O‘zbekiston | 12:05 / 16.08.2017
13694
4 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov: Mobil aloqa antennalari aholi da'vo qilganchalik zararli emas

Foto: Xalqaro press-klub

Xalqaro press klubda informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalar vakillari ishtirokida «O‘zbekistonda mobil aloqa: muammolar va yechimlar» mavzusida anjuman bo‘lib o‘tmoqda.

Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov ayni paytda yurtimizda mobil aloqalar bilan ta'minlanganlik, uni kengroq yoyishda duch kelinayotgan muammolar haqida so‘z ochdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mobil aloqadan foydalanish chog‘ida yurtimizda amalda bo‘lgan elektromagnit nurlanish 900/1800 Megagersni tashkil etadi va bu xalqaro belgilangan me'yorlarga to‘liq mos.

Ayni paytda O‘zbekistonda 1 kv.sm maydonga 2,5 mikroVattgacha nurlanishga ruxsat berilgani aytib o‘tildi. Aynan shu ko‘rsatkich MDH davlatlarida 4 barobar, Yevropa va AQShda 40 barobar, masalan, Isroilda 160 baravar yuqori.

Mobil apparatdan antenna qancha yiroq bo‘lsa, apparat shunchalik ko‘p quvvat sarflaydi va aloqa sifati pasayadi. Shu sababli bazaviy stansiya — antennadan taralayotgan radiomagnit nurlanishdan ko‘ra, mobil qurilmadan taralayotgan nurlanishning zarari insonga ko‘proq bo‘ladi.

O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri v.b. 3ta asosiy masalaga e'tibor qaratdi.

1. Mahalliy hokimliklar tomonidan bazaviy stansiyalarga yer ajratish ishlarida yordam berilishi. Chunki har bir stansiyaga yer ajratish va uni ishga tushirishga 2-3 oy vaqt ketmoqda.

2. Aholi o‘rtasida baza stansiyalarini o‘rnatish ishlariga qarshilik qilmaslik.

3. Aholi va yuridik shaxslarning o‘rnatilgan baza stansiyalarini olib tashlashni asossiz olib tashlashni talab etmasligi.

Vazir mahalla fuqarolar yig‘inlariga murojaat qilib, birinchi navbatda ulardan yordam so‘radi. «Chunki biror ko‘pqavatli uyning ustiga antenna o‘rnatishimiz hamono aholi yoza boshlaydi. Uyimizning tepasiga antenna o‘rnatildi, radiatsiyadan nurlanamiz va hokazo, deb. Lekin bu noto‘g‘ri. Bizda nurlanish normasi jahondagi eng pastlardan biri hisoblanadi. Bu borada mutaxassislarimiz bor, sanitariya nomlarini qattiq nazorat qilamiz. Har bir antenna o‘rnatilishidan avval juda katta tekshiruvlardan o‘tadi», dedi vazir v.b.

«Hozirda operatorlar 50dan ortiq baza stansiyalarini ko‘chirishga talabnomalarni olishgan. Sabablar esa «antenna noto‘g‘ri turibdi, xunuk turibdi», degan vajlar bilan antennani ko‘chirishni talab qilib shikoyat yozishadi. Baza stansiyalarining ishi biri biriga chambarchas bog‘liq, uning ko‘chirilishi yaqin atrofdagi 5-6ta antennaga va ular qamrab olgan hududdagi aloqa sifatiga ta'sir qiladi», dedi Sherzod Shermatov.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Respublika sanitariya epidimologiya xizmati bosh shifokori Sayidmurod Sayidaliyev SSV tomonidan respublikada o‘rnatilgan 18 mingga yaqin antennaning har biri o‘rnatilishdan oldin SEX tomonidan puxta o‘rganilib, ruxsat berilganini qayd etib o‘tdi.

Mavzuga oid