Jamiyat | 19:01 / 23.08.2017
19763
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya qahramoni 2 million bolaning hayotini saqlab qoldi (fotojamlanma)

Ko‘p yillar ilgari avstraliyalik Jyeyms Harrison o‘lim bilan yuzlashgan. Ko‘krak qafasidagi operatsiya 10 soatdan ortiq vaqt davom etgan, jarrohlar uning tanasiga son-sanoqsiz choklar tushirishgan va Jyeymsga 13 litrga yaqin qon quyishgan. Yaxshiki, barchasi muvaffaqiyatli yakun topgan. O‘smir shifoxonadan chiqqanidan keyin unga yordam bergan kishilar kabi boshqa odamlarga yordam qo‘lini cho‘zish uchun  doimiy qon donori bo‘lishga ahd qilgan. Biroq u paytlar Jyeyms qanchalik qadrli donor bo‘lishini tasavvur ham qilmagan. BigPicture shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi

Harrison balog‘at yoshiga yetgach, muntazam ravishda qon va plazma topshira boshladi. Jyeymsni mahalliy shifoxonalardan biriga chaqirib, uning qonida katta miqdordagi antijismlar (organizmda antigenlar paydo bo‘lishi bilan yuzaga keladigan va ularning ta'sirini yo‘qotadigan moddalar) borligi, ular esa onasidan farqli rezus-omilga ega bolalarning omon qolishida hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanini aytishgan. 

Ma'lumki, agar onaning qoni "-" (manfiy) rezus-omil bo‘lsa-yu, bolaniki "+" (musbat) bo‘lsa va onaning qonidagi antijismlar faolroq chiqsa, organizmda turli salbiy asoratlarga (sariq kasaldan tortib to homilaning tushishigacha) olib keluvchi reaksiyalar ro‘y beradi. Jyeymsning qonida o‘ziga xos  antijismlar aniqlanib, ularning asosida immunoglobulin vaksinasi ishlab chiqarila boshladi. Avstraliyalikning qonida ularning paydo bo‘lishini shifokorlar unga yoshlikda ko‘p qon quyilgani bilan izohlashdi. 

Bir so‘z bilan aytganda, donorlik Jyeyms Harrisonning hayoti mazmuniga aylandi. Uning plazmasi shunchalik qadrli bo‘lib chiqdiki, Avstraliya hukumati Jyeymsning hayotini 1 million dollarga sug‘urtaladi. 

Hozir Jyeyms 80 yoshda. U o‘rtacha uch haftada bir marta plazma topshiradi. 2011 yilning may oyida u bu ishni minginchi marta amalga oshirgani e'tirof etilib, Ginnesning "Rekordlar kitobi"da qayd etildi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Jyeyms hali dunyo yuzini ko‘rmagan 2 million bolaning hayotini saqlab qolishga yordam bergan, shu jumladan o‘z qizining ham. 

27 dekabrda Avstraliya qahramoni 81 yoshga to‘ladi. Milliy qonunlar bunday yoshda donor bo‘lishni taqiqlaydi. Yaxshiki, hozirda shifokorlar muqobil variantlarni topishga muvaffaq bo‘lishgan, 2015 yilga qadar esa Avstraliyadagi mutlaqo barcha antirezus preparatlar Jyeyms Harrisonning plazmasidan tayyorlangan. 

Mavzuga oid