Sport | 09:48 / 11.08.2017
7932
2 daqiqa o‘qiladi

Mojaroli transfer: «Borussiya» «Barselona»ning Dembele uchun navbatdagi taklifini ham rad etdi

«Barselona» Dortmundning «Borussiya» klubi bilan Usmon Dembele transferi borasida kelisha olmayapti. Sport.es xabariga ko‘ra, kataloniyaliklarning bu boradagi ikkinchi taklifi ham rad etilgan.

Ispan jamoasi 75 mln va qo‘shimcha bonuslar nazarda tutilgan birinchi taklif qabul qilinmagach, 20 yoshli fransuz uchun 90 million yevro va bonuslar ko‘rinishida 40 mln yevro va'da qilgan, ammo nemislar klubi yana rad javobi qaytargan.

«Borussiya» «Barselona»dan bu futbolchi uchun 150 mln yevro talab etmoqda.

Xabar qilinishicha, katalonlar klubi Dembele bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishgan.

Dembele o‘zini Ispaniyaga qo‘yib yuborishlarini istamoqda. O‘zi uchun taklif rad etilganidan xabar topgach, futbolchi jamoa mashg‘ulotiga kelmadi. Bunga javoban jamoa unga nisbatan jazo choralari qo‘lladi: u jamoaning o‘yinlaridan chetlatilgan va jarima belgilangan.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, ushbu futbolchini qo‘lga kiritish uchun «Real» ham harakat boshladi. Bu jamoa Mbappeni transfer qilish imkoniyatlari yo‘qolayotgani uchun e'tiborini Dembelega qaratdi. Qolaversa, madridliklar transfer raqobatida yana bir bor «Barselona»ni dog‘da qoldirmoqchi.

Usmon Dembele «Borussiya»ga 2016 yilda «Renn» tarkibidan kelib qo‘shilgan. U dortmundliklar safida o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasida 50 uchrashuvda qatnashdi va 10 gol urib, 22 golga uzatma berdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid