«Senzuraga yo‘q!» - Matbuot va axborot agentligi rahbariga ochiq xat
Anhor.uz sayti bosh muharriri Lola Islomova O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining yangi Bosh direktori Laziz Tangriyevga ochiq xat yo‘lladi.
Ochiq xat rus tilida yozilgan va uning mazmuni quyidagicha:
«O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktoriga ochiq xat
Hurmatli Laziz Xushboqovich!
Asosiy vazifasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatini amalga oshirishga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqlariga va tegishli qonun hujjatlariga, so‘z va matbuot erkinligi kafolatlariga so‘zsiz rioya qilinishi monitoringini olib borishdan iborat bo‘lgan idoraning (O‘zMAA Nizomida shunday yozilgan) rahbari sifatida sizga murojaat qilmoqchiman.
Mustaqil jurnalistika — demokratik jamiyatning asosiy belgilaridan biri, mustaqillikka erishgan O‘zbekiston hayotidagi yangi sahifa hisoblanadi. O‘zMAA rahbari ko‘p yillardan beri OAV vakillariga bayonot bilan chiqish qilgani quvonarli, albatta. Sizning OAV vakillariga bayonot tarzida yozilgan «Ma’naviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz» maqolangiz jurnalistlar o‘rtasida qizg‘in muhokama va taajjub keltirib chiqardi.
Obektiv va konstruktiv tanqid — o‘z-o‘zidan, taraqqiyotning kuchli vositalaridan bir sanaladi hamda kamchiliklarni ko‘rish va bartaraf etishda, har qanday ishni oldinga siljitishda yordam beradi. Biroq aynan shu vositadan juda ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak. Sizning bayonotingizdan keyin e’lon qilingan «Og‘riqli nuqta» maqolasi jurnalistika taqdiri uchun tashvishlanishga majbur qilmoqda.
Menimcha, mamlakat fuqarolari taniqli insonlar hayotining qanday sahifalarini bilishi «kerak»ligi va qaysilarini bilishi «maqbul emas»ligini aniqlab berish — nafaqat alohida bir shaxslarning, hattoki hech bir davlat idorasi shug‘ullanishga haqli bo‘lgan narsa emas. Bu inson nafsoniyatining eng nozik torlariga teguvchi, eng muhimi — O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan axborot olish va almashish huquqini poymol etish hisoblanadi. Hech bir shaxs unga boshqa bir shaxslar guruhi yoki idora nimalarni bilish mumkinligi va nimalarni bilishiga hali erta ekanligini aniqlab berishiga hech qachon rozi bo‘lmaydi.
Har qanday murosasiz kurash jamiyat barqarorligiga rahna soladi, insonlarni turli lagerlarga bo‘lib tashlaydi, keskinlik va qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi va amalda kutilgan natijani keltirmaydi. O‘rta asrlar inkvizitsiyasi, kosmopolitizmga qarshi turish, jaz, opera va baletga qarshi kurashlarni yodga olaylik. Bularning barisi xusumat, qarama-qarshilik, insonlarning madaniy afzalliklariga ko‘ra ajratishdan boshqa narsaga olib kelmagan. Bu kurash tashabbuskorlariga ham izlanayotgan natijalarni taqdim etmaganidek.
Men sizning adabiy tanqidchilik va sifatli jurnalistikani rivojlantirish tashabbusingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Lekin tarix bir davlat fuqarolarini «o‘ziniki» va «begona»ga bo‘lish orqali tanqid qilish — yo‘qlik sari yo‘l ekanligini isbotlab bo‘lgan. Keling, o‘tmishdan saboq chiqaraylik.
O‘z murojaatingizda siz xususiy OAVlarda jurnalistikaning sifati past ekani haqida so‘z ochgansiz. Biroq xolislik uchun mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha OAVlar, ayniqsa soliq to‘lovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan davlat nashrlari va saytlari ham tanqid qilinishi kerak.
Laziz Xushboqovich! O‘n yilga yaqin davrdan buyon jurnalistlar «O‘zbekiston jurnalistlar etikasi milliy kodeksi»ni qabul qilish taklifini bildirib kelishadi. Sizning yordamingizda jurnalistning axloq kodeksi nihoyat dunyo yuzini ko‘rib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishiga, so‘ngra qabul qilinishi va chop etilishidan umidvormiz. Shubhasiz, axloq kodeksi qonun emas, tavsiyaviy xarakterida bo‘ladi, lekin u ham jurnalistlar, ham jurnalistik materiallarni konstruktiv tanqid qilmoqchi bo‘lganlarga ma’lum bir mo‘ljal sifatida xizmat qiladi. Axloq kodeksining qabul qilinishi media-axloq sohasida bahsli masalalarni hal qiladigan organ — media-kengashning tuzilishini taqozo etadi. Qolgan barcha masalalar faqat sud orqali hal etilishi kerak.
Hurmatli Laziz Xushboqovich, ko‘plab taniqli hamkasblarimiz sizning bayonotingiz haqida o‘z fikrlarini bildirishgan ijtimoiy tarmoqlarni o‘qing. Balki bir tomonlama bayonot berish emas, jurnalistlar doirasi bilan keng muloqot o‘rnatish davri kelgandir? Balki o‘z tashabbusi bilan OAV bozorida muvaffaqiyatga erishayotganlarni qo‘rqitish emas, ularga yordam berish kerakdir?
Hurmat bilan,
Lola Islomova,
«Anhor.uz» bosh muharriri».
Lola Islomovaning Laziz Tangriyevga ochiq xati yozasidan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron ham o‘z fikrini bildirib o‘tgan:
«Anhor.uz saytining bosh muharriri, jurnalist Lola Islomova O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyevga ochiq xat bilan murojaat qildi. Bunga agentlik yangi bosh direktorining o‘zbek jurnalistikasi borasida yaqinda qilgan bayonoti sabab bo‘ldi.
Shaxsan men mazkur ochiq xatdagi ayrim o‘rinlariga unchalik qo‘shilmasam ham, agentlik bosh direktori bayonotini o‘qib, u o‘z faoliyatini ma’muriy buyruqbozlik, ochiqroq aytsam, do‘q urishu qo‘rqitishga urinish bilan boshlagani taajjubga solgan edi.
O‘zbek matbuotida yuzaga kelgan nochor ahvolga va uning kelib chiqishiga aybdor mutasaddilar haqida bir og‘iz aytilmagan bu bayonot bugungi Prezidentimiz olib borayotgan oshkoralik va tahlilga asoslangan siyosat ruhiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Matbuotimizda mavjud kamchiliklar haqida bizning saytimizda ham bir qator maqolalar e’lon qilingan edi. Bu kamchiliklarni bartaraf etish tabiiy ravishda qattiqqo‘l siyosatni emas, «unday qilamizu bunday qilamiz», deb shovqin solish bilan emas, balki ochiq va ayovsiz tahlil asosidagina amalga oshirilishi kerak. Eng avvalo, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bir qator rahbarlari korrupsiya bilan bog‘liq mojarolarga aloqador bo‘lgan bir paytda agentlikning o‘zi qanday o‘zgarishlar qilajagini oshkor qilishi lozim edi».