash maqsadida ishga joylashmoqchi", - deydi Toronto politsiyasi ofitseri Niran Jyeyanesan. 

Jinoyatning oldi olingani bois politsiyachilar yigitga hech qanday ayblov qo‘ymay, uni qo‘yib yuborishgan. Jyeyanesan uning suhbatdan o‘tishiga yordam berish uchun ko‘ylak, shim va paypoqlar sotib olib bergan.

Ofitserning hamkasblari uning qarorini qo‘llab-quvvatlashdi va uning to‘g‘ri yo‘l tutganini aytishdi. "Uni hibsga olish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Biz jamiyatda boshqalarga o‘rnak bo‘lishimiz kerak", - qo‘shimcha qildi politsiyachi Pol Boas.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid