Iqtisodiyot | 15:43 / 11.08.2017
15449
4 daqiqa o‘qiladi

Forbes 2017: AQShning eng yirik xususiy kompaniyalari o‘ntaligi

2017 yilda umumiy hisobda 225 ta kompaniya Forbes jurnali tomondan chop etilgan AQShning eng yirik xususiy kompaniyalarining 33-an'anaviy reytingiga kirdi. Bu kompaniyalarning umumiy daromadi 1,57 trln dollarni tashkil qiladi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 3 foiz kamroqdir. Bu kompaniyalarda 2017 yilda 4,7 mln kishi faoliyat yuritmoqda. 2016 yilda bu miqdor 4,5 mln kishi bo‘lgan.

Reytingning yetakchilari an'anaviy ravishda Cargill va Koch Industries kompaniyalari bo‘ldi. Bu kompaniyalar 1- va 2-o‘rinlarni egallagan. Cargill reytingning eng yuqori pog‘onasini qatorasiga 10 yildan beri hech kimga bermay kelmoqda. Biroq shunga qaramay, kompaniyaning o‘tgan yilga nisbatan daromadlari uncha ko‘p oshmagan: kompaniya daromadi bor-yo‘g‘i 2 foizga, ya'ni 109,7 mlrd dollargacha oshgan.

Yetakchi beshtalikka, shuningdek, Albertsons oziq-ovqat reteyleri (3-o‘rin) va ikkita auditorlik kompaniyasi – Deloitte va PricewaterhouseCoopers (mos ravishda, 4- va 5-o‘rin) kirgan.  

Mars reytingidagi mavqeini yaxshilab, 6-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Yanvarda kompaniya VCA veterinar klinikalari tarmog‘ini 9,1 mlrd dollarga xarid qilishini e'lon qilgan. Bu bitim yakunlanganda, uy hayvonlarini parvarishlash biznesi ulushiga kompaniyaning 50 foizdan ko‘proq daromadi to‘g‘ri keladi. Mars, shuningdek, Pedigree, Wiskas va Royal Canin kabi uy hayvonlari oziqalari brendlariga egalik qiladi. 

Yetakchi o‘ntalikdan, shuningdek,  Publix Super Markets supermarketlar tarmog‘i (7-o‘rin), Bechtel muhandislik va qurilish kompaniyasi (8), Ernst & Young servis kompaniyalari tarmog‘i (9) va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ulgurji va chakana savdo qiluvchi C&S Wholesale Grocers (10) joy olgan.

Ro‘yxatga kirmagan eng yirik kompaniyalardan biri Dell bo‘ldi. 2016 yil reytingida Texas kompaniyasi 4-o‘rinni egallagandi. 2016 yil sentabrda Dell EMC Corporation bilan birlashishni yakunladi va Dell Technologies sifatida savdo qila boshladi. Dell’dan tashqari yana 8 ta kompaniya reytingdan chiqib ketgan. Bu holat bir necha sabablarga ko‘ra yuz bergan: kompaniyalarning daromadlari 2 mlrd dollarlik qiymatdan pasayib ketgan, ular xususiy kompaniya bo‘lmay qolganlar yoki xorijliklarga sotib yuborilganlar.  

Shu bilan birga reytingdan 11 ta yangi kompaniya joy  olgan. Ular orasida 52-o‘rinni egallagan Uber bor. U reytingga kirgan yagona xususiy texnologik kompaniya bo‘ldi. 

Reytingning yetakchi o‘ntaligi quyidagicha ko‘rinish olgan:

1. Sargill
Yillik daromadi: 109,7 mlrd dollar
Xodimlari soni: 150 000

2. Koch Industries
Yillik daromadi: 100 mlrd dollar
Xodimlari soni: 100 000

3. Albertsons
Yillik daromadi: 59,7 mlrd dollar
Xodimlari soni: 273 000

4. Deloitte
Yillik daromadi: 36,8 mlrd dollar
Xodimlari soni: 244 400

5. PricewaterhouseCoopers
Yillik daromadi: 35,9 mlrd dollar
Xodimlari soni: 223 000

6. Mars
Yillik daromadi: 35 mlrd dollar
Xodimlari soni: 80 000

7. Publix Super Markets
Yillik daromadi: 34 mlrd dollar
Xodimlari soni: 191 000

8. Bechtel
Yillik daromadi: 32,9 mlrd dollar
Xodimlari soni: 58 000

9. Ernst & Young
Yillik daromadi: 29,6 mlrd dollar
Xodimlari soni: 231 000

10. C&S Wholesale Grocers
Yillik daromadi: 28,1 mlrd dollar
Xodimlari soni: 17 500

Mavzuga oid