Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga umrbod maosh to‘lanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularni trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Qarorni imzoladi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» xabar berdi.
Qarorda mustaqillik yillarida O‘zbekiston milliy terma jamoalari sportchilarining Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishlari, dunyoda O‘zbekistonning obro‘-e'tibori, sport salohiyati va yutuqlari tizimli ravishda oshib borishini ta'minlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi ta'kidlangan.
Ayni paytda, yuqori malakali sportchilarni tayyorlashda mashaqqatli mehnat va katta kuch talab etilishini inobatga olgan holda sportchilarning o‘z mahoratlarini muntazam oshirib borishlari, jismonan va ma'naviy yetukligini ta'minlash bilan birga, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirib borish zarurligi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan qabul qilingan mazkur qarorda keng ko‘lamli miqyosdagi aniq maqsadli ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, O‘zbekistonning mashhur sportchilarini jismoniy tarbiya va sport sohasini boshqarishga faol ko‘maklashish, jamoat va sport ishlariga bosqichma-bosqich jalb etishga doir «Katta sportdan keyingi faoliyat» harakatlar dasturini ishlab chiqilishi belgilangan.
Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilariga to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularni trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish miqdorlari aniq belgilab berilgan. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar uchun umrbod to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularni trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Olimpiya va Paralimiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bir yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan muddatda sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida sog‘lomlashtirish kursidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, qarorda O‘zbekistonning mashhur sportchilariga xususiy sport muassasalarini barpo etib, o‘zlarining mahorat maktablari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish maqsadida ularga «nol» qiymatida binolar berish, yer hamda banklardan kreditlar ajratish, boshqa imtiyozlar berish yuzasidan zaruriy choralar ko‘rish belgilandi. Qaror doirasida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi jismoniy tarbiya va ommaviy sportning jamiyatimiz hayotidagi rolini yanada kuchaytirish, sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilar va ularni trenerlari mehnatini munosib rag‘batlantirish, qolaversa, nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilarimiz saflarini tobora kengaytirishga xizmat qiladi.
Qarorning to‘liq matni matbuotda e'lon qilinadi.
Mavzuga oid
12:25 / 22.05.2025
“Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi bo‘yicha milliy dastur amalga oshiriladi
11:01 / 22.05.2025
Tibbiyot menejerligi bo‘yicha sertifikatga ega ayrim rahbarlarga ustamalar to‘lanadi
10:46 / 22.05.2025
Ayrim shifokorlarning oylik lavozim maoshlari 20 foizga oshiriladi
10:18 / 22.05.2025