Prezidentga baho berishga shoshilmang!
Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan so‘ng sobiq ittifoqda yozuvchi atalganlarning aksariyati memuar yozishga kirishib ketgan ekan. Tabiiyki, necha kishi bunday asar yozsa, shuncha talqin yuzaga keladi, tarix haqiqatlari taxmin, nuqtai nazar va eng yomoni yolg‘on ta'sirida ko‘milib ketadi. Shunda hukumat hammasiga chek qo‘yib, bunday asarlar chop etilishini to‘xtatib qo‘ygan, chuqur o‘rganishlar va nazoratdan keyingina ayrimlariga ruxsat bergan ekan.
Tarix shundayki, unda kechgan jarayonlarga, ayniqsa ma'lum shaxslar faoliyatiga darhol baho berish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Oxirgi paytlarda so‘z erkinligi epkinlaridan ruhlanibmi, yoki bu mavzu ommabopligidan ilhomlanibmi, birinchi prezidentimiz Islom Karimov faoliyatiga baho berish, uning islohotlarini tahlil qilish, u qoldirgan davlatning har bir tizimini taroziga solib ko‘rish urf bo‘ldi.
Albatta, har bir davlat rahbari faoliyati ko‘p yillar, hatto asrlar muhokama qilinadi, davr sinovlarida turlicha baholanaveradi. Ammo yuzaki qarash, shoshma- shosharlik bilan qiyoslash, ayniqsa vaziyatni tushunmay xulosa chiqarish durust emas.
Keling, hatto siyosatdan uzoq bo‘lgan oddiy inson ham tahlil qilishi mumkin bo‘lgan ayrim jihatlarni yodga olamiz.
1. Mustaqillikka erishgan yillarimizda o‘spirin yoshda edim. Narx-navo shiddat bilan o‘sib borar, inson jon saqlashi uchun zarur bo‘lgan oziq ovqatlar tanqisligi yuzaga kelgandi.
Non uchun soatlab navbatda turardik, kechasi borib tongda non sotib olgan paytlarimiz bo‘lgan. Ota-onalarimiz bizning qornimizni to‘ydirish uchun nima qilishni bilmay bir-birlariga tikilib qolganlarining guvohi bo‘lganmiz. Keyinchalik un sotilmay qoldi, hamma bug‘doy tortib non yopa boshladi. Tegirmon ko‘paydi. Qishloqlardagi oldi-sotdida pul o‘rniga g‘alla ishlatila boshlandi.
Shunday kunlarda bir ayolning bug‘doy olish uchun kombaynga yaqinlashib yanchilib ketganini eshitib, dahshatga tushgandim. Bu voqea aslida bo‘lganmi, yo‘qmi, bilmayman. Lekin har bir ta'sirli voqeani baholashda albatta davlat rahbarlarini ayblash menda ham bo‘lgan. «Bechora ayol bolalarini boqish uchun parcha-parcha bo‘lib ketsaya. Yuqoridagilarda insof bormi?..» Ammo baribir bu masalada qat'iy turildi, har bir boshoq don davlat nazoratiga olindi va nihoyat g‘alla mustaqilligiga erishildi. Bugun, yaratganga shukr, non muammosi yo‘q. Albatta, baho berguvchilar nazdida bu juda oddiy yutuq tuyilishi mumkin, ammo butun bir xalqning ochlik changaliga tushib qolmay o‘zini o‘zi eplab ketganini, buning uchun to‘g‘ri yo‘l tanlab olinganini tushunganlar tushunadi.
2. Bu voqeaga 20 yildan oshdi. Bir insonni tanirdim, juda xushmuomala, ko‘ngli ochiq odam edi. Bir to‘yda nima jin uradiyu ichib oladi. Yonida o‘tirgan bir rus yigit bilan gap talashadi va achchiq ustida stol ustidagi pichoqni olib qorniga sanchadi. Bu bir qarashda oddiy maishiy jinoyat tuyilar, ammo akamiz o‘zini bilmay katta xato qilib qo‘yadi: millat nomini aytib «Senlarning hammangni qirish kerak» deb yuboradi. Jarohatlangan yigit tuzalib ketdi, hatto o‘zi va oilasi da'vo arizasidan voz kechdi. Ammo sud jinoyat qilganni kechirmadi va 14 yil jazo tayinladi. Axir bir qarashda bu juda qattiq jazo edi, 14 yil uning xotini va yosh bolalari nima qilishadi?
Buning ham ma'nosini yillar o‘tib tushunyapman.
O‘zbekistonda yuzdan ortiq millat va elatlar tinch totuvlikda hayot kechirmoqda, degan jumlani ko‘p eshitamiz. Ammo har doim ham shunday bo‘lganmi? Yoki savolni boshqacha qo‘yaylik, hatto hozirgi kunda ham ko‘pchilik davlatlar millatchilik balosidan qutulib bo‘lishganmi?
Yuqoridagi voqea yuz berishidan salgina oldin Farg‘ona voqealari bo‘lib o‘tgan, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarda ham millatchilikning sovuq nafasi ufurib qolgandi. Agar o‘sha paytda shu masalaga jiddiy qaralmasa, arzimas tuyilgan holatga ham qat'iy chora ko‘rilmasa, bugungi kundagi totuvlik biz uchun ushalmas orzuga aylanishi aniq edi. Chunki atrofimizdagi birorta qo‘shnimiz biz kabi ko‘pmillatli emas, tevarakdagi birorta davlatda turli millatlar bizniki kabi kichik hududda aralashib ketishmagan;
3. Sobiq ittifoq paytida borligi bilinmagan chegaralarga simto‘rlar tortildi. Bordi-keldi qilish ancha qiyinlashdi. Ayniqsa qarindosh-urug‘chilik, quda-andachilikka aziyat yetdi, piyoda borsa bo‘ladigan joylarga yetish uchun minglab chaqirim yo‘l bosishga, o‘nlab hujjatlar olishga to‘g‘ri kelardi.
Bir qarashda hammasi osondek edi – chegara ochib yuborilsa hammasi iz-izga tushib ketadigan, hamma baxtiyor bo‘ladigan, davlat ham katta foyda ko‘radigandek... Ammo Afg‘onistondagi qora kuchlar qo‘shni davlatlarga real tajovvuz qilgan va maqsadlariga erishib, yangi marralarni ko‘zlayotgan, terrorizm o‘choqlari kun sayin ko‘payayotgan, ozgina bo‘sh qo‘yilgan hududda kontrabanda, giyohvand moddalar tranziti avj olayotgan bir paytda bunday qilishning aslo iloji yo‘q edi. Iqtisodiy jihatdan zarar hisobiga bo‘lsa ham, noqulayliklardan noroziliklar tug‘ilsa ham, hududiy yaxlitlik uzil-kesil ta'minlandi, tartib o‘rnatildi, eng muhimi O‘zbekiston sarhadlari shunchaki toptab o‘tib ketiladigan chiziqlar emasligi, albatta hisoblashish zarurligi anglab yetildi.
4. Diniy faoliyat tartiblari qat'iylashdi, nazorat kuchaydi, ko‘pchilik masjidlar berkildi.
Ha, shunday bo‘ldi.
Kichkina bolalar edik, mahallamizning o‘zida uchta masjid bor edi. Har birining ilmi mavhum o‘z imomi, o‘z jamoati, hattoki o‘z g‘oyaviy yo‘li... Ular yopilib ketganida ko‘pchilik norozi bo‘lgandi. Nahot aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan davlatda masjidlar yopilsa? Keyinchalik yirik masjidlar qurildi, kichiklari kengaytirildi, har bir diniy maskan albatta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart qilib qo‘yildi. Boshqa sohalarga nisbatan ham diniy soha ko‘proq islohotlarga uchradi, yagona tizimga birlashdi, mafkurada, ma'naviyatda muhim o‘rin tuta boshladi.
Bu jarayonlarning mohiyatini to‘g‘ri anglash lozim. Davrning eng og‘riqli nuqtasi terrorizm ekanligi sir emas. Eng achinarlisi bu illat muqaddas dinimiz bilan bog‘lab ko‘rsatilishi bo‘lmoqda. Oxirgi yillarda xorijning aksariyat telekanallari «terrorist» so‘zini «islamist» deya almashtirishgacha bordilar. Ayni shunday paytda, diniy masalani o‘z holiga tashlab qo‘yishning, ayniqsa zich yashovchi aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan, chor tarafdan radikal mafkura soya solib turgan bizday mamlakatda e'tiqod masalasiga jiddiy qaramaslikning aslo iloji yo‘q edi;
5. Iqtisodda davlat aralashuvidan voz kechilmadi va hali hanuz shunday tizim amal qilmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yillarida qo‘shnilarimiz iqtisodiy erkinlikka zo‘r berishdi, davlat mulklari xususiylashtirildi, savdo-sotiq, importga keng yo‘l ochildi. O‘shanda ularning bozorlari ma'lum muddat arzon mahsulotga to‘ldi, bizning ularga havasimiz keldi, o‘zimizni ortda qolayotganday his qildik. Ammo keyinchalik eng katta hamkorimiz bo‘lgan davlatda ham, qo‘shnilarimizda ham xususiylashtirish adolatli bo‘lmagani, davlat o‘zining aksariyat boyligini qo‘ldan chiqargani, mamlakatning tabiiy ne'matlaridan tug‘ilayotgan milliardlar bir guruh korchalonlarning cho‘ntagini to‘ldirayotgani bong urila boshlandi. Ko‘pchilik qo‘shnilarda savdo kuchaygani bilan ishlab chiqarish deyarli ado bo‘ldi. Biz esa juda qiyinchilik bilan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya boshladik va bugungi kunda ozmi-ko‘pmi natijaga erishdik. Albatta, hali Germaniya, Yaponiyaga yetishimizga ancha bor, ammo ortimizda ham anchagina davlatlar borligini, bir xil pozitsiyadan poygaga chiqib old qatorlarda borayotganimizni unutmasligimiz lozim.
6. Aholining ko‘pchilik qismi xorijga chiqib tirikchilik qilishga majbur bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz Rossiya, Qozog‘iston mehnat bozorlarini to‘ldirishdi.
Haq gap. Bunday jarayonlardan ko‘z yumish oyni etak bilan yopish kabi. Bir mushohada qilib ko‘raylik, Istiqlolga erishgan yillarimizda aholi soni qancha edi? Boringki, 20 million. Hozir-chi? Deyarli 33 million. O‘zbekiston aholisi sonining o‘sishi bo‘yicha sobiq ittifoq bo‘yicha mutlaq rekordchi hisoblanadi.
Endigina mustaqil bo‘lgan, iqtisodi hali ma'lum bir o‘zanga tushmagan, har kuni qaysidir yirik sohasi qiyinchilik girdobiga tushib qolayotgan davlat kun sayin o‘sib borayotgan aholini ish bilan ta'minlay olmasligi ayon edi. Bunday jarayondan Turkiya, Meksika kabi rivojlangan davlatlar ham o‘tishgan. Turklar Germaniyada muhojirlarining aksariyatini tashkil qilishgan bo‘lsa, meksikaliklar haligacha AQShdagi migrantlar orasida ko‘pchilikdir. Bizning ulardan farqli jihatimiz o‘zga yurtlarda ishlab yurgan yurtdoshlarimizning mutlaq aksariyati o‘z kelajagini vatani bilan bog‘laydi, topganini o‘zimizda sarflaydi, bu ishlarni vaqtinchalik deb biladi. Demak buning faqat yomon jihatini ko‘rmasligimiz kerak. Zamon, iqtisod shunga majbur qildi. Qolaversa, oxirgi yillarda muhojirlarimiz soni kamaya boshladi. Bu ham o‘z yurtimiz farzandlarini qaytara olish salohiyati ortayotganidan darak.
7. Militsionerlar, maxsus xizmat xodimlari juda ko‘payib ketdi. Har qadamimiz nazoratda bo‘layotgandek tuyilmoqda.
To‘qsoninchi yillarga qaytamiz. «Shaytanat» asari va filmidagi qaysi holat uydirma? Har bir shaharning o‘z jinoiy «egasi», har bir ko‘chaning «razborshchigi» borligi esimizdan chiqdimi? Tunda emin-erkin yura olarmidik? Necha kishi minib yurgan mashinasidan, mol-mulkidan bir lahzada ayrilib qolgani, keyin yana o‘z puliga qaytarib sotib olgani yodimizdadir. Har kuni kimningdir joniga qasd qilinayotgani, o‘g‘rilik, talonchilik avj olganini unutdikmi? Xo‘sh, mutlaq izdan chiqqan bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak edi?
Men faqat yettitagina jihatni sanab o‘tdim. Ammo yoshi ulug‘ va sinchkov hamyurtlarimiz yana ko‘plab misollarni keltirishlari mumkin.
Albatta, yuqorida ta'kidlangan baho beruvchilar bu mavzuda bahsga kirishishga tayyor ekanliklariga shubha yo‘q.
Ammo keling, andak shoshilmaylik. Aniq shakllanmagan mafkurasi, bir necha kunlik oziq-ovqat zaxirasi, to‘kilayotgan iqtisodi, millatlararo ziddiyatlar tufayli «poroxli bochka» deya ta'riflangan hududlari, o‘zini himoya qilishga holi yo‘q armiyasi, birov pisand qilmagan chegarasi bo‘lgan davlatni qabul qilib olib, shu kunlarga yetkazgan, tinchlikni asosiy yutuqqa aylantira bilgan birinchi prezidentimiz faoliyatiga davrning o‘zi baho bersin.
Abror Zohidov,
jurnalist
Mavzuga oid
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
13:30 / 02.09.2024
Foto: Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi
20:03 / 26.08.2024
Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, qurilish ishlari bilan tanishdi
22:12 / 14.02.2024