O‘zbekiston | 23:16 / 13.08.2017
16339
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan respublika forumi o‘tkaziladi

Prezidentning 2017 yil 5 iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi PF-5106-sonli farmoniga muvofiq, joriy yilning 14–15 avgust kunlari Shahrisabz shahrida «O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlarning o‘rni» mavzusidagi Forum tashkil etiladi. 

Ushbu Forum ishida turizm sohasi bo‘yicha ixtisoslashgan ilmiy xodimlar va malakali o‘qituvchilar, madaniy meros va muzey sohasidagi tajribali mutaxassislar, turoperatorlar, gidlar hamda talabalar ishtirok etadi, — deb xabar berdi Kun.uzga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Ahror Sodiqov.

— Forumni tashkil etishdan maqsad — O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning turistik salohiyati, joylardagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni targ‘ib qilish, madaniy-tarixiy turizm, ekoturizm, ekstremal turizm, sarguzasht turizm, ta'lim turizmi, sport turizmi kabi sayohat dasturlari yaratgan holda yoshlarni mamlakatimizning tarixiy joylariga, ulug‘ avliyo va buyuk ajdodlarimizning muqaddas ziyoratgohlariga yoshlar tashriflarini uyushtirish hamda ularda milliy an'ana va qadriyatlarga hurmat ruhini kuchaytirish, tuman va shaharlarning turistik salohiyatini targ‘ib qilishdan iboratdir, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov.

Shuningdek, Forum doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi davlat turizm qo‘mitasi o‘rtasida memorandum imzolash marosimi hamda «O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlarning o‘rni» mavzusida ochiq muloqot tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Turizm sohasiga qiziquvchi va uning rivojlanishi uchun istiqbolli takliflar bilan ishtirok etish niyatida bo‘lgan yoshlarni Shahrisabz shahrida kutib qolamiz.

O‘z muxbirimiz.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid