O‘zbekiston | 19:30 / 08.08.2017
6894
2 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga kitob markazi tashkil etish haqida murojaat qilgan tadbirkor Matbuot va axborot agentligi direktori bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan safari chog‘ida Shumanay tumani aholisi bilan uchrashib, ushbu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi.

Muloqotda yosh tadbirkor Seydabulla Medetov tomonidan yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga hissa qo‘shish maqsadida kitob sotishga ixtisoslashgan markaz tashkil etishga yer ajratish yuzasidan taklif bildirgandi. Davlat rahbari tomonidan ma'naviyatga xizmat qiluvchi yigitning tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda shu kunning o‘zida nafaqat yer ajratildi, balki majmuani qurish uchun homiylik asosida 500 mln. so‘m mablag‘ ham berildi.

Bugungi kunda tadbirkor tomonidan 2 qavatli umumiy maydoni 600 m.kv. bo‘lgan zamonaviy majmua qurib bitkazildi va foydalanishga topshirilishi arafasida.

Shu munosabat bilan 8 avgust kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev “Shumanay kitoblar olami” xususiy korxonasi rahbari Seydabulla Medetovni qabul qildi. Uchrashuvda tadbirkorga tizimdagi nashriyotlar tomonidan nashr etilgan bir necha million so‘mlik kitoblar ajratildi hamda sara adabiyot va kantselyariya mollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishga kelishildi.

Tez kunlarda “Shumanay kitoblar olami” majmuasi ochilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid