Jahon | 01:27 / 17.08.2017
12556
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik sobiq deputat Omurbek Tekebayevga 8 yillik qamoq jazosi berildi

Qirg‘izistonning “Ata Meken” partiyasi yetakchisi, Jogorku Kenesh deputati Omurbek Tekebayev 8 yilga ozidlikdan mahrum etildi. Bu haqdagi qaror 16 avgustda chiqarildi. 

Korrupsiya ishi bo‘yicha Tekebayev bilan birga sudlanayotgan, muvaqqat hukumat tarkibida favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan Duyshenkul Chotonov ham 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud ayblanuvchilarning aybini to‘liq isbotlangan deb topdi.

Davlat ayblovi Tekebayevga 10 yillik qamoq jazosi va mul-mulkini musodara qilishni, Chotonovga esa 8 yillik qamoq jazosi va mul-mulkini musodara qilishni hamda ikkalovlariga davlat lavozimini 3 yilgacha egallashni taqiqlash jazosini so‘ragandi. 

Hukm chiqarilgandan keyin zalda Tekebayev tarafdorlarining “Sharmandalik”, ko‘chada esa “Ozodlik! Ozodlik!” degan hayqiriqlari yangragan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Tekebayevga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga rossiyalik tadbirkor Leonid Mayevskiyning arizasi sabab bo‘lgan. Arizaga ko‘ra, rossiyalik 2010 yilda Tekebayevga muvaqqat hukumat milliylashtirgan MegaCom uyali aloqa operatorini sotish masalasini ijobiy hal qilish uchun 1 mln dollar bergan. Bu bitimda Chotonov vositachilik qilgan.

Bishkek tuman sudlaridan birida jinoiy ish bo‘yicha jarayon 5 iyunda boshlangandi. Sudga 8 tomlik jinoyat ishini o‘rganib, hukm chyaiqarish uchun 2 oy-u 10 kun talab etilgan.

Mavzuga oid