Jamiyat | 09:48 / 09.08.2017
114026
16 daqiqa o‘qiladi

To‘ylardagi «xurmacha» qiliqlar

Yoki dabdababozlik, isrofgarchilik va manmanlik kabi illatlardan qachon xalos bo‘lamiz?!

«Bizni kemirguvchi illatlar» degan odatlarimiz, shu to‘y va ta'ziya ismindagi devonaligimizdan iboratdur. Bir do‘konchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu to‘y va ta'ziyalar o‘lumdan qattig‘durki, muning uchun bechora har kun o‘lur. Har kun o‘lg‘on ila-da qutulmas. O‘zidan so‘ngra ahlu ayolig‘a bu yo‘qsullik va bu musibatni meros qo‘yar...»

Bu — ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Oyna» jurnalida e'lon qilingan «Bizni kemirguvchi illatlar» sarlavhali maqolasidan bir parcha. Oradan 102 yil o‘tib ana shu mulohazalarni o‘qir ekanmiz, to‘y-marosimlardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, manmanlik kabi illatlardan xalos bo‘lish xalqimiz, jamiyatimiz uchun hali-hanuz dolzarb bo‘lib turganini yanada teranroq anglab yetamiz.

Zero, to‘y — tinchlik, farovonlik ramzi. Yaxshi niyat bilan elga dasturxon yozib, ikki yoshning nikoh bazmini yoru do‘stlar davrasida nishonlashga nima yetsin?! Lekin to‘yni dabdabaga, pulning kuchini ko‘rsatadigan marosimga aylantirishdan qanday naf bor? Bunga qasd qilgan kishi «zo‘r» odamga emas, aksincha, oyog‘i yerdan uzilgan noshukr kimsaga o‘xshab qolayotganiga aqli yetarmikan?! 

Prezidentimiz O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida to‘ylarimiz xususida kuyinib so‘z aytdi. Bugun o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, «kimo‘zar»ga to‘y qilayotganlar ko‘pchilik bo‘lmasa-da, yo‘q emas. Ular o‘zlarini boshqalardan ustun qo‘yib, kerilib, «hammaning og‘zi ochilib qolsin» qabilida ish tutishlari jamiyatimizni ma'naviy tanazzulga yetaklayotganini qanday izohlash mumkin? 

«Kelinnavkarlar» qaydan keldi?
Yaxshi niyat bilan boshlangan to‘y azaga aylandi. Buxorodan «yor-yor» aytib kelgan «kuyovnavkarlar» Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidan kelin tushirib qaytishda avtohalokatga uchradi. Bir yo‘la besh kishi hayotdan ko‘z yumdi: kelin-kuyov, ularga hamrohlik qilgan yigit-qiz va haydovchi. Fojianing sababi — ortiqcha dabdababozlik. Ko‘chani to‘ldirib, turnaqator bo‘lib harakatlanayotgan mashinalar korteji ichida eng shohona bezatilgan avtoulov yo‘l chetidagi to‘siqqa katta tezlikda borib urildi... 

Bu — bir necha yil avval yuz bergan voqea. Ammo besh xonadon a'zolari qalbidagi jarohatlar hali-hamon bitgani yo‘q. Xo‘sh, bu kulfatdan boshqalar, yon-atrofdagilar qanday xulosa chiqardi, qanday saboq oldi? 

Taassufki, bugun yurtimizning barcha hududi, chunonchi, Samarqandu Buxoroda ham bunday keraksiz «urf»lar ko‘paysa ko‘paymoqdaki, aslo kamayayotgani yo‘q!

— Yaqinda bir to‘y oqshomida ishtirok etdim, — deydi poytaxtimizning Mirobod tumanidagi Temiryo‘lchilar mahallasi faoli Muhammadniyoz ota Abutov. — Bazm avvalida katta ekran orqali kelin-kuyovning qanday tanishgani-yu, bir-birlariga qanday ko‘ngil qo‘yganliklarini aks ettiruvchi lavhalar namoyish qilindi. Rosti, ko‘rishga kishi uyaladigan manzaralar. Hali nikoh degan muqaddas rishta bog‘lanmay turib yigit-qizlarimizning bog‘u xiyobonlarda, hatto tog‘lar qo‘ynida qo‘ltiqlashib, qo‘l ushlashib suratga tushishi to‘g‘rimi?! Bunga ota-onalari qanday izn berishdi ekan? Boz ustiga, ularni ancha-muncha odam to‘plangan davrada ko‘z-ko‘z etishdan maqsad nima? O‘zbekona sharm-hayo, nozu ibo, or-nomus degan tushunchalar qayerda qoldi?! So‘rab-surishtirib bilsam, shu qisqa «film»ni tayyorlash uchun ming dollardan ziyod mablag‘ sarflashibdi. Axir ana shu sarmoyani ikki yoshning turmush farovonligi yo‘lida ishlatish mumkin edi-ku! Bu to‘ylarimizdagi dabdababozlikdan birgina misol, xolos.

Yana bir og‘riqli masala. Bilamizki, ajdodlarimizdan meros an'anaga ko‘ra, kelinni yangi xonadonga tushirib kelish marosimi «kuyovnavkarlar» ishtirokida o‘tkaziladi. Biroq so‘nggi paytlarda «kelinnavkarlar» degan yangi atama ham paydo bo‘libdi. Ajabo! Qaysidir xorijiy filmda kelinning ko‘ylagi, poyabzali, soch turmagi, hatto to‘g‘nog‘ichigacha bir xil bo‘lgan 10 — 15 chog‘li dugonasi bilan bazmga kirib kelishi manzarasini ko‘rib, istehzo bilan kulib qo‘ya qolgandik. Qarangki, «gul otish», «vals tushish», «tort kesish» kabi noodatiy urflarni hazm qilib ulgurmasimizdan «ommaviy madaniyat»ning mazkur unsuri ham to‘ylarimizga kirib kelibdi. Eng yomoni, kelin bo‘lmishning ota-onasi yoki quda tomon endi falon ming dollar pul sarflab to‘y libosini xarid qilishdan tashqari, dugonalarini ham bir xil fasondagi ust-bosh bilan ta'minlashga mas'ul! Agar kamchiqimroq yo‘lni tanlasangiz, marhamat, ijara xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Buning uchun har bir «kelinnavkar»ga 100 dollardan mablag‘ sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Bunday aqlbovar qilmas odatlarni davlatimiz rahbari «balo» deb atadi. Chindan ham balo. Qayoqqa qarab ketayapmiz o‘zi?! Kimlarga taqlid qilayapmiz?!

— Poytaxtimizda yiliga o‘rta hisobda 18 ming atrofida nikoh qayd etilayapti, — deydi Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimova. — Biroq yuz berayotgan oilaviy ajrimlarning 20 — 25 foiziga aynan to‘y-hashamlarimizdagi kalondimog‘lik, «xurmacha» qiliqlar sabab bo‘layotgani achinarlidir. Bu borada amaliy ishlarni olib borayotganimizga qaramay, noxush holatlar kamayayotgani yo‘q. Vaholanki, ommaviy axborot vositalarimizda avval ham ushbu mavzuda qanchadan-qancha chiqishlar qilindi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasini topshirganlari ayni muddao bo‘ldi.  Muammoga qarshi barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib kurashish vaqti keldi. 

O‘ylab qolasan, kishi: odatda, dang‘illama to‘y qilib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayotgan insonlarga tanbeh berilganda, «Bizning ham o‘z orzu-havaslarimiz bor», deya e'tiroz bildirishadi. Nahotki yuqoridagi kabi odamiylikka yot unsurlarning to‘ylarimizda joriy etilishiga xayrixoh bo‘layotganlar ana shunday orzu-havas bilan yashasalar?!

Qizi bor uyning nozi bor, to‘ydan keyin behisob qarzi bor
Vodiy viloyatlarining ba'zi hududlarida bir taomil bor. Ularda qiz uzatishning dahmazasi bisyor. Kelinning ota-onasi uy bezatish, to‘y xarajatlaridan qutuliboq, yana bir tashvishga ro‘baru keladi. Ya'ni to‘ydan so‘ng bir hafta — o‘n kun, ayrim joylarda hatto bir oy davomida har kuni kuyovning xonadoniga tog‘orada taomlar yuborishadi. Yangi ro‘zg‘or egalariga qo‘shib, qudalarini ham turli noz-ne'matlar bilan siylashadi. Shu bilan dabdabalar tugasa qaniydi?! Qiz tomon yil davomida har bayramu sayilda kuyoviga boshdan-oyoq sarpo qilishi urfga kirgan. «Qilmasak bo‘lmaydi, odamlar nima deydi?» degan noto‘g‘ri qarash mavjud. Shunday sinovlarni bardosh bilan yengib o‘ta olgan ota-onaning to‘ydan keyingi ahvolini tasavvur qilib ko‘ravering. 

Poytaxtda ham shunday rasm-rusumlar ko‘p. Yaqin-yaqingacha bu yerda nikoh bazmlaridan so‘ng 150 — 200 kishi ishtirokida «Charlar», «Quda chaqiriq» degan marosimlar o‘tkazilganini yaxshi eslaymiz. Qolaversa, qudalar biri-biridan oshirib 20 — 30talab tog‘ora jo‘natadigan «To‘y yuborar» degan aqlga sig‘mas marosimlar uyushtirilgani ham haqiqat. Ana shunday ortiqcha «an'ana»larga jamoatchilik aralashuvi, oqsoqolu kayvonilar, ma'naviyat targ‘ibotchilarining uzoq sa'y-harakatlaridan so‘ng deyarli barham berilgan bir paytda ularning o‘rnini «Tanishuv», «Yo‘qlov» kabi yangi udumlar egallayotganiga nima deysiz?!

— O‘zim guvoh bo‘lgan bir voqeani aytay, — deydi Navoiy viloyatida yashovchi mehnat faxriysi Ilhom Boboqulov. — Yolg‘iz onaga qiyin. Qo‘shni qishloqqa qizini birovdan kam qilmay uzatdi. Yoshlar ko‘ngil bog‘lab, turmush qurishdi. Sandig‘ini sarpoyu sepga to‘ldirib jo‘natdi. Mebeli, gilamu pardasigacha baholi qudrat xarid qildi. Ammo 17 yoshida kelin bo‘lgan qiz to‘ydan uch oy o‘tmay onasinikiga ko‘ch-ko‘roni bilan qaytib keldi. Keyinroq bilsak, hamma balo mebel mojarosidan chiqibdi. Qaynonasining «Onang arzon matoh olib kelib, bizni sharmanda qildi» qabilidagi gap-qistovlaridan bezgan kelin baxtidan ham voz kechibdi. Kayvonilar, mahalla faollari o‘rtaga tushishdi. Biroq darz ketgan oilani butlab bo‘lmadi. O‘ylab qolasan kishi, nahotki 4-5 bo‘lak yog‘ochning qadr-qimmati farzandlarimiz baxtu saodatidan ustun bo‘lsa?! Yigitning ori, g‘ururi yo‘qmikanki, qiz tomonning sovg‘a-salomiga ko‘z tikib qolgan bo‘lsa?! 

Kimning «muqomi»ga yo‘rg‘alayapmiz?
Bazm boshlanishi bilan raqqosalarning «davrani qizitishi»ga ko‘pchiligimiz guvoh bo‘lganmiz. Taassufki, ularning xatti-harakatlarini raqs san'atiga mutlaqo tenglashtirib bo‘lmaydi. Aksincha, erkagu yigitlar atrofida girdikapalak bo‘lib qilingan muqom, beo‘xshov qiliqlar faqat odamning g‘ashini keltiradi. Xo‘sh, bunday holat kimga ibrat bo‘la oladi? Axir to‘yda yosh-yalang, xotin-qizlar, keksalar ham ishtirok etishadi-ku?! Bu mavzu ko‘p bor gapirildi, matbuotda yoritildi. Biroq, afsuski, sezilarli amaliy natijalar ko‘zga tashlanayotgani yo‘q.

— Bir to‘y bazmida qatnashdim, — deydi Zangiota tumanilik tajribali pedagog Nazira Rahmedova. — Kelinning ham, kuyovning ham ota-onalari bama'ni insonlar ekan. Biroq undagi «tomoshalar» ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi: to‘yda ishtirok etgan san'atkorlar taklifi bilan kelin-kuyov bazm yakuniga qadar naqd uch marta davraga chiqib, xorij udumlariga taqlidan vals raqsiga tushishdi. Kelinning egnidagi yelkayu yoqasi ochiq to‘y libosi esa ko‘pchilikni uyatga qo‘ygani ham taassufli hol. Shu zaylda davom etgan shodiyona, yosh-yalanglar so‘zi bilan aytganda, naq diskotekaga aylandi. 

Bundan tashqari, taniqli san'atkorlar kelishiga qarab to‘y-tantanalarga baho berish urfga kirdi. Ayrim bazmlarda navbat talashayotgan xonandalarni ko‘rib, bunga yana bir bor amin bo‘lishimiz mumkin. Hatto kuylash uslubi, yo‘nalishi, qo‘shiqlari mazmuni to‘y-bazmlarga mutlaqo mos bo‘lmagan «rep» ijrochilari ham bugun nikoh shodiyonalarida «xonish» qilishmoqda. Qolaversa, o‘n besh yoki yigirma daqiqalik chiqishlarining ham narxi nimagadir ko‘pincha so‘mda emas, «ko‘ki»da.

— Mutafakkir shoir Jaloliddin Rumiyning bir hikmati bor: «Insonga hech narsani o‘rgatib bo‘lmaydi, faqat yo‘l ko‘rsatish mumkin, yo‘ldan esa har kim o‘zi o‘tib borishi kerak», — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi bo‘lim mudiri Jamil Yaratov. — Shu ma'noda aytish mumkinki, to‘y-marosimlarimiz uchun turnaqator mashinalar karvoni, qimmatbaho liboslaru antiqa «shou»larga buyurtma berish uchun ota-onalarini qistovga olayotganlarning ayrimlari ham aslida katta hayot boshida turgan yigit-qizlarimizning o‘zi! Shunday ekan, ular orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirmay turib, kutilgan natijaga erisha olmaymiz. 

Umr egovi
Xalqimizda to‘yu tantanalar kuy-qo‘shiqsiz o‘tmaydi. Boz ustiga, xonanda eng yuqori pardada kuylaydi, ovozkuchaytirgichning qulog‘i eng baland chastotaga sozlanadi. Musiqaning «gumbur-gumbur»idan atrof zirillab, devorlar titramasa, go‘yo hech kimning ko‘ngli to‘lmaydi. — To‘y bazmlarida musiqani shunday balandlatib qo‘yishadiki, hatto o‘zaro diydorlashuv, muloqot qilish uchun ham imkon bo‘lmaydi, — deydi poytaxtimizning Uchtepa tumanida yashovchi Abduxalil Murodov. — Kuchli shovqindan yoningizda o‘tirgan kishining so‘zini eshitish ham amrimahol. Qolaversa, shovqin-suronli kechalarga ishtiyoqmand yoshlar hali to‘liq ulg‘aymay turib, turli xastaliklarga chalinsa, undan xalos bo‘lish oson kechmaydi-ku?! Shunday ekan, shovqinli hayot tarziga odatlanishdan saqlanishga e'tibor qaratishimiz joiz emasmi?!. 

Tibbiyot mutaxassislarining ta'kidlashicha, baland tovush ta'sirida quloq pardasi yirtilishi, quloq bo‘g‘imlari orasidagi bog‘lanishlar uzilishi kuzatilar ekan. Qolaversa, kuchli ovoz nafaqat eshitish, balki asab tizimiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Oqibatda nevroz, qon bosimi kabi xastaliklar hamda bosh og‘rig‘i, bosh miyada qon aylanishining buzilishi kabi o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. O‘z navbatida, baland tovush, kuchli shovqin bosh miya insulti, yurak-ishemik xastaliklarining kelib chiqishi va rivojlanishiga sabab bo‘luvchi omillardan biri ekan. 

Vaholonki, bu haqda gazetamizda bundan bir necha yil avval ham qator chiqishlar e'lon qilingan, hatto amaliy sa'y-harakatlar ko‘rish uchun tegishli mutasaddi tashkilotlarga ham jo‘natilgan  edi. Ammo, afsuski, bu boradagi xulosalar, qilinajak sa'y-harakatlar  to‘ydan chiqquncha — uyga yetguncha qabilida bo‘ldi. Xo‘sh, bu haqda kim qayg‘urishi, masalaga kim ijobiy yechim topishi kerak? Ehtimol, jamoat joylarida musiqa qo‘yish mezonlarini belgilab beruvchi huquqiy me'yorlar zarurdir?! San'atga aloqador idoralar, tibbiyot sohasi mutasaddilari, ma'naviyatimiz targ‘ibotchilari va qolaversa, mahalla-ko‘y, keng jamoatchilik vakillari tashabbusi bilan bu borada tegishli chora-tadbirlar belgilash fursati yetdi, nazarimizda.

«Har ishning me'yori yaxshi», deydi donolarimiz. Zero, me'yor tartibga boshlaydi, tartibning natijasi esa hech qachon yomon bo‘lmagan. Binobarin, to‘y — quvonchli tadbir. Undan kutilgan maqsad-muddao ham ezgu va xayrlidir. Shunday ekan, to‘ylarimiz mazmunli, xushnudlikda o‘tadigan, kattaga hurmat, kichikka izzat, yosh oilalarga chin dildan baxtu saodat so‘raladigan tadbir sifatida xotiramizda muhrlanib qolsa, bundan kim yutadi? Albatta, biz, aniqroq aytganda — hammamiz!

Farrux BO‘TAYeV.

Xalq so‘zi gazetasi

Mavzuga oid