O‘zbekiston | 09:23 / 22.08.2017
16016
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Indoneziya prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi

Foto: uzdaily.uz

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari va respublika Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayev 2017 yilning 21 avgust kuni Indoneziya prezidenti Joko Vidodo bilan Jakartada uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Uzdaily.uz.

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni, xususan, qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida mustahkamlash hamda Indoneziyaning bu yo‘nalishlardagi tajribasini o‘rganishga yo‘naltirilgan.

Indoneziya OAV ma'lumotiga ko‘ra, Zoyir Mirzayev O‘zbekiston va Indoneziya qishloq xo‘jaligi hamda baliqchilik sohalaridagi hamkorlikka birinchi navbatda e'tibor qaratishiga umid bildirgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziya vazirliklari va muassasalaridagi uchrashuvlar davomida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va akvamadaniyatni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildi.

Tomonlar Indoneziya delegatsiyasi O‘zbekistonga davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun tashrif buyurishiga kelishib olishdi. Ikki mamlakat vakillarining ta'kidlashicha, tomonlar savdoni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega.

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 11 mln dollarga teng. Qayd etilishicha, bu raqam savdo, qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish hisobidan oshishi mumkin.

Mavzuga oid